Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sille – tarixiy qo‘riqxona

Sille – tarixiy qo‘riqxona

Dunyoda sanoqli shaharlargina o‘zining qadimiy tarixi bilan haqli ravishda faxrlana oladi. Shunday shaharlardan biri qadimiy va boy tarixga, xilma-xil madaniyatga ega Turkiyaning Ko‘nya (turkcha Konya) shahridir. Turkiyaning ma’naviy poytaxti hisoblanmish Ko‘nya sehrli, sokin va mehmondo‘st shahar deya tan olingan. Shaharda diqqatga sazovor joylar, ziyoratgohlar juda ko‘p. Ko‘nyaga kelgan sayyohlar albatta Sille (turkcha Sille, yunoncha Σύλλη) qishlog‘iga borishlari kerak bo‘ladi.

Qishloq Ko‘nyaning Seljuq (Selçuk) tumaniga qarashli bo‘lib, shahardan 8 kilometr shimoliy-g‘arbda joylashgan. Qishloq 1071—1924 yillarga qadar kichik Osiyoda yunon-pravoslav madaniyatining o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, saljuq sultonlari o‘rta asrlarda yuz bergan urushlar oqibatida vayron bo‘lgan Ko‘nyani tiklash ishlariga yordam bergan yunon ustalari uchun Sille qishlog‘idan yer ajratgan. XX asr boshlarida qishloqda 18 mingga yaqin kishi istiqomat qilgan. Shaharda nasroniy-yunonlar bilan bir qatorda turklashgan nasroniy (karamanlid)lar ham yashagan. Bu haqda qishloq cherkoviga kiraverishdagi yozuvdan bilib olish mumkin.
Lozanna tinchlik bitimiga ko‘ra, 1924-yilda qishloqning nasroniy aholisi Gretsiyaga ko‘chiriladi. Shu o‘rinda Lozanna tinchlik bitimi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tish lozim.

1923yilning 24-iyulida Lozanna shahrida bir tomondan – Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Gretsiya, Ruminiya, Serblar, xorvatlar va slovenlar Qirolligi, ikkinchi tomondan – Turkiya o‘rtasida Tinchlik bitimi imzolanadi. Mazkur Bitimga ko‘ra, Turkiyaning yangi chegaralari belgilandi. Shu tariqa Usmoniylar imperiyasi o‘rnida zamonaviy Turkiya davlati yuzaga keldi. Bitim Turkiya va Antanta davlatlari o‘rtasida tinchlikka erishilganini e’lon qildi. Bitim 1923-yilning 23-avgustida Turkiya tomonidan, 1924-yilning 6-avgustida esa qolgan barcha mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilindi. Antanta mamlakatlari Turkiya xududlarida arman va kurdlar uchun muxtoriyat tashkil etilmasligiga rozi bo‘ldi. Kichik Osiyo hududlarida etnik to‘qnashuvlar yuzaga kelmasligini oldini olish maqsadida Bolgariya, Turkiya va Gretsiya hukumatlari aholini ayirboshlashga kelishib oldilar. Aholi ayirboshlanishi etnik asosda emas, balki diniy asosga binoan amalga oshirildi. Masalan, musulmonlar Gretsiyadan, nasroniylar esa Turkiyadan chiqib ketishi majbur edi. Gretsiya va Bolgariya o‘rtasida etnik asosda aholi almashdi. Bolgariya va Turkiya o‘rtasida aholi majburan almashmadi. Ammo amalda pravoslav-bolgarlar Turkiya xududlarini tark etgan bo‘lishiga qaramay, musulmonlar Bolgariyada yashab qolaverdi. Gretsiyaga 1,5 million nasroniy kelgan bo‘lsa, mamlakatdan 0,5 million musulmon chiqib ketdi.
Ayni damda 3500 ga yaqin kishi istiqomat qiladigan Sille qishlog‘i nomining kelib chiqishi borasida turli qarashlar mavjud. «Sille» nomi «Silenos» so‘zidan kelib chiqib, turkcha sel («Sel») degan ma’noni anglatishi aytiladi. Chunki bu yerda muntazam sel kelib turar ekan. Yana bir taxminga ko‘ra, «Sille» so‘zi qadimiy yunon afsonalari qahramoni Germesning o‘g‘li Silen («Silen» yoki «Silene») nomiga bog‘liq ekan.

Ta’kidlab o‘tilganidek, qishloq shahardan uzoq emas. Shahar markazidan qishloqqa avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Tarixiy qo‘riqxona sifatida qayd qilingan Sille o‘zining noyob me’moriy obidalari bilan ajralib turadi. Bu yerda turizm rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rish mumkin.

Qishloqda nasroniylarning qadimiy cherkovi bilan bir qatorda musulmonlarning masjidi ham bor. Shu o‘rinda Muqaddas Yelena ibodatxonasi haqida gapirib o‘tish kerak bo‘ladi. Qadimda qishloq hududlari orqali Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan, nasroniy ziyoratchilar esa ayni shu yerdan Quddusga borishgan. Aytishlaricha, 327-yilda Vizantiya imperatori Konstantinning onasi Yelena Quddusga yo‘l olar ekan, Ko‘nyaga kirib o‘tadi. U aholi bilan suhbatlaridan so‘ng, bu yerda istiqomat qilayotgan nasroniylar uchun ibodatxona qurishga qaror qiladi. Yelenaning shaxsan o‘zi ibodatxona poydevoriga asos soladi.

Shu kunga qadar mazkur ibodatxona to‘rt marta restavratsiya qilingan. So‘ngi bor ta’mirlash ishlari Sulton Abdulla Majid davrida – 1833-yilda amalga oshirildi. To‘g‘ri, ayni damda ham ibodatxona qisman ta’mirlanayapti. Cherkovning tashqi ko‘rinishi ham, ichki ko‘rinishi ham deyarli asl holicha saqlab qolingani tahsinga loyiq. Mana salkam yuz yildirki, turklar bu yerdan ko‘chib ketgan yunonlarga hurmat yuzasidan ham, nafaqat cherkovni, balki butun boshli qishloqni asl holicha saqlab kelmoqda.

Qoyalar bag‘ridagi Silledan topilgan mozor va g‘orlar tadqiq qilinganida bu yerda nasroniy va musulmonlar azaldan yashab kelgani aniqlandi.

Bugungi kunda Sille qishlog‘i ham mahalliy, ham xorijlik sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Bu yerda siz tarix bilan yuzlashasiz. Qoyalarda ko‘rinib turgan g‘orlarda qachonlardir ibtidoiy odamlar yashaganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish imkoniyati bor. Avtomobillar kirishi taqiqlangan ko‘cha bo‘ylab sayr qilar ekansiz, o‘zingiz xohlagan qahvaxonaga kirib hordiq chiqarishingiz mumkin. Qahvaxonadan tevarak-atrof yanada go‘zal ko‘rinadi. Siz xayolan o‘tmishga sayr qilasiz.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring