Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xonadonida Hillari Klinton mehmon bo‘lgan usta (foto)

Xonadonida Hillari Klinton mehmon bo‘lgan usta (foto)

G‘ijduvonlik tajribali kulol va sopolsoz Alisher Narzullayev xonadonida ko‘p bo‘lganmiz. Uning hovlisiga kirishingiz bilanoq, o‘zingizni betakror ertaklar olamiga tushib qolgandek his qilasiz. Balandligi 3 metrdan ziyod, kengligi ham undan qolishmaydigan kattakon xumdon hovli to‘rida salobat bilan turibdi. Hamisha olov gupillab turadigan bu xumdonning og‘zi – qopqog‘iga yetguningizcha, ancha-muncha zinalardan ko‘tarilishingizga to‘g‘ri keladi.

Eng ajoyibi, xumdon ichida xuddi issiq nondek pishishga shay turgan turli ko‘rinishdagi yuzdan ortiq sopol buyumlarga qarab, ko‘zingiz quvnaydi. Tuproq-olov-suv va qo‘l mehnati nomli to‘rt «ashyo birikmasi»dan yaralayotgan bu mo‘’jizalar hayratga sabab. Xumdon atrofi gulzor. Bir-birini o‘ymakor yog‘och ustunlar bilan bog‘lab turgan qator xonalar peshayvonini o‘rab turgan kashta so‘zanalar esa hovliga yanada ko‘rk bag‘ishlab turadi.

Bizni yelkasiga hali bitmagan kashtali nimachani tashlab, peshonasiga tang‘ib olgan ipak ro‘moliga ninasini qadagancha yuzlarida nur porlab turgan 95 yoshli onaxon – Muborisha Barakayeva qarshi oldi.

«O‘g‘lim Alisherjon va Abdullajon rahmatli otasining ustunlari, sulolamiz davomchilari bo‘lishdi. Har ikkisi ham biri-biridan ko‘p natijalarga erishishdi. Lekin Alisherjonimning mana bu diplomini hamma yutuqlaridan xo‘b ko‘raman», – deydi onaxon bugun 70 yoshli usta o‘g‘lini xuddi yosh boladek erkalab so‘zlar ekan.

Ha, umrini kulolchilikka bag‘ishlagan Alisher Narzullayevning Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida bo‘lib o‘tgan «Xalqaro tasviriy san’at ko‘rgazmasi»da bosh mukofot – Xalqaro Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritganini Muboshira aya har kuni o‘g‘li xuddi yangi mukofot olgandek qarshilaydi. «Mana uning diplomi», – deydi onaxon ko‘ngli to‘la sevinch va iftixor bilan takror-takror so‘zlab.

Muboshira ayani bag‘riga bosgan ko‘yi Alisher aka miyig‘ida kulib:

«Gran-priga sazovor bo‘lganimni hammadan ko‘ra onam katta hayajon bilan qarshilaganlar. Germaniya, Fransiya, Chexiya, Isroil, Ozarbayjon, Rossiya, Eron va boshqa davlatlardan yuzdan ziyod hunarmandlar o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etgan mazkur ko‘rgazmada Markaziy Osiyodan ishtirok etgan birgina mening sopolsozlik san’ati mahsulotlarim yuksak baholangan edi», – deydi.

Muboshira aya ipak ro‘moliga qadab qo‘ygan ninani ignadonga ohista qo‘yib, «Kel, bolam, senga bir sirni aytay» deydi. Biz onaxon yoniga tizzalaymiz.

– Sobiq ittifoq davri, – so‘zida davom etib onaxon, – 1979-1980 yillar edi, adashmasam. Qadimiy an’analarni tubdan yo‘q qilish siyo­sati kulolchilarni ham chetlab o‘tmay qolmadi. Birgina G‘ijduvon tumanining o‘zidan qirqdan ziyod kulolchilik ustaxonalari yopildi. O‘rni kelganda, do‘konlar buzilib, ming-minglab sopol idishlar eskilik sarqiti sifatida sindirib tashlandi. Biroq, ana shunday og‘riqli davrlarda turmush o‘rtog‘im, kulollar sulolasining beshinchi avlod vakili Ibodullo Narzullayev ajdodlaridan meros hunarni saqlab qolishga astoydil kirishdi. Qariyb, 300 yillik tarixga ega an’anaviy kulolchilikni shunchaki yopib qo‘yilishiga tomoshabin bo‘lib turolmadi.

Kurashdi. To‘siqlarga, bosimlarga ham duch keldi. Biroq, davrning qaltisligiga qaramay, hovlimizda ustaxona qurishdek natijaga erisha oldi. Ustozi Usmon Umarov bilan birgalikda kulolchilik an’analarini rivojlantirishga va avlodlariga ham o‘rgatishga harakat qildi. Bunga erishdi ham. Biz, ayollar esa kashtado‘zlik, patdo‘zlik bilan shug‘ullandik. O‘g‘illarim esa ota kasbini boshda ko‘tardi, yuqori cho‘qqilarga olib chiqdi...

Onaxon hikoyasini tinglab bo‘lgach, uy-muzeyni tomosha qilishga tushdik. Ota sharafiga «Ibodullo Narzullayev nomidagi uy-muzeyi» tashkil qilingan. Ushbu majmuada kulolchilik muzeyi, ko‘rgazma zali, amaliy san’atning kulolchilik, kashtachilik va gilam to‘qimachiligi yo‘nalishlari bo‘yicha ustaxonalari, milliy taomlarimiz taqdim etiladigan oshxona, mehmonlar uchun mo‘ljallangan mahorat darslari o‘tish xonalari va mehmonxona mavjud. Alisher Narzullayevning aytishicha, oilaning milliy kulolchilik muzey majmuasi xalqaro sayyohlik marshrutiga kiritilgan.

Kulolning xonadonida tashkil qilingan muzey va mehmon uyi 3 ta milliy hunarmandchilik – kashtachilik, gilamdo‘zlik va kulolchilik markazlari uyg‘unlashgan hunarmandchilik akademiyasiga o‘xshaydi.

– Asosiy maqsadimiz hunarlarimizda an’anani saqlab qolish, – deydi suhbatdoshimiz. – Shuning uchun har uch hunarmandchilik ashyolarini ham mahalliy xomashyodan foydalanamiz va mahalliy uslubda ishlaymiz. Ota-bobolarimiz ham asrlar mobaynida kulolchilik charxlarida ishlab kelganlar. Ular mana shunday tegirmonlarda sir tayyorlaganlar, shu kabi xumdonlarda o‘z asarlarini pishirib olganlar. Ha, aytmoqchi, ikki xil xumdon bor. Ko‘zagar va kosagar xumdonlar. 4-5 narvon zina bosib chiqiladi. Buyumlar yasash uchun tuproqni G‘ijduvon atrofidan olamiz. Soz tuproqni borib, o‘zimiz tanlaymiz. Otam rahmatli bizga o‘rgatgan edilarki, kesakni ochib quyoshga qaratganda, uning qumi bo‘lmasligi kerak. Ikkinchi belgisi esa kesakning ichida g‘ovaklari bo‘lsa, demak, u soz tuproq. Albatta, uni tanlab olgandan keyin ustaxonaga olib kelib, har bir yangi tuproq bilan tajribalar qilamiz. Chunki har bir tuproqning o‘z fe’l atvori bor.

Suhbatdoshimizning so‘ziga ko‘ra, G‘ijduvon an’anaviy kulolchiligi bezak san’atiga kiradi. Mahsulotlarni xorijlik va mahalliy xaridorlar asosan bezak sifatida sotib olishadi. Lekin ulardan uy-ro‘zg‘or buyumlari sifatida ham foydalansa bo‘ladi.

G‘ijduvon kulolchilik maktabining mustahkam tayanchlaridan biri sanalgan hunarmand tomonidan mahorat bilan ishlangan sopol buyumlar, undagi ranglar uyg‘unligi, naqshlar nafisligiyu va asosan, ularda milliy an’analar ustuvorligi xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otib kelgan.

Alisher Narzullayevga bu kasb bobomeros. Kulolchilikda ishtiyoqi va iste’dodi baland Alisher Narzullayev o‘rta maktab tahsilini tugatgandan buyon Buxoro hunarmandchiligini rivojlantirishda katta hissa qo‘shib kelmoqda. Mohir ustozlar sabog‘i, e’tibori va o‘zining muttasil izlanishlari natijasida uning sopolsozlikda serqirra ijodi gurkiradi. O‘z tili bilan aytganda, «Har zarrasida zar ingan G‘ijduvon tuprog‘i»ni tilga kiritib, sopolsozlikda go‘zallik yaratgan kulol o‘z iste’dodining boshqa qirralarini ham yuzaga chiqardi.

Dastlab, qalb tuyg‘ularini qog‘ozga ko‘chirgan Alisher Narzullayev asta-sekin o‘zi yasagan sopol buyumlarga did bilan naqsh o‘yib, ularga nozik bezaklarni ham muhrlay boshlagan.

Uning qo‘llarida oddiygina sopol bezanib, mo‘’jizaga aylanadi. Inson tafakkurining barmoqlar ijrosidagi ifodasini ko‘rib, hayratlanasan, kishi. U sopolsozlikda o‘zi yaratgan buyumlarga yanada go‘zallik bag‘ishlab, manzaralarni bezak va naqshlarda jonlantiradi. Unga ramziylik yuklaydi. Yaratilgan har bir ish tajribali usta hunarmand qalbining butun borlig‘idan taralgan aks-sadodek minglab sopolsozlik ishlariga ko‘chgan.

Uy-muzeyga aylangan xonadonga dunyoning to‘rt burchidan sayyohlar kelishadi. Xorijlik sayyohlar uchun bu mo‘’jaz ertaknamo xonadon hamisha hayratlar olib kelgan.

– Muzeyga tashrif buyurayotgan sayyohlarga an’anaviy kulolchilik, kashtachilik va gilam to‘qimachiligining yaratilish tarixi haqida ma’lumotlar beramiz, – deydi hunarmand. –90-yillarda uy-muzeyimizga AQShning eng mashhur siyosatchilari qatorida faoliyat yuritayotgan Xillari Klinton xonim tashrif buyurgan edi. Xillari xonimga uning ismi tushirilgan kulolchilik buyumlaridan birini taqdim etdik. G‘ijduvon kulolchilik maktabi an’analari xonimning e’tiborini tortdi. Va oradan ko‘p o‘tmay, bizni ham Amerikaga taklif qildi. U yerda o‘z san’at asarlarimizni namoyish­­ etib qaytganmiz.

Bildirilishicha, G‘ijduvon kulolchiligi Urgut, Xorazm, Rishton, Toshkent, Andijon, Samarqand kabi kulolchilik maktablaridan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Hamma gap ranglar va bezaklarning yorqinligida. Shu bois ham tarixda G‘ijduvon kulolchilik buyumlari Buxoroning barcha hududlarida juda xaridorgir bo‘lgan.

– Bugun sulolamiz davomchilarining xorijiy mamlakatlarda ham bor, – deydi usta-hunarmand. – 2020 yilda Hunarmand uyushmasi O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda sohada faoliyat olib borayotgan qator tashkilotlar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi. Unda har ikkala tomonning hunarmandchilik salohiyati namoyish qilindi. Hamkorlik natijasi o‘laroq, 2021 yilda Fransiyaning ASIE xalqaro jamg‘armasi tomonidan 3 nafar talaba O‘zbekis­tonga, kulolchilik sirlarini o‘rganishga keldi. Bu talabalar bizning xonadonimizda bo‘lishdi. Ular akam Abdullo Narzullayev hamda menga shogirdlikka tushishib, tajriba orttirishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, kishilikning ilk ashyo-anjomlari sopoldan tayyorlangan. Ajdodlarimiz bundan uch ming yil va undan ilgari ham sopoldan ajoyib idish-tovoqlar va boshqa uy anjomlari yasashgan. Chunonchi oziq-ovqat mahsulotlari va suv saqlash uchun ko‘za, oftoba, xurmacha, gupi, xum, mashfara, jomashov, shuningdek, qozon-tovoq, piyola, kosa, lagan, guldon, shamdon, musiqa asboblari, me’morchilik bezaklaridan – koshin, sopolak, sopol quvurlar shular jumlasidandir.

– Bu buyumlarning uzoq asrlik namunalari uy-muzeyimizdan o‘rin olgan, – deydi Alisher Narzullayev. – Xorijlik sayyohlarni ham qiziqtirayotgani shu: zamon o‘zgargan, ekologik vaziyat ancha murakkab bo‘lsa-da, sopol buyumlar sifatida farq, deyarli, sezilmaydi. Sababi esa shu – bugun o‘lkada ekologik jihatdan sho‘rlash yuqori kechayotgan bo‘lsa ham, lekin G‘ijduvon tuprog‘i kulolchilikda hech o‘zligini yo‘qotmagan. Bu ham, albatta, biz hunarmandlarga tabiatning bergan buyuk in’omi. Hunarmandchilik bizda bobomeros bo‘lib kelayotgani bois, bugun o‘g‘illarim Olimjon va Obidjonlar – ikki qanotim, qizim Shahzodaxon esa san’atshunos. Xonadonimizda hamma hunar bilan band. Onajonim rahnamoliklarida kelinlaru qiz nevaralar kashtado‘zlik, patdo‘zlik bilan, erkaklar esa kulolchilik bilan shug‘ullanadi. Kulolchilik va kashtado‘zlik hunarini egallash istagida kelayotgan yoshlar ham talaygina. Ularning talab-istagi, jumladan, xorijlik hunarmandlarning ham kulolchilikka bo‘lgan munosabati va qiziqishidan kelib chiqib, ikki yilcha ilgari G‘ijduvon tumani markazida joylashgan «Xo‘jayi jahon» istirohat bog‘ida xalq amaliy san’ati muzeyini tashkil etdik. Hunarmandchilikka ishtiyoq bilan qiziqib kelayotgan yoshlar ko‘p. Ular orasidan to‘qqiz nafari bugun sohada «Labbay!» deb javob bera olishadi. Ular o‘z ustlarida ishlab, izlanib, turli xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib qaytishmoqda. Hasan Sharopov, Mirjon Tog‘ayev, Ilhom Umarov kabi shogirdlarimdan tajribali usta kulollar chiqishiga ishonaman. Ular Buxoro kulolchiligini dunyoga olib chiqishga hissa qo‘shishmoqda.

Suhbatdoshimizdan yillar davomida qo‘lga kiritgan boshqa yutuqlari haqida ham so‘raganimizda, kamtarinlik bilan «Keragi yo‘q!» deya ishida davom etaverdi. Biz esa tajribali usta hunarmandning erishgan yutuqlari va muvaffaqiyatlari o‘rin olgan albomni bir-bir varaqlashni lozim topdik:

«O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi», «Tashabbus» ko‘rik-tanlovi g‘olibi, YuNESKO tomonidan o‘tkazilgan «Sifat belgisi» loyihasi sertifikati bilan taqdirlangan, yana qanchadan-qancha faxriy yorliqlar, diplomlar, sertifikatlar... Bu muvaffaqiyatlar mashhur kulolning ishlari bilan tanishganimizda uning yaratgan mo‘’jizalari oldida oddiygina bahodek ko‘rinadi, nazarimizda.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring