Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijda ishga joylashtirishni va’da qilgan firma hisob raqami «muzlatildi»

Xorijda ishga joylashtirishni va’da qilgan firma hisob raqami «muzlatildi»

Foto: Toshkent shahar IIBB

Internet tarmog‘ida tarqagan videoda fuqarolar «Rekrut Consulting work hususiy bandlik agentligi» MChJ xodimlari ularga Shveysariya va Avstriyada ishga joylashishda yordam berishlarini va’da qilib, xizmat uchun pul olgach va’dalarida turmaganliklari ma’lum qilingan. Shu sababli aldangan fuqarolar videomurojaatni internetga joylashtirishga qaror qilishgan.

Toshkent shahar IIBB ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning iyul oyida 37 yoshli Durdona I., 45 yoshli Marhabo K.lar yuqoridagi mas’uliyati cheklangan jamiyatga murojaat qilishgan va u yerda ularga 25 million so‘m va 16 million so‘m evaziga qarindoshlarini chet elda ishga joylashtirishni va’da qilishgan. Shu bilan birga korxona tomonidan bir martalik konsultatsiya uchun shartnoma tuzilib, fuqarolarga taqdim etilgan. Aldangan ayollar ushbu shartnomalarni imzolaganlar va to‘lov to‘liq MChJ hisob raqamiga o‘tkazilgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, ushbu ayollardan tashqari mazkur MChJga yana 22 kishi murojaat qilishgan va ularga ham xuddi shunday shartnomalar taqdim etilib, jami 445.000.000 so‘m olingan. MChJ rahbarlari va’da qilgan ishlarini bajarmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflaganlar.

Ushbu fakt asosida ushbu MChJ rahbarlariga nisbatan 2019-yil 23-noyabr kuni Toshkent shahar prokurori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») 4-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

2019-yil 23-dekabr kuni MChJ ofisida o‘tkazilgan tintuv davomida ashyoviy dalillar sifatida quyidagilar topildi: imzolangan shartnomalar, sertifikat, muhr va boshqa hujjatlar. 2019-yil 27-dekabr kuni MChJning hisob raqami «muzlatildi».

«Rekrut Consulting work hususiy bandlik agentligi» MChJning jinoiy faoliyatidan jabr ko‘rganlar Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilishlari mumkin: 71-281-90-75, 71-252-55-02, 71-281-92-31, 71-281-91-85, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring