Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi yuqori lavozimga tayinlandi

Turkiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi yuqori lavozimga tayinlandi

Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasining yangi bosh kotibi Mehmet Surayya Er (chapda) hamda Turkiya parlamenti raisi Mustafo Shentop.

Foto: AA

Turkiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Mehmet Surayya Er Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasining (TURKPA) bosh kotibi etib tayinlandi. Xalqaro tuzilmaning Turkiston shahrida (Qozog‘iston) tashkil etilgan 10-bosh mashvaratida ushbu qarorga kelingan.

Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi strategiyasi kelgusi 4 yil davomida rasmiy Anqara tomonidan amalga tatbiq etiladi.

2009-yil 3-oktyabr kuni Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston yetakchilari tomonidan turkiy tilli davlatlarning o‘ziga xos ittifoqi — Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashi ta’sis etilgan.

Mazkur davlatlar o‘rtasida parlamentlarora aloqalarni mustahkamlash maqsadida Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi ham tashkil etilgan. Xalqaro tashkilotining ilk mashvarati 2009-yil sentyabr oyida Boku shahrida o‘tkazilgan. Ayni paytda Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Parlament assambleyasining a’zolari sanaladi. Vengriya tashkilot ishida kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etmoqda.

Joriy yil iyun oyida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Toshkent shahrida Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi delegatsiyasi bilan uchrashuvda O‘zbekiston ham ushbu tuzilmaga a’zo bo‘lishga qaror qilganini ma’lum qilgan.

Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasining yangi bosh kotibi Mehmet Surayya Er mazkur xalqaro tuzilma faoliyatini yanada jonlantirishga e’tibor qaratilishini ta’kidlagan.

2019–2021-yillarda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi vazifasida faoliyat yuritgan Mehmet Surayya Er o‘zbek tilini qisqa muddatda mukammal o‘zlashtirgani bilan ehtirom qozongan edi. Ikki qardosh xalq do‘stligini mustahkamlash hamda ta’lim va ilm-fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun diplomatga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining faxriy professori va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti faxriy doktori unvonlari berilgan. 2012–2018-yillarda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan M.S.Er Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston madaniyati, tarixini yaqindan o‘rgangan.

2019-yil 15-oktyabrda Boku shahrida o‘tgan Turkiy kengashning VII sammitida O‘zbekiston tashkilotining teng huquqli a’zosi sifatida qabul qilindi. M.S.Er mahalliy matbuotga bergan intervyusida O‘zbekiston qo‘shilishi bilan Turkiy kengash yanada qudratli bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Umuman, O‘zbekistondagi elchilik faoliyati Turkiya diplomatlari uchun muvaffaqiyatli kechishi ko‘p kuzatiladi. Masalan, M.S.Erga qadar, 2016–2019-yillarda yurtimizda elchilik qilgan Ahmet Bashar Shen o‘tgan yili Turkiyaning dunyodagi asosiy hamkorlaridan biri — Germaniyaga elchi sifatida yuborildi. Sirasini aytganda, so‘nggi ikki elchining yuqori martabaga ko‘tarilishi rasmiy Anqara O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonaga alohida e’tibor qaratishidan dalolat beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring