Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli imom terakt qurboni bo‘ldi – uning mashinasiga bomba o‘rnatilgan ekan

Taniqli imom terakt qurboni bo‘ldi – uning mashinasiga bomba o‘rnatilgan ekan

Shayx al-Afyuniy Suriyada fuqarolar urushi ayni avjiga chiqqan 2013 yilda Damashq muftiysi etib tayinlangan edi.

Foto: “SANA”

Suriyadagi taniqli ulamolardan biri, Damashq muzofoti muftiysi – shayx Muhammad Adnan al-Afyuniy terakt oqibatida halok bo‘ldi.

Suriya davlat axborot agentligi (SANA) xabariga ko‘ra, 66 yoshli imomning mashinasiga noma’lum shaxslar tomonidan bomba o‘rnatilgan. Bomba Damashq yaqinidagi Qudsiya qasabasida portlagan.

Mamlakat vaqf vazirligi vakili marhum imomni “o‘z vatanini himoya qilgan shahid” deb atagan.

Xabarlarga ko‘ra, shayx al-Afyuniy diniy ekstremizmga qarshi murosasiz kurashib kelgan. Suriya vaqf vazirligi huzuridagi ilmiy kengashi a’zosi bo‘lgan ulamo, ayni choqda, “Al-Shom” ekstremizmga qarshi kurash xalqaro islom markaziga rahbarlik qilgan.

Shayx al-Afyuniy Suriyada fuqarolar urushi ayni avjiga chiqqan 2013-yilda Damashq muzofoti muftiysi etib tayinlangan. Suriya inson huquqlari markaziga ko‘ra, taniqli ulamo mamlakatdagi turli siyosiy-diniy guruhlar o‘rtasida murosai madoraga erishish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan edi. Xususan, u 2016-yili Darayya shahrida qo‘zg‘olonchilar hamda hukumat kuchlari o‘rtasida sulh tuzilishida vositachilik qilgan.

Shom o‘lkasida 2011-yildan buyon davom etayotgan fuqarolik urushida, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 384 ming nafardan 577 ming nafarga qadar aholi qurbon bo‘ldi. Boshboshdoqlik hukm surayotgan mamlakatdagi turli qurolli guruhlar taniqli diniy ulamolar joniga ham bot-bot qasd qilmoqda.

2013-yil 21-mart kuni nafaqat Suriya, balki butun islom olamidagi taniqli imom – shayx Muhammad Said Ramazon al-Butiy ham shahid etilgan edi. Xudkush terrorchi tomonidan “Al-Imon” masjidida amalga oshirilgan portlash oqibatida shayx Butiy bilan birga 49 kishi halok bo‘lgan.

Sunniy mazhabining peshqadam olimlaridan bo‘lgan shayx Muhammad Said Ramazon al-Butiy davlat hokimiyatini qurol va zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishni qoralab, muloqotga da’vat etib kelgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring