Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qishloq xo‘jaligida qat’iy nazoratdagi dolzarb oylik boshlandi

Qishloq xo‘jaligida qat’iy nazoratdagi dolzarb oylik boshlandi

Foto: «President.uz»

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 23-mart kuni qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda g‘alla hosildorligini oshirish, chigit ekish ishlarini sifatli bajarish, meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishga oid masalalar muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash — katta masala. Bu esa qishloq xo‘jaligida yuqori hosil olish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishga bog‘liq, — dedi davlat rahbari.

Urug‘ sentyabr-oktyabr oylarida ekilib, o‘z vaqtida mineral o‘g‘it berilgan va sug‘orilgan dalalarda g‘alla to‘liq naychalash bosqichida rivojlanmoqda. Lekin 5,7 foiz maydonlarda g‘alla o‘sishi kechikib, haligacha tuplash fazasida qolmoqda. Buning asosiy sababi g‘allani sug‘orish, dalalarga mahalliy o‘g‘it chiqarish, yovvoyi o‘simlik va zararkunandalarga qarshi kurashish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilganidir.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, g‘allani mart va aprel oylarida kamida bir martadan qondirib, sharbat usulida sug‘orish hamda suspenziya usulida bargidan oziqlantirish, o‘simliklarni himoyalash vositalari sepishni yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Har bir fermer xo‘jaligi bo‘yicha don yetishtirishda hosildorlikni gektariga kamida 10 sentnerga oshirish yuzasidan dolzarb oylik e’lon qilib, 21-aprelgacha kunma-kun amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash zarurligi ta’kidlandi.

Chigit ekishni sifatli o‘tkazish va to‘liq ko‘chat olish masalasiga e’tibor qaratildi.

Joriy yilda 1 million 71 ming gektardan ortiq maydonga chigit ekish belgilangan. Bu 2017-yilga nisbatan 135 ming gektarga, 2016-yilga nisbatan esa 184 ming gektarga kamdir. Chunki fermerlarga faqat zarar keltiradigan, hosildorligi 15 sentnerdan past bo‘lgan yerlarga paxta ekishdan voz kechildi, buning o‘rniga xaridorgir mahsulotlar ekilishi belgilandi.

— Eng asosiysi, qishloq xo‘jaligida iqtisodiy asosli va adolatli tizim yaratilib, paxta-g‘allaning xarid narxi xarajatlarni qoplaydigan va foydani ta’minlaydigan qilib belgilab qo‘yildi. Endi «chigit ekishga mablag‘ yetmayapti, yoqilg‘i yo‘q» degan bahonaga o‘rin qolmadi, ajratilayotgan mablag‘lar barcha tadbirlar uchun yetadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlardagi sektorlar rahbarlariga chigit ekish ishlarini mutlaqo yangi tizim bo‘yicha tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mavsumda talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it, chigit ekish texnikasi va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini aniq hisob-kitob va jadval asosida yetkazib berish, 15-aprelgacha chigit ekish ishlarini to‘liq yakunlab, 25-aprelga qadar nihol undirib olish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring