Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchi dardi

O‘qituvchi dardi

Foto: «Yvision»

Kechqurun darsdan qaytayotgan ayolga bezori uchrab, tunamoqchi bo‘libdi. Taqinchoqlarini, sumkasini olgach, soatiga yopishibdi. Shunda o‘qituvchi: «Nima olsang olginu, lekin soatimga tegma», — debdi. Bu hazilnamo latifada qanchalik achchiq haqiqat yashiringanini payqagan bo‘lsangiz kerak.

Dars soatidan boshqa hech qanday daromadi bo‘lmagan, eri ish topolmay chetga ketib qiynalayotgan o‘qituvchi ayollarimiz yoxud majburlikdan ishlayotgan erkak o‘qituvchilarimizdan «Ahvoling qalay?» deb so‘rash o‘rniga kunda-kunora maktabga goh u sohadan, goh bu sohadan komissiya kelishi ortiqcha emasmi?!

Prezident xalq ta’limi amaldorlariga «pastga tush, qara, yordam ber» desa, ular o‘z qarichi bilan o‘lchab, tekshir-tekshirlari bolalab, ko‘z ochtirmay qo‘yayapti.

«Bechorani urma, so‘kma, choponini yirt» degani shu bo‘lsa kerak-da.

O‘qituvchi — ijodkor, tadbirkor emas. Uni tekshir-tekshir qilib, qog‘ozbozlikka ko‘mib, hech qachon natijaga erishib bo‘lmaydi. Uning ham oilasi, bola-chaqasi bor, lekin kunda-kunora jaraq-jaraq daromad keltiradigan korxonasi yo‘q.

Komissiya keladi deb oyog‘i qaltiraydigan o‘qituvchi dars o‘tolmasligidan emas, ba’zi hujjatbozliklari chala ekanligidan cho‘chiydi. Chala bo‘lgan hujjatlar uchun ba’zan maoshidan jarima ham to‘laydi. Oladigan oyligining 20 foizi uy to‘lovlari, 20 foizi yo‘lkira va tushlik, 20 foizi maktabdagi ayrim xarajatlarga sarf bo‘layotgan o‘qituvchi uchun komissiyani xursand qilishga ajratiladigan pul ortiqchalik qilmaydimi?!

Hech ko‘rganmisiz maktabga kelgan janob tekshiruvchining o‘qituvchiga kamchiligini ko‘rsatgani-yu bilmaganini o‘rgatganini?!

Prezident ta’lim sohasi mutasaddilariga o‘qituvchining ahvolini o‘rganinglar desa, aksi bo‘layapti. Bu nima, aytilganning teskarisini qilish deganimi?!

Ustozlarimiz: «Bolaga bola deb qaramang, ular ertaga katta odam bo‘ladi, yigirma yildan keyin ham sizning qanday dars berganingizni aytadi», — deyishgan. Shuning o‘zi vijdonli, iymonli o‘qituvchilar uchun yetarli emasmi?!

To‘g‘ri, guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, ichimizda 45 minut gapirmasdan, esnab o‘tiradigan o‘qituvchilar ham bor. Ular yuqoridagi gaplardan xulosa chiqarib olishmasmikan?!

O‘qituvchi uchun eng oliy hakam — o‘quvchi. Hech qanday tekshiruvchi ham, o‘qituvchi ham, hatto ota-ona ham o‘quvchichalik baho bera olmaydi. Buning uchun o‘qituvchini tekshir-tekshir qilish, tirnoq ostidan kir qidirish shart emas, unga yordam berish kerak xolos.

Bekxo‘ja

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring