Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vodorodli 1 million avtomobil 510 million tonna zaharli gaz chiqishidan asraydi

Vodorodli 1 million avtomobil 510 million tonna zaharli gaz chiqishidan asraydi

Vodorod 2040 yildan keyin global iqtisodiyotda eng istiqbolli va eng muhim xomashyoga aylanib, hozir xalqaro maydonda neft va gaz qanday muhim rol o‘ynayotgan bo‘lsa, ularning o‘rnini egallaydi. Xalqaro vodorod kengashi bahosiga ko‘ra, 2050 yilga borib butunjahon energiya mahsulotlariga bo‘lgan talabning 18 foizi aynan uning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hozir har yili dunyoda 75 million tonna vodorod ishlab chiqarilmoqda va u asosan sanoat tarmoqlarida qo‘llanilmoqda. Uning 95 foizi neftni qayta ishlash va kimyo sanoati, amiak olishda, metanol va mis ishlab chiqarishda keng foydalanilmoqda.

Bugungi kunda jahondagi ko‘plab yetakchi davlatlar energetika sohasida yangi inqilobiy qadamlarni tashlamoqda va uglerodsiz kelajak energiyasi konsepsiyalarini amalga oshirmoqda.

2017 yilda Yaponiyada Hukumatning «Bazaviy vodorod strategiyasi» ishlab chiqilgan edi va unga ko‘ra aniq ilmiy tadqiqotlarga javob beruvchi uyushmalar tizimi ham shakllantirildi, Avstraliyadan vodorodni import qilishni ham boshladi.

Germaniya esa milliy vodorod strategiyasi uchun 9 milliard yevro ajratadi va bu yil 2 milliard yevrosini sarflashi kutilmoqda.

Britaniya esa 2027 yilda Tissayd shahrida yiliga ikki million tonna vodorod ishlab chiqaruvchi va uni saqlovchi zavodni ishga tushirishi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi 2050 yilga borib energiya balansida vodorod yonilg‘isi ulushini hozirgi 2 foizdan 15 foizgacha oshirishni niyat qilgan.

Xitoyning «Great Wall Motor» avtokonserni esa yaqinda vodorod texnologiyalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha 500 million dollar ajratishini e’lon qildi. U jahonda birinchi bo‘lib, joriy yilda vodorod asosida 49 tonnalik og‘ir yuk tashuvchilarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihaga kirishdi.

Kompaniyaning ma’lumotiga ko‘ra, bu turdagi yonilg‘ida ishlovchi 1 million avtomobil yiliga 510 million tonna is gazi chiqarilishini qisqartirishga imkon berar ekan. 2022 yilda avtokonsern Pekinda o‘tadigan Qishki Olimpiada maydonida vodorodda ishlovchi dvigatelli yuqori klassdagi yengil avtomobillarni taqdim etish niyatida.

Rossiya energetika vaziri Nikolay Shulginov «Energetika siyosati» jurnaliga intervyu berar ekan, Rossiya kelgusi o‘n yil ichida jahon vodorod bozorining 20 foizini band etishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Vodorodni keng ko‘lamda ishlab chiqarish, saqlash va yetkazib berish masalasini tabiiy gaz yoki atom energiyasi asosida hal qilishimiz mumkin. Buning uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar bor. Uni har bir neftni qayta ishlash zavodlarida yo‘lga qo‘yish ham mumkin», deb ta’kidladi mulozim.

2024 yilga qadar ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, Rossiyani vodorod eksport qilish bo‘yicha jahon yetakchisiga aylantirish ko‘zda tutilmoqda ekan.

Binobarin, 2050 yilga borib, jahonda vodorodga bo‘lgan talab 700 million tonnaga yetadi. Rossiya xalqaro bozorlarga energiyaning ekologik toza turidan 33,4 million tonna sotib, uning eksportidan 100 milliard dollar foyda olmoqchi.

Saxalinda vodorod klasteri yaratiladi

Bu borada hozir «Gazprom», «Rosgidro», «Rossiya temir yo‘llari», «Sistema» kompaniyalari qatorida «Rosatom» vodorod energetikasi rivoji bilan juda aniq rejalar asosida ishlamoqda. Bunda Rossiya atom sanoati to‘plagan texnologik va ilmiy-tadqiqot salohiyatidan unumli foydalanmoqda.

U kam uglerodli vodorod ishlab chiqarishning ikki uslubini keng qo‘llamoqda. Bular – vodorod ishlab chiqarishning eng ekologik toza usullaridan biri bo‘lgan elektroliz olish («yashil» vodorod), shuningdek, SO2 texnologiyasini qo‘llash orqali metanning bug‘ konversiyasidir («zangori» vodorod).

«Rosatom» Saxalin oblastida yaratilayotgan vodorod klasterining muhim ishtirokchilaridan biri hamdir.

Bundan texnologiyalarni rivojlantirish Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvlarini ro‘yobga chiqarishda muhim rol o‘ynaydi va 2100 yilga borib global harorat ko‘tarilishini 2 selsiy birligi darajasida ushlab turishga xizmat qiladi.

Rossiya Fanlar akademiyasi Kimyo fizikasi muammolari instituti Vodorod jamg‘ariladigan energiyasi uchun materiallar laboratoriyasi mudiri Boris Tarasovning aytishicha, bu turdagi energetika vodorodga asoslanadi.

«Bugun insoniyatga is va zaharli gazlar chiqarmaydigan muqobil energiya manbalari zarur. Elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun vodorodni qo‘llash chog‘ida faqat toza suv ajralib chiqadi. Hozircha gaz va benzin undan ancha arzon, ammo texnologiyalarga katta sarmoyalar kiritilishi bilan vodorodning narxlari ham tushadi», deydi olim.

Qayta tiklanadigan energiyaga o‘tishning asosiy hal qilish kerak bo‘lgan masalasi – ishlab chiqarilayotgan shamol yoki quyosh energiyasini qanday va qayerda saqlash muammosidir.

Masalan, odatdagi quyosh panellaridan foydalanish chog‘ida oddiy elektrokimyoviy batareyalardan foydalaniladi. Agar uni megavatt va gigavat miqdorda ishlab chiqarilsa, bunday batareyalar salohiyati yetmaydi. Ularni saqlashning eng oddiy usuli yig‘ilgan energiyani vodorod shaklida saqlashdir.

Shu bilan birga, u tashish uchun nihoyatda xatarli hisoblanadi. Chunki, hatto havodagi oddiy kislorod bilan har qanday tutashuv jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Portlovchi xususiyati tufayli uni tashish texnik jihatdan qiyin va qimmatga tushadigan jarayondir. Bu vaqt va katta sarmoyalarni talab qiladi. Shu sababli uni xavfsiz saqlaydigan materiallar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy ishlar olib borilmoqda.

2019 yil yakunida vodorod yonilg‘isida ishlovchi «LM-68M» tramvayi Sankt-Peterburg shahrida dastlabki sinovdan o‘tkazilgan edi. O‘tgan yili oxirida bo‘lib o‘tgan majlisda RF Hukumat rahbari Mixail Mishustin ham ikki yildan keyin poytaxtda shahar jamoat avtobuslari vodorodda ishlashi kerakligini bo‘yicha tegishli topshiriq bergan edi.

Hozirda «Rosatom» va «Gazprom» atom elektr stansiyalarida, gaz qazib olish ob’yektlarida mahsulotni qayta ishlash korxonalarida namunaviy loyihalarni joriy qilmoqda. 2024 yilda vodorod yonilg‘isida ishlovchi temir yo‘l transporti uchun tajriba poligoni quriladi. Saxalindagi maxsus vodorod klasteri esa Yaponiya va Janubiy Koreyaga eksport uchun markaz vazifasini ham o‘taydi.

Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro jurnalist,
Toshkent
-Moskva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring