Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Quvg‘indagi Bakiyevning nabirasi familiyasini «Petrov»ga o‘zgartirdi va Belarusda biznes bilan shug‘ullanmoqda

Quvg‘indagi Bakiyevning nabirasi familiyasini «Petrov»ga o‘zgartirdi va Belarusda biznes bilan shug‘ullanmoqda

Foto: «kaktus.media»

Qurmanbek Bakiyevning nabirasi, Marat Bakiyevning o‘g‘li Ruslan Belarusda Petrov familiyasi bilan yashamoqda va yirik biznes bilan shug‘ullanmoqda, deya xabar berdi belorussning Naviny.by nashri.

25 yoshli Ruslan Petrov — Minskdagi ko‘ptarmoqli Centropol qurilish majmuasida ishtirok etayotgan kompaniya egasi.  Centropol shahar markazida bo‘lib, uning ochilishi 2020-yilga belgilangan. Unda kazino, tibbiyot, bolalar va ko‘ngil ochish markazlari bo‘ladi, butik, bar va restoranlar, yozgi qahvaxonalar joylashadi. Loyihaga kiritiladigan investitsiya $80 mln deya baholangan.

Foto: «kaktus.media»

Naviny.by jurnalistlari majmua qurilishida ishtirok etayotgan «Germes Konstrakshn» kompaniyasi va Forpaton Resource LP kompaniyasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashdi. Bu kompaniyaning 75 foizi Belarus fuqarosi 25 yoshli Ruslan Petrovga tegishlidir.

Foto: «kaktus.media»

Naviny.by to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, Ruslan Petrov  — bu Qurmanbek Bakiyevning nabirasidir. Quvg‘indagi qirg‘iz prezidentining oilaviy suratidagi inson feysbukdagi Ruslan Petrovga (uning feysbukdagi do‘stlari orasida quvg‘indagi prezidentning kichik o‘g‘li Maksim Bakiyev ham bor), shuningdek Linkedin va Ruslan Maratovich Petrov tahsil olgan Belarus Davlat universiteti saytidagi fotolarga o‘xshab ketadi.

2010 yili BDUning xalqaro munosabatlar fakultetining «jahon iqtisodiyoti» bo‘limiga Bakiyev Ruslan Maratovich o‘qishga kiradi. U talabalar ro‘yxatida bor. Keyingi yili ayni shu fakultetda Petrov Ruslan Maratovich tahsil oladi. U iqtisodiy viktorinada, shuningdek universitetdagi dzyudo musobaqalarida ishtirok etadi.

Foto: «kaktus.media»

Naviny.by Belarus xususiy tadbirkorlik va yuridik shaxslar Yagona davlat registriga asoslanib Ruslan Maratovich Petrov shu yil mart oyida ro‘yxatdan o‘tgan hamda xususiy va ijaraga olingan ko‘chmas mulklarni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi «Belxanter-Invest» MChJ ta’sischilaridan biri ekani borasida yozadi.

Jurnalistlar Ruslan Petrov bilan bog‘lanishga harakat qilishgan, ammo u o‘zining xodimlari orqali Centropol majmuasi qurilishiga aloqasi yo‘qligini bildirgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Centropol loyihasi bilan uning otasi Marat Bakiyev shug‘ullanadi.

2018-yilning iyulida belarus matbuoti, Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Daniyar Usenov ismini Daniil Uritsskiyga o‘zgartirganini va Belarusda  biznes ochgani haqida yozishgan edi. Vatanida Usenov sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, u 2010-yilgi ommaviy noroziliklar vaqtida tinch fuqarolarni otishga ruxsat berganlikda aybdor deya topilgan.

Qurmanbek Bakiyev 2005-yildan 2010-yilga qadar Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. U hokimiyatga Asqar Akayev hukumatiga qarshi bo‘lgan «Lola inqilobi» to‘lqinida kelib qolgan. Biroq, 2010-yilning 7-15 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan yangi inqilob vaqtida u muxolifat tomonidan ag‘darildi. Siyosatchi mamlakatni tark etdi va bir necha yildan beri oilasi bilan Belarusda siyosiy emigratsiyada istiqomat qilmoqda.

Qirg‘izistonda Bakiyev va uning akasi Janibek Bakiyevga nisbatan o‘ndan ortiq jinoiy ish ochilgan. Ular Bishkek yaqinidagi 262 gektar qishloq xo‘jalik yerlarini qonunga zid ravishda qurilish uchun ajratganlikda, shuningdek britaniyalik tadbirkor Shon Deyli hayotiga suiqasd uyushtirishda ayblanadi. Bishkekdagi Oktyabr sudi 2010-yil dekabrida Qurmanbek Bakiyev va uning akasini sirtdan 10 yil muddatga ozodlikldan mahrum qildi. Yangi hukmga ko‘ra, sobiq prezident 30 yil muddatga qamoqqa, akasi esa umrbod qamoqqa hukm qilinganini anglatadi.

Sobiq prezidentning o‘g‘li Maksim Bakiyev ham sirtdan umrbod qamoqqa hukm qilingan, u korrupsiya va noqonuniy topilgan pullarni qonuniylashtirishda aybdor deya topilgan va xalqaro qidiruvga berilgan. Turli OAVning xabar qilishicha, u London va Belarusda istiqomat qiladi. Unga Minsk yaqinidagi Raubichi qishlog‘idagi dang‘ilama uy ham tegishlidir. Uning hamkori Gurevich sirtdan 25 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

«Nastoyaщyemu Vremeni»ga bergan intervyusida katta Bakiyev o‘g‘li budjetdan pullarni olib chiqib ketganini inkor qilgan edi: «Aytishdiki: mana uning o‘g‘li Maksim, uning atrofida hamma o‘ralashib qoldi, u biznes bilan shug‘ullandi. Ha, u biznesmen edi. U qanday aktivlarga egaligini hatto men – uning otasi bo‘la turib bilmayman. Ular aytishdiki: mamlakatdan milliard-millionlab dollarni olib chiqib ketdi va hozir xorijda mazza qilib yashamoqda! Ammo nima uchun ular London Oliy sudiga murojaat qilishmayapti, o‘zlarining haqligini isbotlamayaptilar? 7 apreldan keyin bu pullarning qayoqqadir yo‘qolib qolganini, yangi hukumatdan so‘rang».

Manba: tnews.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring