Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalari budjetga majburiy qaytariladi

Samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalari budjetga majburiy qaytariladi

Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilingani haqida xabar bergan edik. Qarorda imtiyozlarni joriy etishdagi muammolar tilga olingan.

Shuningdek, bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, faol tadbirkorlik rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, insofli raqobat prinsiplari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish doirasida:

  • sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash uchun individual soliq va bojxona imtiyozlari berish amaliyotini maksimal darajada cheklash, imtiyozlar va preferensiyalar berish, ularning iqtisodiy jihatdan asosliligi hamda samaradorligini baholash tizimini, shuningdek, ulardan foydalanishni monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish;
  • soliq va bojxona imtiyozlarini faqat aniq maqsadda berish tartibini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ularni qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish, samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini budjetga majburiy qaytarish mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

  • soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (keyingi o‘rinlarda imtiyozlar deb yuritiladi) qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta’minlashi zarur;
  • vaqtinchalik imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
  • individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo‘lganda yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan beriladi;
  • imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlanadi;
  • bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlari va ularga tuzatishlar, imtiyozlar berish to‘g‘risida qonun yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjati mavjud bo‘lgan taqdirdagina, imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi, shuningdek, ularning kompleks ekspertizasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi "Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga kiritiladi;
  • bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatining kompleks ekspertizasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi "Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasining ijobiy xulosasi olingan taqdirda, tashkilot ro‘yxatda ko‘rsatilgan tovarlarni belgilangan tartibda import qilish huquqiga ega;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi berilgan imtiyozlarni muddatidan oldin tugatish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga asoslantirilgan takliflar kiritish huquqiga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring