Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri yurtimizga keldi

Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri yurtimizga keldi

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati

27 oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov kutib oldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Tashrifdan maqsad O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbarlari bilan «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazishdan iborat. Shuningdek, XXR madaniyat va turizm vaziri «Xitoy madaniyati kunlari» doirasidagi gala-konsertda ishtirok etib, Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi turizm maskanlariga tashrif buyuradi.

Ma’lumot uchun, «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusining 10 yilligi munosabati bilan 28-oktyabr kuni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida «O‘zbekiston va Xitoy tabiat durdonalari» O‘zbekiston-Xitoy madaniy almashinuv ko‘rgazmasi ochiladi.

Shuningdek, tashrif doirasida Xu Xepin BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik keyingi yillarda barcha sohalarda sezilarli darajada faollashgan. Xususan, Xitoydan O‘zbekistonga charter reyslari yo‘lga qo‘yildi, O‘zbekiston nufuzini Xitoy ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi, qo‘shma tadbirlar o‘tkazildi va muhim hujjatlar hamda memorandumlar imzolandi. 

Turizm sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishi natijasida 2023-yilning 8 oyi davomida O‘zbekistonga Xitoydan 21 mingdan ortiq sayyoh kelgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring