Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxorodagi masjidlardan biridan noyob qayroqtosh topildi

Buxorodagi masjidlardan biridan noyob qayroqtosh topildi

Foto:«Xabar.uz»

Buxoroda qarovsiz holga kelib qolgan masjidlardan birida ta’mirlash ishlari olib borilayotganda arab yozuvi bitilgan qayroqtosh topildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston tarixchilari jamiyati Buxoro viloyati bo‘limi raisi Azalshoh Hamroyev ma’lum qildi.

Buxoroning qadimiy guzarlaridan birida joylashgan, poydevor qismi XIV- XV asrlarga, ustki qismi esa XIX asrda tiklangan «Mulla Payraviy» masjidi (ayrim manbalarda chillaxona yoki kutubxona, deb yuritilgan) uzoq yillardan buyon e’tiborsizlik natijasida qarovsiz holga kelib qolgan edi. Buxoro viloyat Madaniy meros boshqarmasi tomonidan masjidda obodonlashtirish ishlari boshlangan.  Tadqiqotlarga ko‘ra, masjidning poydevori ham izlanishlar jarayonida topilgan.

Obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan vaqtda viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari 13x48 santimetr bo‘lgan va sirtiga arab yozuvi bitilgan qayroqtosh topishgan. Topilma boshqarmaning restavratsiya va konservatoriya laboratoriyasiga yuborilgan  hamda u boshqarma restavratori Dilmurod Xolov tomonidan tozalanib, ekspertiza qilingan. Tosh yuzasiga o‘yib yozilgan harflar ko‘ringach, topilma tekshirish uchun Toshkent Sharqshunoslik institutiga yuborilgan.

- Mutaxassis ekspertlar tomonidan o‘rganilganda qayroqtoshda eski arab yozuvida «nasx» xatiga mansub bitik borligi aniqlandi. Unda «Al-faqix Ahmad Ammor al-Ansori, Allohning rahmatidan qo‘rquvchi, unga qaytuvchi, hijriy 563 yilning rajab oyi/milodiy 1168-yilning may oyida olamdan o‘tdi» degan bitik tushirilgan ekan. Ayni paytda Faqix Ahmad Ammor al-Ansoriy shaxsi haqidagi to‘liq ma’lumotlarni o‘rganmoqdamiz. Qator tarixiy kitoblarga, turli manbaalarga murojaat qildik. Izlanishlarimiz samarasizx ketmadi. Mazkur matn bosma matbuotda O.A.Suxareva tomonidan «Kvartalnaya obщina pozdnefeodalnogo goroda Buxari» (M:1976,220 str.) hamda «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: Buxoro» (T:2016,378 bet.) kitoblarida tadqiq etilgan ekan. E’tiborlisi, bunday noodatiy topilma Buxoro maqbaralarida qayroq ishlatilgan birdan-bir holat bo‘lib, XI-XIV asrlarda qayroq, asosan, Samarqand, Farg‘ona vodiysida va qisman Toshkent atroflarida  qabr tosh sifatida ishlatilgani ma’lum bo‘ldi,-dedi Azalshoh Hamroyev suhbatda.

Ayni paytda Mulla Payraviy hamda uning nomidagi ko‘hna yodgorlik – masjid to‘g‘risidagi tarixiy manbalar o‘rganilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Mulla Payraviy hazratlari haqida faqatgina «Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi» hamda Sadriddin Salim Buxoriyning «Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari» kitoblarida juda qisqa ma’lumot keltirilgan. U XIV asrlarda yashagan so‘fiylardan bo‘lgan. Fiqh ilmi bilan shug‘ullangan va mashhur shayx sifatida tilga olingan.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring