Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Arab bahori»ning qonli shamoli: navbat Sudangami?

«Arab bahori»ning qonli shamoli: navbat Sudangami?

Foto: AP

Kuni kecha ishchi tashrif bilan Misrga kelgan Sudan prezidenti Umar Bashir uning mamlakatiga ham «arab bahori»ni olib kelishga urinilayotganini ta’kidladi. 

Sudanda o‘tgan yilning 19-dekabrdan beri norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Non narxining oshishi, umuman, qimmatchilik sabab boshlangan namoyishlarda o‘nlab fuqarolar halok bo‘ldi, yuzlab kishilar yaralandi. Ko‘chalarni to‘ldirgan norozilar iqtisodiy ahvolni o‘nglash, hukumatning iste’fosi va mamlakatda demokratik islohotlar o‘tkazilishini talab qilishmoqda. Hukumat bu hodisalarda tashqi kuchlar, xususan, Isroilning qo‘li borligini aytmoqda.

1989 yildagi harbiy to‘ntarish ortidan davlat tepasiga kelgan Umar Bashir hamon Sudanni boshqarib kelmoqda. O‘tgan vaqt davomida mamlakat juda katta qiyinchiliklar va qirg‘inlarni boshidan o‘tkazdi. Masalan, 2003-yilning fevralida Darfur mintaqasida arablar va qora tanlilar o‘rtasida boshlangan nizoda, turli ma’lumotlarga qaraganda, 300-400 ming kishi halok bo‘ldi, 2 millionga yaqin aholi jon saqlash uchun muhojirga aylandi. 2008-yilning 21-iyulida Xalqaro jinoyat sudi Darfurda genotsid uyushtirish ayblovi bilan Umar Bashirni hibsga olishga order beradi. Ta’kidlash shart, shu paytgacha amaldagi davlat rahbariga nisbatan xalqaro doirada bunday huquqiy chora ko‘rilmagan edi.

Bundan tashqari, Bashirning boshqaruvi paytida Sudan ikkiga bo‘linib ketdi: anchadan beri mustaqillikka intilib kelayotgan, aksar aholisi nasroniylardan iborat va neftga boy janub niyatiga erishdi: 2011-yilning 9-iyulida Janubiy Sudan Respublikasi tuzildi. Ammo ikki o‘rtada chegara nizosi qurolli to‘qnashuvlarga aylandi. Qisqasi, Janubiy Sudan mustaqillikka erishganidan beri halovat topgani yo‘q: 2017-yilda bu mintaqada ocharchilik boshlandi.

Ta’kidlash joizki, yigirma yil davomida xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan Sudanda iqtisodiy ahvol havas qiladigan darajada emas. AQSh 1997-yildayoq «inson huquqlarini buzayotgani va terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun» Sudanga nisbatan iqtisodiy sansiyalar joriy etgan. Bu cheklovlar savdo embargosidan tashqari Sudan hukumatining AQSh hududidagi aktivlarini muzlatishni ko‘zda tutgan edi. 2006-yilda Sudan rahbariyatini Darfur fojiasiga aloqadorlikda ayblagan Vashington sanksiyalarni kengaytirishga qaror qildi. Sanksiyalar 2017-yilning dekabriga kelibgina yumshatildi.

Xullas, Sudan rahbariyati iqtisodiyotni sanksiyalar sharoitida rivojlantirish bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri keldi. Ammo ayrim mutaxassislar fikriga ko‘ra, hukumat iqtisodiyotning ayrim sektorlari, xususan, qishloq xo‘jaligiga yetarlicha e’tibor qaratmadi. Holbuki, mamlakatda qishloq xo‘jaligi uchun katta imkoniyatlar mavjud.

Prezident Umar Bashirning aytishicha, sanksiyalar boshlanganidan keyin Sudan iqtisodiy tang ahvolga tushib qolgan. «Buni bir kunda yoki bir kechada hal etib bo‘lmaydi, biroq biz hozirgi murakkab vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilamiz», – dedi u. Ya’niki, davlat rahbari sabr qilish kerakligini aytmoqda. Ammo sudanliklarning bunga toqati yetarmikan?..

Ubaydulloh Adhamov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring