Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘n yilga ijaraga berilgan yerni sotayotgan rahbar qo‘lga olindi

O‘n yilga ijaraga berilgan yerni sotayotgan rahbar qo‘lga olindi

Foto: Xabar.uz

Buxoroda mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Romitan tuman hokimligi tomonidan intensiv bog‘ tashkil qilish maqsadida 10 yil muddatga ijaraga berilgan yerini sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga huquq-tartibot idorasi mas’ul vakili ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro shahrida tug‘ilgan 58 yoshli fuqaro Sh.J. intensiv bog‘ tashkil qilish va’dasi bilan Romitan tuman hokimligi tomonidan 10 yil muddatga 35.0 gektar yer maydonini ijaraga olgan. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, avvaldan o‘ziga tanish bo‘lgan fuqaro U.T.ga o‘zining vakolatli tanishlari orqali ijaradagi ushbu yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. Buning evaziga U.T.dan 34.500 AQSh dollari talab qilgan. O‘z-o‘zidan fuqaro U.T. shuncha miqdordagi pul sarflayotgani bois, MChJ rahbari Sh.J.ning xatti-harakatlari nechog‘li qonuniyligi bilan qiziqqan. Biroq, hujjatlarga ko‘ra, Sh.J.ning intensiv bog‘ tashkil qilish maqsadida 10 yil muddatga ijaraga olgan yer maydonini sotish huquqiga ega bo‘lmagani ayon bo‘lgan.

U.T.ning huquq-tartibot organlariga murojaati yuzasidan tezkor tadbir tashkil etilgan.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari, DXX  viloyat boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tezkor tadbir davomida mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbarining o‘zboshimcha va noqonuniy xatti-harakatlari oshkor bo‘lgan. Sh.J. o‘z nomiga o‘n yil muddatga berilgan yer maydonini sotish evaziga 30.000 AQSh dollari hamda 20 000 000 so‘m miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring