Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kulol do‘koniga kirdim bir safar...

Kulol do‘koniga kirdim bir safar...

Sopol kosada qatiqlab, rayhonlab moshxo‘rda ichishni yaxshi ko‘raman. Atay Rishtondan sopol kosa olganman. Aniqrog‘i sovg‘a qilishgan.

Rishtonda qahramon izlab kulollar bilan tanishaman. Axiri kamtargina xonadonga kiraman. Bo‘ldi, shu hovli kerak edi, menga!

Uch o‘g‘li bilan G‘anijon aka Eliboyev peshvoz chiqadi. Mana, qahramonimiz aynan shu usta! Xuddi buyurtma qilgandek hammasi. Hatto ustazodalar ham. Shukrki, menga ham o‘zimning kasbimdan yuqtirgan tomonlari bor. Filmmi, ko‘rsatuvmi, rolikmi, maqolami tayyorlasam, niyat qilganimdek, kerakli insonlarning xuddi o‘zlari chiqib keladi. Qayerda, qachon bo‘lmasin! Obrazi, qiyofasi, kiyinishi, ovozi, nimani gapirishi... tovba... uy-joyi, jihozi hattoki bolalari ham! Chunki kasbim ham meni rosa sevadi, o‘ylashimcha! «Tuf-tuf! Yomon ko‘zdan asrasin», deb qo‘yaman o‘zimcha.

Shunday qilib, tasvirchi bilan rakurs tanlab, chiroqlar o‘rnatilib, kamera tayyorlana boshlaydi. Negadir hunarmandlarga gap o‘rgatishning zarurati yo‘q. Ko‘plari gapga usta. Ular so‘zlarni, tuyg‘ularni tuproq, loydanoq o‘rganib bo‘lgan bo‘ladi. Kulolni loy gapirtiradi. Kulol esa loyni.

Shunday tayyorgarlik vaqti ustaxonaning taxta tokchasida men anchadan beri istagan sopol kosalarni ko‘rib qoldim! Rangi eng oddiy, ibtidoiy qizg‘ish loyrang. Ko‘nglimdagidek – bo‘yalmagan. Shakli juda takomil – qo‘llarimga shunday loyiq-ki, ustasi xuddi men uchun yasagan! Shundoqqina ishchi tokchaga, duch kelgan joyga qo‘yib qo‘yilgan, 2-3 dona xolos. E’tiborimni sezib, G‘anijon aka kosalarni olib, g‘uborini puflab, tuproq gardini artadi. Ikkitasini bir-biriga zarb bilan uradi! «Jarraaang!!!»

Ishoning, xitoyi chinnidan ham bunday tiniq tovush chiqmasa kerak!

Kulolchilikdan qancha daromad topishi haqidagi savol beraman va gap orasida:

«Masalan, mana shunaqa kosalaringizni qanchadan sotasizlar, xorijliklarga necha pul?», deyman.

– «Ha, bular eng oddiy kosalar, qoldiq... 6 ming so‘mdan ketgan edi-yov», deydi soddagina G‘anijon aka.

– Juft qolganmikan, shu kosalaringizni men olay, deyman.

G‘anijon aka va kichik o‘g‘li u yoq, bu yoqni qarab yerlarga qo‘yib tashlangan pishgan, pishmagan idishlar orasidan yana bitta kosani topadi.

«Ana, to‘rtta bo‘ldi, yetadi», – deyman.

«Bundan yaxshilari bor, buni qo‘yavering», – deydi ustazodalar.

«Menga shu yaxshi», deyman.

Kamera, boshladik!
G‘anijon aka tuproqdek kamtar hayotini, kasbi-korini o‘rgatgan, yerdek bag‘rikeng birinchi ustozini, o‘zining loydek qayishqoq shogirdligini eslab hikoya qiladi.

G‘anijon Eliboyev (kulol):

– Ota-onamiz biz bolalarni hunar o‘rgansin, deb ustalarga tashlab kelishardi. Maktabdan keyin deyarli hamma vaqt ustaxonada bo‘lardik.

Menga loyni ushlashni birinchi bor o‘rgatgan Ibrohimjon aka Ismoilov bo‘ladi. Harbiyga armiyaga ketib, qaytib kelganimda ham uning qo‘lida ishlaganman.

Ustozim, bolam, bu hunardan birov kam bo‘lgani yo‘q derdi. 2 ta kosaga ham ishlaganman. Ustalardan haq talab qilmaganmiz. Maktabdagi darslarim tugashi bilan ustaxonaga borardim. Ustoz nima ish aytsa, qilardik.

U paytda ustalar oyoq tepib, dastgohda kulolchilik qilishardi. Birpasda yuztalab buyum yasardi-yu, charchashmasdi. Men ham shunaqa yasolarmikanman, derdim. Oyoq tepishniyam o‘z yo‘li bor. Hozir ko‘rgazmalarda odamlar qiziqib, men ham tepay, deb dastgohga chiqvolishadi. Bir-ikki tepgach, «voy oyog‘im og‘rib qoldi», deyishadi (kuladi). Hozir texnikalar chiqib, odamni ayyor qilib qo‘ydi-da...
G‘anijon aka juda ochiq chehra, tabassumi ko‘p inson. Loydan nima yasasa, yasagani san’atga aylanadi, lekin so‘zlari, tuyg‘ulari yasama emas. U samimiylik  va kamtarlik bilan hikoyasida davom etadi.

– Men o‘zim uchinchi avlod kulol bo‘laman. Bolalarim ham shu yo‘lni tanlashdi. 3 ta o‘g‘lim, hatto bir qizim ham kulol. Hozir qizimning beshta bolasi bor, u kelin bo‘lib tushgan joyiga ham shu kasbni olib bordi. Ular loydan o‘yinchoqlar, hayvonlar shaklini yasaydi. Hozir ularning oilasi shu kasb orqali ro‘zg‘orini tebratadi.

Nodirbek Eliboyev (ustaning o‘rtancha o‘g‘li):

– Rishtondagi katta ustaning o‘g‘li ekanimdan faxrlanaman. Otam o‘zi usta bo‘lsa-da, meni o‘z shogirdiga shogirdlikka bergan. Bitta mendan emas, boshqa ustalardan ham ta’lim olgin, deganlar. Mana, o‘rganib, shu kulollar qatori ketyapmiz, kulolchilik bilan tirikchilik qilib yuribmiz.

Loy endi sehrli narsa-da... Loyning xomligini, xumdondan pishib chiqqanini, ranglari o‘zgarishini ko‘rsangiz... ajoyib!

Loy odamga o‘xshaydi. Bolaga o‘xshaydi, unga mehr berish kerak. Yasash jarayonida qayerga egsangiz, o‘sha shaklga kiradi. Issiqqa qo‘ysangiz, qotib qoladi. Sovuqqa obchiqsangiz, muzlab qoladi, yig‘lagandek, erib ketadi. Pechga tiqsangiz, juda baland darajaga ko‘tarvorsangiz ham bo‘lmaydi. Sekin avval o‘z haroratiga, keyin 100, 200, 300 qilib, mingggacha asta olib chiqamiz. Yasash jarayonlari dadamni ishi, ammo naqshlari meniki. Oilaviy ishlaymiz. Onamdan tashqari hammamiz shu ishni qilamiz. Onam ziyoli, o‘qituvchi. Bitta singlim bor, u turmushga chiqib ketgan. Uning uchta qizi miniatyura, rassomchilik qilib, sopolni bo‘yaydi. Shu kasb bilan bemalol o‘z ro‘zg‘orini boqa oladi.
Sodir Eliboyev (katta o‘g‘il):

– Shu kunlarda Saudiya Arabistonidan buyurtma tushgan. Ularga sut ichadigan idish yasayapmiz. Loy ishi juda kamtarona kasb. Kulollarga katta, gektar-gektar joy kerakmas. Hovlimiz 4,5 sotix. Shu yerda yashab, ishlaymiz. Kulolga 10 metrlik do‘kon – ustaxona yetadi, bitta dastgoh, bitta pechka bo‘lsa bo‘ldi. Qo‘l ishi shu bilan ajralib turadi. Ortiqcha qolip yo‘q. Qolip – o‘zimizning qo‘limiz. 100 tovoqni 1-1,5 oyda chiqarib beramiz. 300 ta ishchilik mini zavodlar bor. Ular qolipda ish qiladi.

Konveyermas, sifatli narsa olgisi kelsa, xaridorlar meni kutadi. Men ko‘proq internetdan, feysbukdan buyurtma olaman. 100 ta desa, uni ham yasab bera olamiz albatta. Faqat vaqt kerak-da bizga.

G‘anijon Eliboyev (Ota):

– Ishlab topgan daromadimizni 3 ga bo‘laman. (kuladi) faqat o‘zimga olsam, bular och qoladi-ku. Ro‘zg‘ori, bola-chaqasiga yetadi. Kasbim orqali dunyo ham ko‘rdim. Janubiy Koreyaga bordim, Amerikada o‘rtoqlarim bor. Moskvada ham kulolchilik qildim. Hunarim bor ekan, hamma yerda hurmatimni ko‘klarga ko‘tarishdi. Master-klass ko‘rsatadigan art-kafeda ishladim. O‘sha restoranda qoshiqdan boshqa hamma idish tovog‘i sopoldan yasalgan edi. Barcha kelguvchilar qiziqib, dastgohda buyum yasashni tomosha qilishardi. Musofirchilikda birinchi kulol ustozimning rasmini yon daftarim bor edi, shu bloknotimga solib olib yurganman.

Baribir usta bo‘lish yaxshi-da, deb qo‘yaman. Qayga borsam, hurmatda yuraman. Falonchi «ko‘zagar», deb hurmat qilishadi.

Nodir Eliboyev (o‘rtancha o‘g‘il):

– Kulolchilikda o‘zimizning sirimiz bor. Sizlarga aytaman, mayli. Biz loyga jun qo‘shamiz, qamish qo‘shib, yaxshilab pishitamiz. Gapning to‘g‘risi, boshqa kasbda ham ishlab ko‘rganman. Lekin ota kasbimdan boshqasini eplab bo‘lmagan. Men nonvoychilik qilganimda non tashishdan boshqasiga yaramaganman. Eng qadrli kasbim – shu o‘z ota kasbim ekan.
Men u yer bu yerdan rasm, videodan ko‘rib ish qilmayman. Men ko‘proq o‘zimning xayolimga kelgan naqshni chizaman. Qo‘limga ishni olib, xayolga berilaman. Bir marta chizsam, uni boshqa qaytarib chizolmayman. Takrorlanmaydi, xohlasam ham boshqa o‘xshab chiqmaydi. Mana, bodomgul. Eski qadim gullarni qaytadan to‘ldirishga ham harakat qilaman. To‘g‘ri-da, an’anani ham saqlab qolish  kerak.

Shohruh Bozorboyev (kichik o‘g‘il):

– Men ko‘proq yangilik qilishni yaxshi ko‘raman. Va ishda ham yangicha yondashishni, kengayishni xohlayman. Menga dadam doimo yaxshi niyat bilan ish boshla, deb gapiradilar. Yaxshi niyating bo‘lmasa, loy bilib qoladi, ishing o‘xshamaydi, deydilar.

Men «Tashabbus-2021» tanlovida qatnashganimda jyuri a’zolari oldida belimdagi chorsi belbog‘ni yechib, ko‘zimni bog‘lab dastgohga o‘tqazishdi. Men ko‘zim yopiq holda oyoq tepki qadimgi dastgohda ishlab, narsalar yasab ko‘rsatdim. Tanlov g‘olibi bo‘lganman o‘shanda!

Oxirgi paytlarga katta-katta buyurtmalar ola boshladim. Endi joyni kattalashtirishga to‘g‘ri kelyapti. Ishchi kuchi olib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish kerak endi. Konteynerlab, furalab zakaz tushyapti. Yasab berish kerak-da endi bularni!

Ajoyib mintaqada yashaymiz. O‘ziga xos. Oltiariqning uzumi bo‘lsa, Rishtonning tuprog‘i bor!

Nodir Eliboyev (o‘rtancha o‘g‘il):

– Mo‘’jiza-da tuprog‘imiz. Uch-to‘rt metr kavlab qizil tuproqni olib, o‘rniga eski tuproqni, xazonni tashlasangiz ham, besh-olti yildan keyin yana qizil tuproqqa aylanib qolaveradi. Shisha tashlamasangiz bo‘ldi, Buni ko‘p sinab ko‘rganmiz.

Sodir Eliboyev (katta o‘g‘il):

– Turizmning rivojlanishi biz hunarmandlarning katta yutug‘imiz bo‘ldi. Turizm bizga ko‘p narsa olib kirdi. Avvalam bor, dunyoqarashni rivojlantirdi.
Mening uchta o‘g‘lim bor. Katta o‘g‘limni gid qilaman, deb niyat qilganman.  Qancha ko‘p sayyoh oqimi kirib kelsa, hunarmandga shuncha foyda. Avvalo, davlat boyiydi. O‘zimizga ham albatta foyda. Mahalliy xaridor bir ming so‘mga narsamizni olsa, xorijliklarga bitta idishimizni 4 mingga sotsak, oladi. Shunday sotishga haqimiz bor-da. Ayniqsa, dastgohda ish jarayonini ko‘rgach, har qancha qimmat bo‘lsa-da, «ishingiz puliga arzir ekan», deyishadi. Xorijliklar ishimizni juda qadrlashadi.

G‘anijon Eliboyev (usta):

– Menga ustozim «kulolchilikda pulga qarama, loyga qara, gap loyda» , deyishardi. Keyin tushunsam, bu hunarni yaxshi o‘rgan degani ekan. Hunarda gap ko‘p. Pulim qolmasa, bitta kosani sotsam ham qornim to‘yadi.

Men torgina ustaxonani u tomonidan buyog‘iga o‘tgan bo‘lib, boyagi buyumlar tartibsiz terilgan tokchaga yaqinlashaman, bir pishmagan loy ko‘zachaning tagiga kosaning pulini qistiraman. Lekin chiqib ketayotib, ustaning katta o‘g‘li (ko‘rib qolganini-chi) pullarni ming xijolatda bir yengimga, bir qo‘limga ilintiradi. Usta ham qo‘shilgach, ortiq gap qaytarolmayman...

Xullas, sopol lagan, kosa-tovoq ishlatib turish kerak. Odam ildizlariga yaqinlashganini, yerdan kuch olayotganin  his qiladi.

Xullas, katta sopol laganda shilpildoq, kichikrog‘ida osh, aytganimdek moshxo‘rdani sopol kosada ichishni yaxshi ko‘raman. Har ishlatganimda G‘anijon kulolni eslab, duo qilib qo‘yaman.

Mavluda Toshpo‘latova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring