Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudandagi qurolli to‘qnashuvlar ortidan o‘zbekistonliklar ham evakuatsiya qilindi

Sudandagi qurolli to‘qnashuvlar ortidan o‘zbekistonliklar ham evakuatsiya qilindi

Sudanda mamlakat qurolli kuchlar rahbari va mamlakatning amaldagi prezidenti general Abdul Fattoh al-Burxon va uning o‘rinbosari va Tezkor harakat kuchlari qo‘mondoni, general Mohamed Hamdan Dagaloning o‘zaro kelishmovchiligi ortidan 15-aprelda yangi bosqichga ko‘tarilgan mojaro kamida 459 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 4000 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Qurolli to‘qnashuvlar sabab mamlakatdagi chet el fuqarolari muntazam turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilinmoqda.

Jumladan, joriy yil 26-aprel kuni Saudiya Arabistoni yordami bilan Sudandan bir nechta mamlakat fuqarolari evakuatsiya qilingan. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Saudi Press Agency (SPA)ning ma’lum qilishicha, o‘sha kuni Saudiya Arabistonining besh fuqarosi va yana to‘qqiz davlatdan 198 nafar, jami 203 nafar fuqaro Sudandan evakuatsiya qilingan.

Evakuatsiya qilinganlar orasida o‘zbekistonliklardan tashqari Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Yaman, Singapur, Kambodja, Malayziya va Pokiston fuqarolari ham bor. Qirollik evakuatsiya qilingan fuqarolarning o‘z mamlakatlariga jo‘nab ketishlari uchun barcha zaruriy choralarni ko‘radi.

Agentlikka ko‘ra, evakuatsiya boshlanganidan beri Sudandan olib o‘tilganlarning umumiy soni taxminan 2 351 kishiga yetdi. Ularning 119 nafari Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lsa, qolgan 2 232 nafari 67 ta davlat fuqarolari hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil oktyabrdagi davlat to‘ntarishidan beri Sudan generallar kengashi tomonidan boshqarib kelinayotgan mamlakatda ayni paytda qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

General Abdul Fattoh al-Burxon va general Dagalo mamlakatning qaysi yo‘nalishda ketayotgani va fuqarolik boshqaruviga o‘tish taklifi bo‘yicha hamda Tezkor harakat kuchlarini (taxminan 100 ming kishi) muntazam armiya tarkibiga kiritish rejasi va undan keyin armiyani kim boshqarishi masalasida kelisha olmayapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring