Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Toshshahartransxizmat» yangi avtobuslarga ega bo‘ldi

«Toshshahartransxizmat» yangi avtobuslarga ega bo‘ldi

Foto: «O‘zA»

Bugun, 27-oktyabr kuni «Samarqand avtomobil zavodi»da SAZ LE60 rusumidagi past polli, shahar avtobusining dastlabki partiyasi «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatiga topshirildi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.

Mazkur avtobus modeli zavodimiz konstruktorlarining birinchi intellektual mahsuloti, milliy brend hisoblanadi, deydi Samarqand avtomobil zavodining texnik masalalar bo‘yicha direktori H.Qobilov. Shahar ichki yo‘nalishlariga mo‘ljallangan ushbu avtobus polining pastligi hamda yo‘lovchilarni olish va tushirishda shassining pasayishi, ya’ni «kniling» tizimining mavjudligi, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilgani, konditsioner o‘rnatilgani va boshqa shu kabi imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Avtobusning umumiy yo‘lovchi sig‘imi 56 kishini tashkil etib, 25 o‘rindiq o‘rnatilgan. «Evro-4» ekologik standartiga javob beradigan ISUZU dvigateli o‘rnatilgan.

Foto: «O‘zA»

2014-yildan buyon ishlab chiqarilayotgan ushbu model ayni paytda Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya davlatlariga buyurtma asosida yetkazib berilmoqda. Shuningdek, Toshkent va Samarqand shaharlarida ham sinovdan o‘tkazilib, yo‘nalishlarda foydalanish uchun xarid qilinmoqda.

Samarqand avtomobil zavodi va «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, joriy yilda zavod poytaxt aholisi va mehmonlariga xizmat ko‘rsatish uchun 80 ta ana shunday zamonaviy avtobuslarni yetkazib berishni rejalashtirilgan. 2019 yilda esa yana 200 ta SAZ LE60 avtobuslari poytaxt ko‘chalarida harakatlana boshlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring