Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuror «Chiroqchi voqeasi» aybdorlariga 10 yilgacha so‘radi

Prokuror «Chiroqchi voqeasi» aybdorlariga 10 yilgacha so‘radi

Foto: «Daryo»

Shu yilning yanvar oyida Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu. A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi. Holat bo‘yicha o‘sha paytdayoq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, bir necha IIB xodimi hibsga olinishidan tashqari tuman va viloyat IIBdagi qator mas’ul xodimlar ishdan olingandi.

Xabaringiz bor, shu kunlarda «Chiroqchi voqeasi» aybdorlari ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K.Tolliboyev raisligida Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Sud ishida davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etayotgan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Shahboz Abdiyev sudlanuvchilarga so‘rayotgan muddatini ma’lum qilib, garov evaziga ochiqda qolgan sudlanuvchilarni sud zalidan qamoqqa olishni so‘ragan. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, sud muzokarasida so‘z olgan prokuror Shahboz Abdiyev Chiroqchi tuman IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan sudlanuvchi Nurbek Ovlayev hamda Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Anvar Jonqobilovlar 3 yil muddatga IIB tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi lozimligini bildirgan.

Prokuror shuningdek, marhum Yusuf Abdurahmonov istiqomat qilgan va mol o‘g‘riligi bo‘yicha shikoyatlar ko‘paygan Langar qishlog‘ining sobiq profilaktika inspektori Sherzod Rahmonov ham 3 yil muddatga IIB tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil muddatga umumiy tartibli koloniyalarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashi lozimligini ma’lum qilgan.

Shahboz Abdiyev 2020-yil 21—22-yanvar kunlari IIB binosida o‘g‘rilikda gumonlangan marhum Yusuf Abdurahmonov bilan sheriklikda ayblanib, qiynoqqa solingan ota-bola Qurbon Ostonoyev hamda Bahrom Avliyoqulovlarni IIB binosiga olib borgan profilaktika inspektori Adham Tojinorovning ham IIBda ishlash huquqi 3 yilga cheklanishi va 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinishini so‘ragan.

Davlat qoralovchisi Langar qishlog‘idagi mol o‘g‘riligi bo‘yicha Prezident portaliga qilingan murojaatni o‘rganish maqsadida ushbu qishloqqa borib, murojaatchi nomidan tilxat yozgan va murojaatni soxta hujjatlar bilan yopishga uringan Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Boburmirzo G‘ayratov ham 2 yil 6 oy muddatga IIB tizimida ishlashdan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi lozimligini ta’kidlagan.

Prokurorning qo‘shimcha qilishicha, sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev, Anvar Jonqobilov, Sherzod Rahmonov hamda Adham Tojinorovlar hisobidan marhumning qonuniy vakili Go‘zal Abdiyeva foydasiga 52 million 750 ming so‘m moddiy va ma’naviy zarar undirilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, sud muzokarasida so‘z olgan marhumning qonuniy vakili Go‘zal Abdiyeva sud hay’atidan sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev hamda Anvar Jonqobilovlarni sud zalidan ozod qilishni so‘ragandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring