Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Osmon uzoq, yer qattiq. Koronavirus davrida Rossiyadagi millionlab mehnat muhojiri qanday kun ko‘rmoqda?

Osmon uzoq, yer qattiq. Koronavirus davrida Rossiyadagi millionlab mehnat muhojiri qanday kun ko‘rmoqda?

Foto: TASS

Koronavirus pandemiyasi Rossiyada mehnat qilib kelayotgan Markaziy Osiyo davlatlari migrantlari hayotini izdan chiqarib yubordi. Yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilgan damlarda ko‘p sonli migrantlar ishsiz, maoshsiz qoldi.

Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi qoshidagi markaz tadqiqotlariga ko‘ra, birgina poytaxt Moskva shahrida 54 foiz mehnat muhojiri ishidan ayrilgan yoki haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilgan.

Rossiya migrantlar federatsiyasi rahbari Vadim Kojenov hisob-kitobiga ko‘ra, Markaziy Osiyodan kelgan 4 millionga yaqin mehnat muhojiri, jumladan, 2-3 million o‘zbekistonlik, 800 ming nafardan qirg‘izistonlik va tojikistonlik daromad manbaidan mahrum bo‘ldi.

O‘zbekistonlik Shahzod – pandemiya davrida ishsiz qolgan millionlab migrantlardan biri. 24 yoshli yigit Podmoskoveda bolalar bog‘chalariga oziq-ovqat yetkazib tirikchilik qilgan.

Mart oyi oxirida bog‘chalar karantinga yopilgach, Shahzod ishidan mosuvo bo‘lgan. Qora qozon qaynamasa bo‘lmaydi. Boz ustiga, u oilada yagona boquvchi. Harakatchan va jonsarak yigit oshig‘ich ravishda chilangarlikni o‘rgandi. Ish ham topildi. Ish beruvchilar uning kasbiy malakasini sinovdan o‘tkazib ma’qul deb topishdi. Ammo hujjatdan gap ochilib, yigitcha yashil pasportini ko‘rsatgach, quyuqqina qilib uzr so‘rashdi:  Ma’zur tutasiz, biz faqat Rossiya fuqarolarini qabul qilamiz! Rus tilida biyron gapirishu chilangarlik mahorati ham foyda bermadi.

Foto: Google Images

Mart o‘rtalaridan beri to‘rt devor orasida ishsiz qolib ketgan Olimjon esa O‘zbekistondagi yaqinlari yuborayotgan pulga kun ko‘rmoqda.

«Uy ketsam deyman. Ammo chegara hozircha yopiq. Chipta esa otliqqa ham topilmayotir. Elchixonadan ma’lum qilishlaricha, charter reyslar  uchun 70 ming kishi navbatda turibdi. Agar hozir navbatga yozilsak, bilmadim, kelasi yilda uchib ketsak kerak», – deydi Olimjon.

Rossiya bo‘ylab koronavirus ofati shiddat bilan yoyilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, mamlakat bo‘yichi ushbu infeksiyaga chalinganlar soni 450 mingdan oshdi. Hozirga qadar 5725 ta o‘lim holati qayd etildi. 

Epidemiologik vaziyat tang bo‘lib turgan bir paytda mehnat muhojirlari hayoti xavf ostida qolmoqda. Sir emas, muhojirlar qo‘li kaltalik vajidan yotoqxona yoki umumiy kvartiralarda yashaydi. Umumiy turarjoylarda esa virus tarqalishi xavfi juda yuqori. Virus yuqtirib olgan mehnat muhojirlarini mahalliy shifoxona yoki tez yordam xizmati qabul qilishdan bosh tortayotgani haqida ham xabarlar bor.

O‘zbekistonlik 56 yoshli Gulnora opaning ish payti virusga chalinganiga ishonchi komil. U Podmoskoveda chol-kampirga qarar edi. Keksa er-xotin koronavirusga chalinib, shifoxonaga tushib qoladi. Oradan bir necha kun o‘tib Gulnora opa ham isitmalaydi. U ham koronavirus yuqtirib olgan ekan! Ammo tez yordam xizmati xodimlari mehnat muhojirini shifoxonaga olib ketishdan bosh tortadi. Noiloj qolgan ayol Toshkentga – tanish shifokoriga qo‘ng‘iroq qilib, uning maslahati bo‘yicha o‘zini o‘zi davolashga kirishadi.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari patent rasmiylashtirish payti majburiy ravishda tibbiy polis xarid qiladi. Ammo aksar hollarda virusga chalingan migrantlarga tibbiy polis ham yordam bermayapti.

Foto: RIA Novosti

Prezident Vladimir Putin farmoniga ko‘ra, karantin davrida xorijlik mehnatkashlarga bir qator yengilliklar berildi. Masalan, mehnat muhojirlari 15 martdan 15 iyunga qadar patent uchun pul to‘lamagan holda ishlashi mumkin. Ammo Rossiyaning turli mintaqalarida ish beruvchilar va vakolatli idoralar «Putin nimalar demaydi» qabilida e’tiroz bildirib, hamon patent to‘lovini talab qilayotir.

Eslatib o‘tamiz, xorijdagi, xususan, Rossiyadagi mehnat migrantlari yuborayotgan mablag‘ Markaziy Osiyo mamlakatlari YaIMda salmoqli ulushga ega. O‘tgan yillarda O‘zbekiston YaIMda mehnat muhojirlari ulushi 10 foizni tashkil etgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring