Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Raqamli hukumat. O‘zbekiston delegatsiyasi Singapur tajribasini o‘rgandi

Raqamli hukumat. O‘zbekiston delegatsiyasi Singapur tajribasini o‘rgandi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston delegatsiyasi raqamli hukumatni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida Singapurga tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi hamda Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi vakillari o‘rin oldi.

Singapur — aholi va biznesga elektron xizmatlar taqdim etish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi. 2005—2016-yillar davomida Singapur davlat organlari o‘z xizmatlarini elektron shaklda taqdim etishni boshlashdi. 2005—2009-yillar davomida 1600 ta davlat xizmatlari (barcha xizmatlarining 80 foizi) elektron shaklga o‘tkazildi.

Hozir mamlakat «Raqamli hukumat» tizimini qurmoqda. Mazkur tizim doirasida fuqarolar raqamli davlat xizmatlaridan qachon xohlasa va qayerda istasa foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.Tizim barcha idoralarning faoliyati mujassam bo‘lgan hamda fuqaro bilan ikki tomonlama aloqa ta’minlangan yagona raqamli platformada davlat boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyatini beradi.

Singapur «agile»  (tezkor) rejimidagi davlat xizmatlarini ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratmoqda. Ya’ni, davlat idoralari tezkor ravishda davlat xizmatlarini ishlab chiqarishadi hamda tatbiq etishadi. So‘zsiz, kadrlarni tayyorlash va tadqiqotlar o‘tkazish «Raqamli hukumat» tizimini yaratishdagi muhim jihatlardan biri hisoblanadi.

Singapur Milliy universitetining Tizimli fanlar instituti qoshidagi Elektron hukumatning yetakchilik markazi (NUS ISS/eGL) salohiyatni mustahkamlash, maslahat va amaliy tadqiqotlarda ko‘mak ko‘rsatadi.

Talab qilingan raqamli davlat xizmatlarini ishlab chiqarishda xizmatlardan foydalanuvchining talablariga hamda dizayn-fikrlashga katta e’tibor beriladi. Bunga esa Elektron hukumatning yetakchilik markazi tinglovchilari o‘qitiladi.

Tashrif chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi SCEning rahbarlari va vakillari «GovTech» hukumat texnologiyalari agentligi, Singapur Milliy universitetining Tizimli fanlar instituti qoshidagi Elektron hukumatning yetakchilik markazi, «KDi Asia Pte. Ltd», «Ecquaria», «vCargo Cloud», «SMRT», «ST Electronics», «NCS» va «Surbana Jurong» kompaniyalari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Nanyang texnologiya universiteti, Jurong shahar kengashi, Singapur kiber xavfsizligi agentligi, Singapur yer transport boshqarmasi va «Infocomm Media Development Authority» (IMDA) vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston vakillari elektron va raqamli hukumatni rivojlantirishning asosiy bosqichlari, shuningdek, «aqlli shaharlar» yaratish bilan tanishishdi. Shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda AT-mutaxassislar tayyorlash va innovatsiyalarni tatbiq etish bo‘yicha Singapur tajribasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar AT-infratuzilmani va ma’lumotlarni himoya qilishda kiber xavfsizlik masalalari, shuningdek, «xavfsiz shahar» loyihasi amalga oshirilishini muhokama qilishdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston vakillari Singapurda ishlab chiqarilayotgan hamda joriy qilinayotgan innovatsion loyihalar bilan tanishdilar. Xususan, Nanyang texnologiya universitetida singapurliklarning Niderlandiyaning «2 Get There» kompaniyasi bilan hamkorlikdagi haydovchisiz shahar avtobuslarining ishlanmasi namoyish etildi. Hozirda bunday avtobuslar «Changi» xalqaro aeroportida sinovdan o‘tkazilmoqda.

«O‘zbekiston hukumati AT-bozori va davlat tomonidan elektron xizmatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Singapur Buyuk Britaniya, Avstraliya va Janubiy Koreya keyin Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumat reytingida to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Ayni vaqtda, Singapur yalpi ichki mahsulotidagi AKT sohasining ulushi 9-11 foizni tashkil etmoqda», — dedi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi, Innovatsiya markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Ayupov. — «Singapurga bo‘lgan mazkur tashrif chog‘ida biz axborot texnologiyalarini rivojlantirish, «aqlli» va «xavfsiz» shaharlar, shuningdek, AT-infratuzilma xavfsizligini ta’minlashdagi Singapurning eng yaxshi tajribalarni o‘rgandik. Orttirilgan bilimlar e-hukumat va raqamli transformatsiya bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishidagi o‘z ishimizni yanada samarali tashkil qilish imkonini beradi».

«Tashrif — biz ularning kadrlarni tayyorlash borasidagi tajribasini yanada chuqurroq o‘rganish uchun Singapur tashkilotlari va kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz kerakligini ko‘rsatdi», — qo‘shimcha qildi u.

Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tashkilotlari uchun biznes-jarayonlarni reinjiniringi hamda ular faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishadi.

Ma’lumot o‘rnida:

Mazkur tanishtiruv tashrifi AKT vazirligi hamda BMTTDning «Samarali Davlat Boshqaruvini rivojlantirish va Raqamli Transformatsiyaga ko‘mak» qo‘shma loyihasi doirasida AKT vazirligi va Hamkorlik bo‘yicha Singapur davlat agentligi (SCE) o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumiga muvofiq tashkil etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring