Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bu hali holva: Sanna Marin 11 nafar ayolni vazir qilmoqchi

Bu hali holva: Sanna Marin 11 nafar ayolni vazir qilmoqchi

Foto: «Reuters»

Yevropa ittifoqida raislik qilayotgan Finlyandiya o‘tgan yakshanba yangi bosh vazirli bo‘ldi — hukmron sotsial-demokratlar partiyasi kengashi transport vaziri, 34 yoshli Sanna Marin nomzodiga ishonch bildirdi. 10-dekabr kuni parlamentda ham ko‘pchilik Marinni yoqlab ovoz berdi.

Sanna Marin lavozimida atigi olti oy turgan, pochtachilar ish tashlashi oqibatida iste’foga chiqqan Antti Rinnening o‘rnini egallaydi. Jahon hamjamiyati e’tiborini birinchi galda tortgan jihat esa fin hukumati tepasiga jahonda ishlab turgan barcha hamkasblaridan yosh insonning kelishi bo‘ldi.

Sobiq bosh vazir Antti Rinne. Foto: «Yle»

Shu choqqacha rekord 39 yoshli yangi zelandiyalik Jasinda Ardernni ortda qoldirgan ukrainalik Aleksey Goncharukka tegishli edi. Ayol boshi bilan katta siyosat ostonasi hatlab o‘tgan yosh Marinni bu jihatlar zig‘ircha tashvishga solayotgani yo‘q, uning uchun siyosat yo‘liga qadamga tashlashga undagan omillar, saylovchilar ishonchi muhimroq.

Sanna Marinni media olami «Instagram avlodi» deya ta’riflaydi — ijtimoiy tarmoqlarda faol, hatto shaxsiy, oilaviy sirlarigacha qolmagan...

Turmush o‘rtog‘i Markus Ryaykkyonen va qizalog‘i bilan. Foto: «Instagram»

«Yuqori sinflarda o‘qib yurganimda, siyosat ichida yurgan odamlar mutlaqo boshqacha, ularning kelib chiqishi o‘zgacha degan fikrda yurardim. O‘shanda vaqti kelib o‘zim ham bu jarayonga qo‘shilishim hatto hayolimga ham kelmagan», — deydi Sanna Marin.

Sanna otasining kimligini bilmaydi. Onasi yolg‘iz katta qilgan. O‘smirligida novvoyxonada ishlagan Sanna keyin esa Tamperedagi universitetga o‘qishga kirdi. Boshqaruv fanlari magistri darajasini 2017-yili — siyosiy karerasi jadal yurishib ketgan bir paytda oldi.

Shahar kengashi deputatligidan — bosh vazirlikkacha

Sanna Marinni siyosat olami «quchoq ochib kutib olgan» desangiz, adashasiz: 2008-yili Finlyandiyadagi uchinchi katta shahar — Tamperedagi munitsipal saylovlarda birinchi marta qatnashganida omadi chopmagan. Balki 23 yoshdaligi uchun qo‘lidan bir ish kelishiga birov ishonmagandir... Oradan to‘rt yil o‘tdi, yana Tampere. Bu safar Marin deputat bo‘lishdan tashqari, oradan bir yil o‘tib, shahar kengashi boshqaruvini ham o‘z qo‘liga oldi. 2017-yilgacha tamperelik deputatlar faoliyatini boshqargan Marinni keyin yana saylashdi.

Shuning barobarida uning partiyadagi ishlari ham yurishib ketdi. Bo‘lg‘usi bosh vazir siyosiy maydonga kirib kelishidayoq taqdirini sotsial-demokratlar bilan bog‘lagandi. Partiya yoshlar qanotidan faoliyatini boshlagan Marin 2019-yil boshiga kelib partiya raisi Antti Rinne o‘rinbosarligigacha ko‘tarildi. Rinne hukumatida Maringa transport vazirligi tegdi. Va nihoyat, Antti Rinne 8-dekabr kuni iste’fo berganidan keyin, sotsial-demokratlar partiyasi ozgina ovoz farqi bilan Sanna Marin nomzodini bosh vazirlikka tavsiya etdi.

Evtanaziya tarafdori NATOga qarshi

Garchi o‘zi ham shu partiyadan chiqqan bo‘lishiga qaramay, Sanna Marin sotsial-demokratlarni ko‘p tanqid qilgan. Masalan, uning fikricha, XXI-asrda sotsial-demokratlar odamlarning daromadlari, umuman, ularning o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish uchun yetarlicha kuch sarflamagan.

2015-yilgi parlament kampaniyasida bo‘lg‘usi bosh vazir yadro energetikasini rivojlantirish hamda NATOga a’zo bo‘lishga qarshi chiqqandi. Shimoliy Atlantika alyansi masalasi tushunarli — Finlyandiyada NATOga a’zolik masalasini an’anaviy ravishda aholining oz sonli qismi qo‘llab keladi. Sanna Marin ijtimoiy ta’minot sifatli va hammabop bo‘lishi, xalqi salomatligini yaxshilash tarafdori, evtanaziya (bemorlarni, ularning roziligi va vrachlar bilan kelishgan holda, tuzalmas kasalliklar azoblaridan forig‘ qilish maqsadida in’yeksiya vositasida o‘ldirish)ga qarshimas.

Ilgarigi o‘ng-markazchilar hukumati qo‘llagan qattiq iqtisodiyot choralariga barham berishga va’da bergan sotsial-demokratlar 2019-yil aprelidagi saylovlarda millatchilar — «Haqiqiy finlar» partiyasi ustidan ozgina tafovut bilan g‘alaba qozonishadi.

Antti Rinne iste’fosidan so‘ng ham besh siyosiy partiyadan iborat koalitsiya boshlangan ishlarni (ijtimoiy ta’minot va infratuzilma uchun xarajatlarni sezilarli oshirish, Finlyandiyani 2035-yilgacha ugleroddan xoli mamlakatga aylantirish kabi loyihalar) birgalikda davom ettirishga kelishib oldi.

Sanna Marin — Finlyandiya tarixida bosh vazir bo‘lgan uchinchi ayol. Ammo koalitsiyaga birlashgan barcha partiyalarning rahbarlari ham ayollar! Bunaqasi birinchi marta kuzatilishi. Buning ustiga o‘sha besh nafar siyosatchining to‘rt nafari 35 yoshga ham to‘lmagan: Li Anderson (So‘l alyans) — 32 yosh; Mariya Oxisalo (Yashillar ligasi) 34 da; Katri Kulmuni (Markaz partiyasi) — 32 yosh; bular orasida eng yoshi ulug‘i Finlyandiya shved xalq partiyasi yetakchisi Anna-Mayya Xenriksson — 55 yoshda.

Bu hali holva...

Sanna Marin taqdim etgan bo‘lg‘usi vazirlar ro‘yxatiga qaraydigan bo‘lsak, 18 ta vazirdan 11 tasi ayollar bo‘lishi ehtimoli katta. Finlyandiya sobiq bosh vaziri Aleksandr Stubb «ayollar koalitsiyasi»ga ijobiy munosabat bildirdi: «Bu shundan dalolatki, Finlyandiya — zamonaviy va ilg‘or davlat. Mening partiyam hukumatga kirgan emas, biroq beshta koalitsion partiyaning yetakchilari ayollar ekanligidan mamnunman».

Sanni Marinning «Ayollar hukumati» mana shu binoda ishlaydi. Foto: «Wikipedia»

Voqealarning hozirgi rivojiga nazar solsak, sotsial-demokratlar boshchiligidagi besh siyosiy partiyadan iborat koalitsiya Finlyandiya parlamentidagi 200 tadan 117 o‘rinni band etgan.

Yaqin kunlarda deputatlar Sanna Marin nomzodi hamda uning hukumatiga a’zolarni tasdiqlashi kutilyapti, shundan so‘ng u mamlakati hukumati nomidan keyingi hafta oxirida Yevropa ittifoqi sammitida qatnashadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring