Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda yashirin valyuta bozoridan rasmiy valyuta bozoriga o‘tish kuzatildi

O‘zbekistonda yashirin valyuta bozoridan rasmiy valyuta bozoriga o‘tish kuzatildi

Markaziy bank 2018-yilda ichki valyuta bozori to‘g‘risida ma’lumot berdi. 2018-yilda ichki valyuta bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan xorijiy valyutani sotib olish va sotish operatsiyalari hajmi, shuningdek valyuta bozorida ishtirokchilar soni oshganligi kuzatildi. Shu bilan birga, hisobot yili davomida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning yashirin valyuta bozoridan rasmiy valyuta bozoriga o‘tishini o‘zida aks etdi.

Xorijiy valyutaga bo‘lgan talab

2018-yilda yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan jami valyuta hajmi 10,4 mlrd. dollarni tashkil etgan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 1,5 barobar oshdi.

Shu bilan birga, 2018-yil mobaynida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar soni 2,3 marotabaga oshgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich yanvar oyida 2,2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, yil yakuni bo‘yicha ularning soni 5,1 mingtaga yetdi.

Xorijiy valyutaning taklifi

2018-yil mobaynida xorijiy valyuta taklifining asosiy manbalari bo‘lib xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning eksportidan tushgan mablag‘lar hamda xorijiy davlatlardan kelib tushgan pul o‘tkazmalari hisoblanadi.

Eksportdan kelib tushgan valyuta mablag‘larining banklarga sotilgan hajmi 2 baravar ko‘payib, 4,1 mlrd. dollarni tashkil etdi (2017 yilda 2,1 mlrd. dollar). Natijada, eksportdan kelib tushgan mablag‘larning banklarga sotilgan hajmi 31% dan 61% ga ko‘paydi.

2018-yilda aholi tomonidan tijorat banklariga 2,7 mlrd. dollar sotilgan bo‘lib, o‘z navbatida ushbu mablag‘lardan 969 mln.dollar banklar tomonidan aholiga sotilgan, qolgan 1,7 mlrd. dollari yuridik shaxslarning ehtiyojini qondirish uchun sarflandi.

2018-yil yakuniga kelib sof oltin-valyuta zahiralarining hajmi 26,4 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Kurs siyosati

2018-yilda Markaziy bankning kurs siyosati ichki valyuta bozoridagi talab va taklifning o‘zaro nisbati asosida shakllanib, valyuta bozorida taklif oshib talab pasaygan davrda almashuv kursining mustahkamlanishi va, aksincha, talab oshib taklif pasaygan hollarda uning pasayishi kuzatildi.

2018-yil mobaynida milliy valyuta kursi xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif shakllanishiga ta’sir etuvchi mavsumiy omillar asosida o‘zgarib keldi.

Natijada, 2018-yil oxiriga kelib milliy valyutaning almashuv kursi yil boshiga nisbatan 2,7 foizga (8 120 so‘mdan 8 339 so‘mgacha) pasayib, yil mobaynida kursning minimal va maksimal miqdori o‘rtasida o‘zgarishi 7,3 foizni (avgust oyida – 7 781 so‘m, dekabr oyida – 8 348 so‘m) tashkil etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring