Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Yana «Olot voqeasi» haqida: kechirimlilik — fazilat, da’vo qilmoq illat ham emas!

Yana «Olot voqeasi» haqida: kechirimlilik — fazilat, da’vo qilmoq illat ham emas!

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro viloyati Olot tumani hokimi Sherali Salomov shu tumandagi «Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovni ko‘pchilik oldida do‘pposlab, huquqlarini toptab, hisob raqamidan 25 million so‘mni boshqa xo‘jalik sub’yekti hisobiga o‘tkazishga majburlaydi...

«Xabar.uz» muxbiri ushbu holat yuzasidan jurnalist surishtiruvi o‘tkazdi va ...barcha faktlar tasdig‘ini topdi! Haqiqatan ham hokim fermerni 200 kishining oldida urgan. Melisa yuborib, uyidan muhrini oldirib kelib, hisobidan 25.000.000 so‘mni yechdirib olgan. O‘ziga e’tiroz bildirgan 73 yoshli boshqa fermerni melisaga aytib, majlisdan chiqarib yuborgan. Mazasi qochgan fermerga yordam berish o‘rniga xo‘roz uch marta qichqirguncha hokimlikda ushlab o‘tirgan. Kaltaklangan fermerni o‘g‘li yarim tundan keyin kasalxonaga olib borgan va hokazo... Ushbu og‘riqli voqeaning yana ikkita nuqtasini takror takrorlashga ehtiyoj bor:

  1. «Men voqea joyiga kelib qoldim. Ularni ajratdim. Ayni paytda ish prokuraturaga oshirilgan. Tergov jarayonlarida har bir masala oydinlashadi. Biroq, hech kim birovning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ziyon yetkazishga haqi yo‘q», degan Olot tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Ondayev.
  2. «Fermerlar bilan bo‘lgan aksariyat majlislarda tuman hokimi, albatta, qaysidir fermerni uradi, do‘pposlaydi. Biz «g‘ing» desak, yeringni olaman, deydi. «Nonim yarim bo‘lmasin», deb ko‘pchilik fermerlar qo‘rqishadi. Olot tumanidan adolat izlash foydasiz», degan 73 yoshli fermer Bektemir Qorayev.

…Voqelik katta shou-shuvga sabab bo‘lgach, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev Olot tumani faollari bilan uchrashdi. Holat muhokama qilinib, kattayu kichikka tanbeh-dashnom beriladi hamda... tuman hokimi va fermerni  yarashtirib qo‘ydi. «Orif Durmatov bilan shaxsan gaplashdim. Mehnatkash, halol, mard, tanti, g‘ururli yigit ekan. Hokim bilan yuz bergan holatni to‘g‘ri tushunib, mardlarcha o‘zini tutdi. Buxoroda adolatsizlik siyosati bo‘lmaydi», — deydi pirovardida  viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev.

Albatta, kechirimlilik yaxshi fazilat. Illo da’vo qilmoq illat hisoblanmaydi. Tuman hokimiga nisbatan fermer da’vo qiladimi yoki kechiradimi — bu uning huquqi, bu yog‘i o‘ziga tan (katta ehtimolki da’vo qilmaydi, hokimning bag‘riga bosib tushgan suratlar shundan dalolat berayotgandek). Biroq ayni shu voqelik va uning yakuni to‘g‘risidagi xabarlarni o‘qib, mening ko‘nglimda qator savollar tug‘ildi-da.

Avvaliga Olot tumani hokimiga yuzlangim keldi:

– Hokim janoblari, Olot tumani aholisi, fermerlari siz uchun quldaymi go‘yo?

– «Manfaatim yo‘lida urmadim», debsiz? Xo‘p, bu gapingizga ishondik, deylik. Nima, o‘zgalarning manfaati sizga zo‘ravonlik qilish huquqini beradimi?

– «Men bir narsaga ishonaman, kelgusida ushbu fermer xo‘jalik rahbari bilan boshqalar qatori yana hamjihatlikda, kelishib, ishlab keta olamiz», deyishingiz lavozimingizni saqlab qolishdan tashqari javobgarlikdan ham qutulib qolishga ishorami?

– Fermerning 25.000.000 so‘mi qaytarib berildimi?

Olot tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Ondayevga:

– Tuman hokimi sizning bevosita rahbaringizmi?

– Nega bir FUQAROni urib, og‘iz-burnini qonga belagan ikkinchi FUQAROning qo‘liga kishan urishning o‘rniga, ularni ajratish bilan cheklandingiz? Vazifangiz boshqacharoq emasmi? Sizni shunday urishsa-yu, ajratib qo‘yishsa, nima qilardingiz?

– Hokim fermerni emas, fermer hokimni qoniga botirib urganda-chi? O‘shandayam tomonlarni ajratib qo‘yish bilan cheklanarmidingiz?

– Nega hokim «chiqarib tashla» degan fermerlarni chiqarib tashlagan xodimingiz haqida gapirmaysiz?

– «Hech kim birovning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ziyon yetkazishga haqi yo‘q» debsiz, bu majburiyat oddiy xalqqa tegishli bo‘lib, rahbarlar istisnomi?

Buxoro viloyati hokimiga:

– Hokim fermerni emas, fermer hokimni boplab do‘pposlaganda ham ularni yarashtirib qo‘yarmidingiz?

–  «Fermer halol, mard, tanti, g‘ururli yigit ekan. Hokim bilan yuz bergan holatni to‘g‘ri tushunib, mardlarcha o‘zini tutdi», debsiz. Uning shu mardligi, chizgan chizig‘ingizdan chiqmagani sizga yoqqan bo‘lsa, ehtimol? «Yo‘q, qonun bo‘yicha chora ko‘rilsin, men ham odamman», deganida u nomard, notanti, g‘urursiz bo‘larmidi?

– «Olot tumanidan adolat izlash foydasiz», degan va bu so‘zlari OAVga chiqib ketgan 73 yoshli fermerning taqdiri nima bo‘ladi? Ungayam bir adolatingizni ko‘rsatib qo‘yasizmi yoki Olot hokimining o‘zi ko‘rsatib qo‘ya qoladimi? O‘sha fermerning gapi tuman hokimining aslida qanday rahbar ekanini ko‘rsatmayaptimi? Nima, bitta fermerning uzri tuman hokimidan jabr ko‘rgani ehtimoli katta bo‘lgan boshqa fermerlar uchun ham «hisobga o‘taveradimi»?

Shu o‘rinda Bosh prokuraturaga ham savollar serob-u bittasini aytish bilan cheklanaman: «Ushbu holatning huquqiy  yechimi  qanday? Xalq kutyapti, axir?!»

Provardida ta’kidlagim keldi: hammasi «yarash-yarash» bilan tugayotganiga qaramay, «da’vo qil, huquqing bor, ko‘rsatib qo‘y hokimga!» deya fermerni gij-gijlash emas maqsad. Takror aytamiz – bu fermerning huquqi! Ayrim rahbar shaxslarning zo‘ravonligi, og‘zi polvonligi birinchi bor uchrayotgani yo‘q. Bu narsa illat tusini olib ulgurganki, bunga keskin chora ko‘rish payti allaqchon yetgan. Bitta uzr bilan qutulib ketish esa yana shu kabi holatlar takrorlanmasligiga kafolat emas. Gap shun-da!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring