Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat raisi dehqon bozorlaridagi sanitariya holati talabga javob bermasligini tanqid qildi

Senat raisi dehqon bozorlaridagi sanitariya holati talabga javob bermasligini tanqid qildi

Foto:«Uza.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. 

Unda so‘z olgan Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakatdagi dehqon bozorlarining sanitariya - epidemiologik holati talabga javob bermasligini ta’kidladi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar berdi. 

«Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 300 ga yaqin dehqon bozori va ularning 150 dan ortiq shoxobchasining aksariyati ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanmagan, savdo rastalari yetishmaydi, tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun maxsus rastalar va sharoitlar yaratilmagan», dedi u.

Veterinariya - sanitariya laboratoriyalari tashkil etilmagan, chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus joylar ajratilmagan.

Shuningdek, dehqon bozorlarida sanitariya - gigiyena talablariga javob bermaydigan, bozor hududining ochiq maydonlarida yoki uy sharoitida tayyorlangan taomlar bilan savdo qilish amaliyoti tobora avj olmoqda.

2018-yilda o‘tkazilgan sanitariya nazorati tadbirlarida dehqon bozorlaridagi 46 855 nafar sotuvchi tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi aniqlangan.

Ana shunday bir sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish hamda xizmat ko‘rsatish paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga o‘z vaqtida rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha sanitariya - epidemiologiya xizmatining nazorat faoliyati cheklanganicha qolmoqda.

Ya’ni qonunchilikka muvofiq, sanitariya - epidemiologiya xizmati tekshiruv o‘tkazish uchun vakolatli organga buyurtma beradi.

Buyurtma vakolatli organ tomonidan uch ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi hamda tekshiruvni o‘tkazish kelishilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Bunday amaliyot sanitariya - epidemiologiya xizmati zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqarmoqda.

Birgina misol: 2018-yilning sentyabrida Qarshi shahridagi «Baxtli oila» to‘yxonasida o‘tkazilgan to‘yda 70 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangan.

Shunga qaramasdan, sanitariya-epidemiologiya markaziga ushbu ob’yektdagi zaharlanish holatini tekshirish va profilaktik choralarni amalga oshirish maqsadida qisqa muddatli sanitariya nazoratini o‘tkazishga ruxsat berilmagan.

Shu bois, Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati tekshiruvlarini kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi 2018-yil 7-sentyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtinchalik nizomga tegishli o‘zgartishlar kiritish dolzarb ahamiyatga ega.

Xususan, davlat sanitariya nazoratini barcha ob’yektlarda, shu jumladan, tadbirkorlik sub’yektlariga qarashli savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida istalgan vaqtda, hech qanday moneliksiz, moliya - xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda o‘tkazish mumkinligini belgilash masalasini ko‘rib chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz» dedi Senat raisi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring