Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh NATO bosh kotibi lavozimiga kimni ilgari surmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi

AQSh NATO bosh kotibi lavozimiga kimni ilgari surmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi

Yens Stoltenberg va Ursula fon der Lyayen.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenni NATO bosh kotibi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatmoqchi. Bu haqda The Telegraph gazetasi Shimoliy Atlantika alyansidagi manbaga tayanib xabar berdi.

2014 yildan buyon NATO bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Yens Stoltenbergning vakolat muddati kuni kecha 2024 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirildi. Ursula fon der Lyayen nomzodi ham 2024 yilda Yevropa komissiyasi rahbarligi uchun saylovdan keyin e’lon qilinishi kutilmoqda, deb yozadi The Telegraph.

Joriy yil 11-12 iyul kunlari Vilnyus shahrida o‘tadigan sammitda NATOga a’zo davlatlar yangi bosh kotib nomzodini ma’qullashi kutilayotgan edi. Ammo Stoltenbergning vorisi borasida bir to‘xtamga kelinmagan.

Prezident Jo Bayden Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan Transatlantika siyosati, Xitoy, Ukraina, iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb masalalarda maslakdosh sanaladi. Shunga ko‘ra, Oq uy Yevropada katta nufuzga ega, ayni choqda, harbiy sohaga ham begona bo‘lmagan Ursula fon der Lyayen (u 2013-2019 yillarda Germaniya mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan) nomzodini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Fon der Lyayenning o‘zi NATO bosh kotibi nomzodlari safida bo‘lish sharaf ekanini qayd etgani holda, hozir bu lavozimni egallash niyatida emasligini ta’kidlagan. Vashington ham uning nomzodini kelgusi yilda, Yevrokomissiya rahbarligi uchun saylovdan keyin oshkor etmoqchi.

Yevropa mamlakatlari, AQSh va Kanada – jami 31 davlatni birlashtirgan Shimoliy Atlantika bitimi tashkiloti dunyodagi qudratli harbiy-siyosiy blokdir. Bosh kotib ittifoqning umumiy faoliyatini muvofiqlashtiruvchi mulozim sifatida xalqaro maydonda alohida hurmatga ega.

Bosh kotib 64 yoshli Yens Stoltenbergning vakolat muddati tugayotgani haqida xabar chiqqanidan buyon bu vazifaga turli nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, joriy yil avvalida Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson mazkur lavozimni ko‘zlaganini ochiqlagan edi. Ammo siyosiy mojarolar ortidan u hatto parlament deputatligini ham tark etishga majbur bo‘ldi.

O‘tgan yili esa etnik ukrainalik ayol, Kanada bosh vaziri o‘rinbosari Kristia Friland NATO bosh kotibi lavozimiga nomzod sifatida ilgari surilishi xabar qilindi.

Tereza Mey (Buyuk Britaniya) Kaya Kallas (Estoniya), Federika Mogerini (Italiya) kabi ayol siyosatchilar ham ushbu mas’ul lavozimga nomzod o‘laroq ko‘rilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring