Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qimor va tavakkalga asoslangan boshqa o‘yinlar uchun qonunchilikda qanday jazo belgilangan?

Qimor va tavakkalga asoslangan boshqa o‘yinlar uchun qonunchilikda qanday jazo belgilangan?

O‘zbek xalq milliy o‘yinlari o‘zining uzoq o‘tmishi, boy tarixiga ega bo‘lgan, ajdodlardan avlodlarga meros sifatida o‘tib kelayotgan, ma’naviy boyliklarimizdan hisoblanadi.

Qadim zamonlarda xalqlarda yoshi, turmush tarzi va e’tiqodidan qat’iy nazar ishtirokchilar o‘rtasida otda yurish, otda chopish va poyga, tosh ko‘tarish musobaqalari, kamondan o‘q uzish kabi qizg‘in, kuch talab qilinadigan o‘yinlar tashkil qilingan. Shuningdek, xalq orasida ko‘pkari, kurash va boshqa turdagi milliy o‘yinlar keng tarqalgan.

Ming afsuski fuqarolarimiz ayniqsa, yoshlar orasida pul tikib, turli parranda va hayvonlarni urishtirib qimor o‘ynash holatlari kuzatilmoqda.

«Milliy xalq o‘yinlari» niqobi ostida o‘rtaga pul tikib parranda va hayvonlarni urushtiruvchi fuqarolarning borligi achinarli, albatta.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasida: Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, huddi shuningdek hayvonlarni qiynash, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, huddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Bundan tashqari, mazkur Kodeksning 191-moddasida: Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish — ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘lishi, huddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etishga jalb qilish — ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘lishi belgilab berilgan.

Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish, noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishga hamda ularga o‘smirlar va yoshlarni jalb etishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarga barham berish, qimor biznesining rivojlanishi salbiy oqibatlarini oldini olish, noqonuniy qimor o‘yinlari tashkilotchilari va qatnashchilarining javobgarligini kuchaytirish masalalari bugungi kunda dolzarb masala hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 278-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 28 martdagi «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-608-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 176-sonli qarorida qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatlarga chek qo‘yish, hamda javobgarlikni kuchaytirish belgilangan.

Jinoyat kodeksining 278-moddasida: Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash — yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi,

O‘sha harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;

b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, —

yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab berilgan.

Bu kabi jinoyat va huquqbuzarliklarga chek qo‘yish ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarimizni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil qilmaslik va ularda ishtirok etmaslik bo‘yicha OGOHLANTIRADI!

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring