Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Italiya bosh vaziri iste’fo berdi. Hukumat tizgini nahot «Mussolini izdoshi»ga o‘tsa?..

Italiya bosh vaziri iste’fo berdi. Hukumat tizgini nahot «Mussolini izdoshi»ga o‘tsa?..

Matteo Salvini va Juzeppe Konte.

Foto: «russian.rt.com»

20-avgust kuni Italiya senati majlisida bosh vazir Juzeppe Konte iste’fo berganini ma’lum qildi. Bu voqea mamlakat siyosiy sahnasidagi beqaror vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Xavotirli jihati, bosh vazir iste’fosi hukumat tepasiga millatchi ruhdagi qarashlari bilan tanilgan siyosatchi kelishi ehtimolini kuchaytirdi.

2018-yil 1-iyundan buyon italyan hukumatiga rahbarlik qilib kelayotgan J.Konte siyosiy inqiroz sabab iste’fo qarorini berganini ma’lum qildi. Siyosiy inqirozda esa bosh vazir o‘rinbosari va «Shimol ligasi» partiyasi yetakchisi Matteo Salvinini aybladi.

54 yoshli J.Konte ushbu lavozimdan ketayotganidan afsusda ekanini qayd etarkan, siyosiy inqiroz mamlakatga yaxshilik keltirmasligini ta’kidladi.

Italiya qonunchiligiga ko‘ra, bosh vazir o‘z iste’fosi haqida mamlakat prezidentiga rasman ma’lum qiladi. Davlat rahbari bunday vaziyatda yo parlamentni tarqatib, muddatdan oldin saylov belgilaydi, yo qaytadan yangi hukumatni shakllantirish choralarini ko‘radi.

Juzeppe Konte. Foto: «112.ua»

Professor Konte boshchiligidagi hukumat o‘tgan yili uch oyga cho‘zilgan muzokaralardan keyin tuzilgan edi. Gap shundaki, 2018 yil martda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Luiji Di Mayo rahbarligidagi «Besh yulduz harakati» hamda Matteo Salvini boshchiligidagi «Shimol ligasi» partiyalari asosiy o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Ammo biror bir partiya yakka holda hukumatni shakllantirishga yetadigan ovoz yig‘a olmadi. Bosh vazirlik kursisini egallashga umid qilgan yetakchi partiya rahbarlari muxoliflariga yon bergisi kelmadi. Oqibatda, 90 kunga cho‘zilgan siyosiy boshboshdoqlik yuzaga keldi. Nihoyat, mamlakat prezidenti Serjo Mattarella biror bir partiyaga mansub bo‘lmagan betaraf nomzod – huquqshunos Juzeppe Kontega bosh vazir sifatida hukumatni shakllantirishni topshirdi. Ikki peshqadam partiya yetakchisi – Matteo Salvini hamda Luiji Di Mayoga bosh vazir o‘rinbosari lavozimi tegdi. Ammo pirovardida «ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamac» naqli to‘g‘ri bo‘lib chiqdi...

So‘nggi paytlarda italyan jamiyatida M.Salvinining obro‘-e’tibori oshib borayotganini kuzatish mumkin. Joriy yil may oyida bo‘lib o‘tgan Yevropa parlamenti saylovida ham «Shimol ligasi»ga elektoratning 34 foizi ishonch bildirdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Salvini o‘z reytingi tobora oshib borayotganini hukumat tepasiga kelish uchun qulay imkoniyat deb hisoblamoqda. Shu bois ham u joriy 8 avgustda vazirlar kengashi a’zolari o‘rtasida jiddiy ixtiloflar yuzaga kelganini ro‘kach qilib, amaldagi hukumatni tarqatib, muddatdan oldin saylov o‘tkazishni talab qildi. Sirasini aytganda, M.Salvini muddatdan oldin parlament saylovi o‘tkazilishiga erishib, uzil-kesil g‘alaba qilish hamda hukumatni yakkaboshlik asosida shakllantirishni ko‘zlamoqda.

Matteo Salvini. Foto: «iz.ru»

So‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga qaraganda, Salvinini saylovchilarning 36-38 foizi qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Hukumatni mustaqil holda shakllantirish uchun esa elektoratning 40 foiz ovozi kifoya.

Salvini millatchilik ruhidagi qarashlari, xususan, muhojirlarga qarshi keskin  pozitsiyasi bilan tanilgan. Muxoliflari uni Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakat boshiga kulfatlar yog‘dirgan Benito Mussoliniga qiyoslashadi. «Shimol ligasi» partiyasi rahbari Yevropa ittifoqi integratsiyasini ham yoqlamaydi. Boz ustiga, Italiya siyosiy elitasi Salvini Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan maslakdosh ekanidan ham tashvishda. U rahbarlik qilayotgan partiya Kremldan moliyaviy ko‘mak olgani borasida ham taxminlar ilgari surilgan.

Mo‘’tadil qarashdagi siyosatchilar Matteo Salvinining hokimiyat tepasiga kelishidan ochiq xavotir bildirmoqda. Ammo har qanday holatda ham to‘ydan oldin nog‘ora chalmagan ma’qul. Zotan, hukumat tepasiga kim kelishi borasidagi so‘nggi so‘zni xalq – elektorat aytadi. 

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring