Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olmazor hokimi o‘rinbosari ishdan ketishi kerak — deputat

Olmazor hokimi o‘rinbosari ishdan ketishi kerak — deputat

Abdurasul Vahabov (o‘rtada, qora futbolkada, qo‘lini paxsa qilib turibdi)

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi, "o‘zini ko‘cha zo‘ravonidek tutib, hokimiyat nomiga dog‘ tushirgani, rahbarlikka noqobilligi uchun lavozimini tark etishi kerak"ligini aytgan.

Shuningdek, deputat so‘zini asoslash uchun "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonundan ko‘chirmalar keltirgan:

  • Jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega.
  • Jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.
  • Jurnalist axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.
  • Jurnalist o‘z tekshiruvlarining natijalarini ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishga, ularni davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin.
  • Jurnalist tekshiruvi davrida u ko‘lga kiritgan materiallar va hujjatlar olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emas.
  • Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlaydi.
  • Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma’lumotni talab etish taqiqlanadi.
  • Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik, jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yganlik uchun javobgarlikka tortiladilar.
  • Jurnalistning belgilangan huquqlarini buzganlik, uning jurnalistlik kasbiga doir faoliyati bilan bog‘liq holda sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 14-avgust kuni Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabov surishtiruv uchun oldiga kelgan «Kun.uz» xodimlariga tajovuz qilgan, ularning shaxsiy mulkiga zarar yetkazgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring