Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Tarixni o‘zgartirgan 15 innovatsiya

Tarixni o‘zgartirgan 15 innovatsiya

«Ehtiyoj — kashfiyotning onasi», — degan edi qadimgi yunon faylasufi Aflotun. Farovon hayot doimo ilg‘or fikrlarni talab qilgan. Insoniyat hayotini o‘zgartirgan innovatsiyalar bois bugun biz hozirgi manzildamiz. Quyida insoniyat tarixida muhim deb topilgan innovatsiyalar haqida hikoya qilamiz. Agar sizda boshqacha qarash va fikrlar bo‘lsa, sharhlarda bu to‘g‘rida xabar bering.

1. Olov (miloddan avvalgi 400 000-yil). Olovdan ilk marotaba «Erta tosh davri»da foydalanilgan. Olov sovuqda omon qolish, taom pishirish va himoyalanishda, masofadan turib muloqot qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

2. Til (mil. avv. 100 000-yil). Ma’no va tovushga asoslangan til va muloqotning paydo bo‘lishi bir avlod to‘plagan tajribani keyingi avlodga yetkazishni osonlashtirgan, muloqot samaradorligi oshgan.

3. Savdo va ixtisoslashuv (mil. avv. 17 000-yil). Jahon tarixi rivojida savdo-sotiq va ixtisoslashuv ahamiyatli voqea bo‘lgan. Misol uchun, kimdir baliq ovida mahoratli bo‘lsa, boshqa birov undan taom tayyorlashda tengsiz edi. Natijada o‘zaro mahsulot almashish tizimi yuzaga keladi. Savdo-sotiq mintaqa bo‘ylab tarqalgach, odamlar tuyalarni ham xonakilashtirib, savdogarlikda foydalanishgan.

4. Qishloq xo‘jaligi (mil. avv. 15 000-yil). Dehqonchilikning kashf qilinishi bilan «daraxt bir joyda ko‘karadi» degan maqol ham paydo bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Zero, sarson-sargardonchilikdan ko‘ra, bir joyda yashash orqali qishloq va shaharlar qad rostlay boshladi. Hatto bu davrda mevalarni quritib, noqulay ob-havo vaqtida ocharchilikdan himoyalanish tadbirlari ham keng ommalashdi. Ko‘chib yurishga sarf qilingan vaqt hamda kuch-quvvat endi tabiatni yaqindan o‘rganish va yer bilan «tillashish»ga sarf qilina boshlandi, yangi vositalar, mehnat qurollari ixtiro qilindi.

5. Kema (mil. avv. 4000-yil). Qadimgi Misrda yaratilgan ilk yog‘och kemalarga havas qilgan yunonlar va rimliklar miloddan avvalgi 1200-yillarda bahaybat kemalar yasashga kirishadilar. Yangi va ilg‘or transport savdo-sotiq rivojini harakatga keltirgan navbatdagi ulkan kuch bo‘ldi.

6. G‘ildirak (mil. avv. 3400-yil). Innovatsiyalar orasida g‘ildirakning o‘rni yuqori. Janubiy Polshada istiqomat qilgan qabilaga tegishli bu ixtiro odamlarni o‘nlab yangi transport vositalarini yaratishga ilhomlantirdi. G‘ildirak avvaliga loydan yasalgan va olovda pishirilgan.

7. Pul (mil. avv. 3000-yil). Jamiyat taraqqiyotini keskin tezlashtirib yuborgan ixtirolardan biri pul bo‘lgan. Shumerliklarga tegishli bu ixtiro savdo-sotiq tizimini ancha osonlashtirgan va mahsulot almashuv jarayoni asta-sekin to‘xtatilgan.

8. Temir (mil. avv. 3000-yil). Temirchilik tarixi aslida miloddan avvalgi 4400-yillarda mis va kumush qazib olish bilan boshlangan edi. Biroq, oradan qariyb 1,5 ming yildan so‘ng yanada kuchli metall — temir kashf qilindi. Biz uchun oddiy metall bo‘lib qolgan temir insoniyat tarixining yangi davrini boshlab berdi.

9. Yozuv (mil. avv. 2900-yil). Til kashf qilingach, oradan taxminan 95 ming yillardan so‘ng yozuv ham paydo bo‘lgan. Odamlar raqamlarni kashf qilishadi. Yozuv hisob-kitob, ilm uchun tagzamin bo‘ldi. Mixxatli shumer yozuvi ilk yozuv bo‘lgan. Yozuvdan so‘ng, oradan 1850-yil o‘tib, ilk alifbo ham shu yerda tatbiq etilgan.

10. Huquq tizimi (mil. avv. 1780-yil). Yozuvning paydo bo‘lishi natijasida miloddan avvalgi 1780 yilda Bobilning oltinchi qiroli Hammurapi buyrug‘iga ko‘ra, jamiyatda yashashga oid qonun-qoidalar ishlab chiqiladi va toshga o‘yib, shahar o‘rtasiga qo‘yiladi. Bu esa jamiyatni adolat me’yorlari orqali boshqarishda qo‘l kelgan.

11. Po‘lat (mil. avv. 650-yil). Temir va uglerod qotishmasi bo‘lgan bu metall bizga ma’lum eng chidamli moddalardan biri. Po‘lat ilk marotaba G‘arbiy Osiyo hududida kashf qilingan.

12. Elektr toki (mil. keyin 1600-yil). Ingliz olimi Uilyam Gilbert kashf qilgan yangi quvvat manbaiga «electricity» deb nom berilgan. Bu so‘z Yunoniston hududida yashagan finikiyaliklarning «elēkrŏn», ya’ni «yonar tosh» so‘zidan olingan va qahrabo (zargarlikda foydalaniladigan qimmatbaho tosh)ga nisbatan ishlatilgan.

13. Suv quvvatidan foydalanish (mil. avv. 200-yil). Charxpalak orqali turli mashaqqatli yumushlar oson amalga oshirilgan. Misol uchun, suv charxpalagi harakatga keltirgan tegirmonlardan Yevropada XIX asrgacha foydalanilgan.

14. Qog‘oz (miloddan keyin 105-yil). Yangi kalendar davrining ilk asrida Xitoyda qog‘oz atalmish axborot tashuvchi vosita paydo bo‘ldi. Bu esa ilm-fanga poydevor bo‘lgan. XVI asrda ipak qog‘ozlar o‘rnini yog‘ochdan tayyorlangan pishiq qog‘ozlar egalladi. Natijada, bilim va ilm yanada tezroq va ko‘proq tarqala boshladi.

15. Tosh bosma (1040-yil). Taxminan 900-yillarda yaratilgan tosh bosma mualliflari xitoyliklar bo‘lishgan. 1436 yilda esa Germaniyada Iogann Gutenberg tomonidan kitob bosish stanogi yaratilgan. Bunda maxsus siyoh va qalaydan yasalgan harflardan foydalanilgan. Natijada kitoblar ko‘p bosila boshlandi. Yevropaning XV asrdan ilm-fan markaziga aylana boshlashi ham ana shu ixtiro mevasi edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring