Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Pasport stol» sudga kelmadi, endi jarima to‘lanadimi?

«Pasport stol» sudga kelmadi, endi jarima to‘lanadimi?

Foto: «Xabar.uz»

Huquqshunos-bloger Xushnud Xudoyberdiyev Yashnobod tuman ma’muriy sudida Toshkent propiskasiga oid ikkita ish ko‘rilgani, ammo ulardan biriga migratsiya bo‘limidan hech kim kelmagani haqida o‘z kanalida yozib qoldirdi.

«Bugun Yashnobod tuman ma’muriy sudida Toshkent propiskasiga oid 2 ta sud ishi belgilangan edi.

1-masala: yangi uy sotib olib, 1-band bilan propiskaga kirgan shaxs o‘zining oilasi bor farzandini propiskaga olib kirish uchun ariza bergan, lekin «pasport stol» buni rad qilgan. Shu bo‘yicha dastlabki sud muhokamasi bo‘lib o‘tibdi. Tomonlarning vajlari tinglanibdi.

(muammo haqida batafsil)

2-masala: 3 kishi birgalikda umumiy mulk huquqi asosida yangi uy sotib olgan, lekin «pasport stol» propiskaga qo‘yib berishni hech bir asossiz cho‘zib yuribdi. Na qanoatlantiradi, na rad qiladi. Ushbu masala yuzasidan fuqarolar sudga murojaat qilgan.

(muammo haqida batafsil)

Lekin eng qizig‘i 2 safardan buyon, ya’ni 29 aprelda ham, 2 mayda ham Yashnobod tuman migratsiya bo‘limidan sudga hech kim kelmagan. Masalan, bugun bir kunda, deyarli oldinma-keyin bo‘lgan sud majlislarining birinchisiga kirib, ikkinchisiga kirmay ketib qolishibdi. Boz ustiga ikkala ishga ham bitta sudya raislik qilmoqda, eshitmay qolgan bo‘lishi ehtimoldan yiroq. «Pasport stol» nega kelmayapti?

Chunki taxminimizcha, 1-masala yuzasidan «pasport stol»ning qo‘lida IIV Boshqarmasining ko‘rsatmasi bor. Garchi o‘sha ko‘rsatma qonun hujjatlariga zid bo‘lsa-da, har holda migratsiya bo‘limi shuni vaj qilib ko‘rsata oladi, qo‘lida qog‘ozi bor.

2-masala bo‘yicha esa, ularning qo‘lida hech narsa yo‘q. Katta ehtimol bilan og‘zaki topshiriq bo‘lgan va shuning uchun ular atayin propiskaga kiritishni cho‘zib yurishibdi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, 2 safardan buyon sudga kelishmayotgandir. Kim bilsin yana.

Ajoyib! Sud hokimiyatining hurmatini qarang!

«Chaqirsang, chaqiraver, biz baribir bormaymiz» deyishmoqchimi bu bilan? Nahotki sud tuman migratsiya bo‘limi boshlig‘ini (vakili) majburiy keltira olmasa? Yoki ular 1 yil kelmasa, sud 1 yil kutadimi?

Mayli, kutaylikchi, nima bo‘larkin. Ikkala masala bo‘yicha ham keyingi sud majlisi 7 may (seshanba) kuniga belgilangan.

P.S.: shunchaki eslatib qo‘ymoqchi edim, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180-moddasiga binoan, sud majlisiga chaqirilgan shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashi sudga hurmatsizlik deb baholanadi va eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring