Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston madaniy merosi Germaniyada namoyish etiladi

O‘zbekiston madaniy merosi Germaniyada namoyish etiladi

Foto: O‘zEOAVMA axborot xizmati

2019 yilning 15 yanvarida Berlinda (Germaniya) «Buyuk Ipak yo‘li merosi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi» mavzusida Xalqaro ilmiy-madaniy forumi bo‘lib o‘tadi. 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida o‘tkaziladi.

Forum doirasida O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» loyihasiga oid kitob-albomlar ko‘rgazmasining ochilish marosimi, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining tabrik so‘zi bitilgan «O‘zbekistonning madaniy merosi Germaniya kolleksiyalarida» illyustratsiyali kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

O‘zEOAVMA matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu kitob-albom O‘zbekistonning kitob chop etish tarixiga zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda chop etilgan birinchi kitob sifatida kiradi, uni smartfon orqali o‘qish, shu jumladan 3D ko‘rinishda tomosha qilish ham mumkin.

Germaniyaning yetakchi san’atshunos olimlari Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgard muzeylaridagi buyuk o‘zbek san’ati kolleksiyalari, xususan:

- «Berlin etnologik muzeyidagi Buxoro amirligidan kolleksiya»;

- «Gamburg amaliy-dekorativ san’at muzeyi to‘plamidan Buyon-Qulixon maqbarasining durdonalari»;

- «Berlin davlat kutubxonasidagi Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari»;

- «O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosi eksponatlari Bumiller to‘plamida»;

- «Shtutgartdagi Linden muzeyi sharqiy filiali»ning noyob kolleksiyasi haqida so‘zlab berishadi.

Germaniya muzeylaridagi o‘zbek kolleksiyalari haqida so‘z borar ekan, sharqiy Renesans davrida yaratilgan qo‘lyozmalarning alohida ahamiyati borligini ta’kidlab o‘tish kerak. Berlin Davlat kutubxonasi «Sharq» bo‘limi rahbari doktor Kristofer Raux kutubxonada saqlanayotgan o‘zbek kitobot san’ati durdonalari haqida shunday deydi:

«Bu yerda taqdim etilgan qo‘lyozmalarning ayrimlari o‘zbek klassiklari yashagan va ijod qilgan hududlardan kelib chiqqan, ba’zilari esa bevosita O‘zbekistondan olib kelingan. Bu XIX asrdan buyon kutubxonada saqlanayotgan Ulug‘bekning astronomik jadvallari. Ushbu qo‘lyozmada 38 yulduzlar turkumiga kiruvchi 1018 ta yulduz haqida ma’lumot berilgan, shuningdek yulduz yilining uzunligi ko‘rsatilgan».

O‘zbek san’atining ajoyib kolleksiyalari Germaniyaning Berlin, Drezden va Leypsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyadagi Pergam muzeyida islom dunyosining asosiy reliktlari hisoblangan qo‘lyozma kitoblar va sharq tamadduni amaliy san’ati asarlarining qimmatbaho namunalari taqdim etilgan.

«Biz o‘zbek san’ati kolleksiyasiga ega ekanligimizdan faxrlanamiz», - deydi Pergam muzeyi tarkibiga kiradigan islom san’ati muzeyi direktori o‘rinbosari doktor Ute Franke, - «U katta emas, lekin juda katta tarixiy va badiiy ahamiyatga egadir».

Media-forum doirasida, shuningdek, «O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining yuragi» deb atalgan tantanali kecha bo‘lib o‘tadi.

Berlindagi media-iventning so‘nggi tadbiri bu - milliy uslubdagi gala-kechki ovqat bo‘lib, unda mehmonlarga eng sara o‘zbek taomlari taqdim etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring