Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tarixni xo‘rlash emas, hurmat qilish kerak (foto)

Tarixni xo‘rlash emas, hurmat qilish kerak (foto)

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bir qator, jumladan, madaniy meros ob’yektlarida ruxsatsiz reklama bannerlari joylashtirish bilan bog‘liq ko‘plab faktlar aniqlanmoqda. Birgina joriy yilning dekabr oyida 386 ta joyda reklama belgilari va bannerlar demontaj qilingan bo‘lib, ularning 10 foizidan ortig‘i arxetiktura yodgorliklaridir. Huquqbuzarliklarning aksariyati Buxoroning tarixiy qismida qayd etilgan. Qonunda ko‘rsatilgan tartib-qoidalarni buzganlarga ogohlantirish xatlari yuborilib, tegishli tushuntirishlar berildi.

O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi bunday qonunbuzarliklar tobora ko‘proq aniqlanayotganini ma’lum qiladi. Madaniy meros agentligi tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, sayyohlik ob’yektlariga yetkazilgan zarar uchun amaldagi ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirishni taklif qilmoqda.

Agentlik tashkil etilganidan buyon o‘tgan qisqa vaqt ichida yoshlarga o‘zining tarixiy o‘tmishidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan qator ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, umumta’lim maktablarida yangi fan sifatida kiritilgan «Tarbiya» o‘quv qo‘llanmalarida madaniy meros ob’yektlarini asrab-avaylash, tarixiy obida va ziyoratgohlarni ziyorat qilishda odob-axloq saboqlarini o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, joriy yilning dekabr oyi boshida Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyi bilan hamkorligida «Madaniyat. Meros. Men» deb nomlangan aksiya o‘tkazildi. Unda Nukus davlat universitetining iqtisodiyot fakulteti turizm yo‘nalishi birinchi bosqich talabalari bilan qadimiy shahristonlar, qal’alar, ko‘hna kentlar hududini begona o‘t-o‘lanlar hamda turli chiqindilardan tozalash tadbirlari olib borildi.

Asrlar osha ajdodlardan avlodlarga omonat bo‘lib ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab kelinayotgan madaniy merosimizni ehtiyotlab, asrab-avaylash, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish – barchamizning muqaddas burchimizdir.

Madaniy meros agentligi bu kabi holatlarni bundan keyin ham qat’iy nazoratga olib boradi.

Madaniy merosimizga nisbatan noqonuniy va nojo‘ya harakatlar aniqlanganda barcha fuqarolardan +998712350310 raqamli «Qizil telefon»ga qo‘ng‘iroq qilishlarini va yaqinda tashkil etilgan https://t.me/+WSAt-B5KRhc1ZTcy telegramm kanaliga fotofaktlarni yuborishlarini so‘raydi.

Bebaho merosimiz jonkuyarlari bo‘lgan va bu kabi salbiy holatlar haqida tezkor ogohlik qo‘ng‘irog‘ini chalayotgan jurnalistlarga yana bir bor minnatdorlik izhor etib, doimiy yaqin hamkorlikda ishlashdan manfaatdorligimizni bildiramiz.

O‘zbekiston Turizm va Sport vazirligi huzuridagi

Madaniy meros agentligi matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring