Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda ilk ekoko‘ngillilar tarmog‘i yaratildi

O‘zbekistonda ilk ekoko‘ngillilar tarmog‘i yaratildi

Qanday soha bo‘lishidan qat’iy nazar ishiga chin dildan yondashadigan ko‘ngillilarning alohida o‘rni bor.

Joriy yilning 14–17 fevral kunlari Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi, «Ekolog» jamoat birlashmasi, «YuSAID» hamda «Eurasia Foundation» xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda volontyorlar maktabi mentorlari va ekovolontyorlar uchun o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Respublikamizning turli hududlaridan saralab olingan 28 nafar yigit va qizlar ilk marotaba ekologik muammolarni bartaraf etish, yoshlarning ekologik ongini shakllantirish, atrof-muhit muhofazasida birlashish uchun bir kuchga aylandilar.

Trening davomida «virtual suv», «suv izi», suv sarfi, chiqindining yo‘li, Qizil Kitobning ahamiyati,  boshpanasiz hayvonlar muammosi kabi muhim ma’lumotlar orqali volontyorlarning atrof-muhit muhofazasidagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Volonterlar ta’lim muassasalarida «Mehr darslari»ni qay tarzda o‘tish kerakligi interaktiv o‘yinlarda ko‘rsatib berildi.

— Ekologik muammolarni faqatgina hamkorlikda bartaraf etish mumkin. Men aynan shu yo‘lda yoshlarni birlashtirishni istardim. Yosh jamoat birlashmamiz tomonidan ekovolontyorlarni yig‘ishga, ularning aniq dastur yordamida ishlaydigan tarmog‘ini yaratishga anchadan beri harakat qilib kelayotgan edik. Ammo yetarli mablag‘ning yo‘qligi, ko‘ngillarimizda bilim yetishmasligi faoliyatni keng olib borishimizga to‘sqinlik qilayotgandi, deydi «Ekolog» jamoat birlashmasining rahbari N.Qosimova. — Yoshlar ishlar  agentligining rahbari Alisher Sa’dullayev mazkur faoliyatimizga xayrixohlik bildirib, qisqa muddatda ekologik muammolarga befarq bo‘lmagan yoshlar uchun o‘quv-seminarni tashkil etishda yordam berdi. Ularning faoliyatini kengaytirish borasida Yoshlar ishlari agentligi hamda «Ekolog» jamoat birlashmasi tomonidan hamkorlik memorandumi imzolandi.  

— Men volontyorlikning yangi yo‘nalishida o‘zimni sinab ko‘rish uchun ro‘yxatdan o‘tdim va yosh ekoko‘ngilli forumi ishtirokchilari safiga qabul qilindim, – deydi ekovolontyor Begzod Yakubov. — Ilk kunda bir-biridan muhim treninglar davomida sohaga chuqurroq kirib borish orqali ekologiya «Ona tabiatni asrab-avaylaylik», – degan umumiy va quruq gaplardan iborat emasligining guvohi bo‘ldim. Bugun biz turli hududlardan yig‘ilgan ekovolontyorlar ekologiyaning mohiyatini, ekologik madaniyatni xalqqa singdirishda o‘zimizning salmoqli hissamizni qo‘shamiz!

Tadbir yakunida ishtirokchilarga Tabiat resurslari vazirligi tomonidan Qizil kitob sovg‘a qilindi.

                                                                                Komila HAMROYeVA, ekovolontyor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring