Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Noyob inshootning noyob tarixi. Toshkent teleminorasi qurilganiga 35 yil to‘ldi

Noyob inshootning noyob tarixi. Toshkent teleminorasi qurilganiga 35 yil to‘ldi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonda birinchi telemarkaz, ya’ni Toshkent telemarkazi 1957-yil noyabr oyining boshlarida ishga tushirilgan.

Televideniye sohasiga, ayniqsa, yoshlarda qiziqish tez rivojlana boshladi. Toshkent elektrotexnika instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti)da radiofakultet ham ochildi va men ushbu fakultet talabasi bo‘ldim. O‘sha paytlarda televideniye sohasi bo‘yicha ma’lumotlar, ayniqsa, darsliklar juda kam edi, borlaridan ham foydalanish uchun biz talabalar kutubxonada navbatda turardik. Mutaxassislar yetarli bo‘lmagani bois televideniye, antenna-fider qurilmalari, radorele aloqasi va yana bir necha fanlarni Moskva, Leningrad, Odessa, Novosibirsk aloqa institutlari o‘qituvchilari kelib o‘qitishgan.

Avval teleko‘rsatuvlar faqat bir dastur bo‘yicha olib borildi va tez orada uchtaga yetdi. Endi mutaxassislar ko‘rsatuvlar sifatiga va dasturlar sonini ko‘paytirishga ahamiyat bera boshladilar. 1960 yillar boshidayoq teleko‘rsatuvlarni tabiiy ranglarda ko‘rish ehtiyoji tug‘ildi. Tez orada bu borada hukumat qarorlari chiqib, Aloqa vazirligi rejalar tuza boshladi. Bu paytga kelib, ko‘rsatuvlar soni to‘rttaga yetgan edi, ammo 180-metrlik antenna tayanchi, kam quvvatli uskunalar Toshkent shahri va Toshkent viloyati uzoq tog‘li tumanlarini deyarlik qoplamasdi. 1971-yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi aloqa vazirligi tasarrufida Toshkent radio-televizion uzatish markazi qurilish direksiyasi ta’sis etildi. Shu vaqtlarda Moskvadagi aloqa ob’yektlari loyihalash institutiga arab davlatlaridan biri baland minorali telemarkaz loyihasiga buyurtma bergan, lekin davlatda siyosiy to‘ntarishlar yuz berib, teleminoraning tashqi ko‘rinishi tayyor bo‘lganda, buyurtmani bekor qilishgan. Teleminora iqlimi issiq mamlakatga moslangan. Institut rahbari uni O‘zbekistonga taklif qilgan. Minoraning ko‘rinishi aloqa vaziriga ma’qul kelgan va yurtimizning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov ham ma’qullab, minora qurilishini tasdiqlagan.

Teleminora loyihasi bir necha yilda tayyor bo‘ldi, o‘ta sinchkovlik bilan sinovlardan o‘tdi. Uning qurilishi uchun Bo‘zsuv kanalining o‘ng qirg‘og‘ida 6,2 gektar yer ajratildi. Qurilishni boshlashdan avval, qurilish maydoni betartib, bereja qurilgan uylar va bir nechta mayda g‘isht zavodlardan bo‘shatilishi va yashab turgan aholi uy-joy bilan ta’minlanishi zarur edi. Bu ishlar 1978-79-yillarda Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi va Aloqa vazirligi yordamida bajarildi. 1979-yil ikkinchi yarmidan bevosita qurilish ishlariga kirishildi.

Bu ishga mas’ul bo‘lgan qurilish sohasi rahbarlari eng nufuzli qurilish tashkilotlari bilan shartnoma tuzdi – Rossiyaning Chelyabinsk zavodi teleminora qurilishiga 6000 tonna po‘lat uskunalardan yordam berdi. Shveysariyaning “Shindler” kompaniyasi balandga tez ko‘tariladigan liftlar bilan ta’minladi. Ammo qurilishga noqulay bo‘lgan Bo‘zsuv yoqasida ish olib borilishi ko‘p talablar qo‘ydi: avvalo Bo‘zsuv qirg‘oqlarini mahkamlab, 11 metrlik chuqur fundament qurilishi zarur edi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun eng tajribali mutaxassislar jalb etildi. Teleminora eng noyob qurilmalardan edi, chunki shu vaqtgacha respublikada 358 metrli po‘lat qurilma bo‘lmagan, bunday balandlikka ko‘tarib beradigan moslamalar ham bo‘lmagan va balandlikda payvand ishlarini olib boradigan mutaxassislar ham yo‘q edi. Undan tashqari respublika rahbarlari Toshkent binolari tobora balandlashayotganini e’tiborga olib, teleminora balandligini 375 metrga ko‘tarish to‘g‘risida ko‘rsatma berishdi.

Nihoyat, teleminora po‘lat konstruksiyalari qurildi va 1983-yil 23-fevral arafasida minora tepasiga O‘zbekiston  bayrog‘i tikildi. Endi minora quyida va tayanchlari ostida -5/+5 metrli uchburchak (sovutgichlar, restoran oshxonasi, ma’muriyat xonalari, teleuzatkichlar zali, laboratoriyalar joylashishi kerak bo‘lgan ikki qavatli bino); 100-120 metr balandlikda tomosha maydonchasi, “Koinot” restoranining “Moviy” va “Qizil” zallari binolari, 200-220 metrda texnika binolari qurilishi va antenna qurilmalari montaji boshlandi. Bu ishlar juda murakkab edi. Tasavvur qiling: balandlashib borayotgan po‘lat qurilma, unga chiqadigan na zinapoya, na muvozanat saqlaydigan tayanch yo‘qligi va o‘sha yillardagi qahraton qish va sovuq shamol esib turishi – ana shunday sharoitlarda minora quruvchilari misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarni yengib o‘tdilar.

Aloqa vazirligi teleminorani 1985-yil 15-yanvar kuni rasmiy ishga tushirishga qaror qildi va bu kun respublika aloqachilari, toshkentliklar uchun haqiqiy bayramga aylandi. Teleminora ishga tushgandan keyin biron marta texnikaviy xatolik yuz bermadi. Boshqa telemarkazlar orasida ish natijalari eng yuqori, obro‘si baland edi. Xorijdan, qardosh respublikalardan, yurtimiz shaharlaridan, ayniqsa, Toshkent shahri va viloyatidan ko‘plab mehmonlar kelib turgani uchun xizmat doirasi ham keng bo‘ldi. Zarur bo‘lganda respublika telemarkazlariga texnikaviy yordam ham ko‘rsatib turdi.

1988 yilda Butun dunyo ulkan minoralari Federatsiyasi ta’sis etildi va unga 21 minoralar a’zo qilindi. Biz ham kerakli hujjatlarni to‘pladik va teleminoramiz haqida videofilm yaratdik. Aloqa vaziri birinchi o‘rinbosari Tohir Rahimov Ostankino minorasi boshlig‘i V.Misyulin va men Parij minorasiga bordik. U yerda dalillarimizni, ya’ni hujjatlarimizni ko‘rib, “Markaziy Osiyoda shunday ajoyib – ham milliy, ham zamonaviy arxitektura asari yaratilgani quvonchli hol”, – deb BUMFga qabul qilishga tavsiya berishdi. Federatsiya yiliga bir marta barcha a’zolar qatnashuvida biron a’zo minorada majlis o‘tkazib, o‘tgan yil xulosasini muhokama qilar ekan. Toshkent minorasi 1991-yil oktyabr oyida Rotterdam (Gollandiya) minorasi majlisida BUMFga a’zo etib saylandi – shu kundan boshlab barcha a’zo bo‘lgan minoralarda O‘zbekiston bayrog‘i, minoramiz kunduzgi va kechki ko‘rinishlari, maketi va Vatanimiz haqida batafsil ma’lumotlar namoyish qilingan. Hozir ushbu federatsiya a’zolari 30ga yaqin. Minoralar rahbarlari yilda bir marta tayin qilingan minorada yig‘ilib, yuz bergan o‘zgarish va yangiliklarni muhokama qiladilar. Demak, biz dunyo bo‘yicha texnika va joriy etilgan yangiliklardan xabardor bo‘lamiz. A’zolik yillardan ma’lum bo‘ldiki, bizning minoramiz hech kimnikidan kam emas va hatto ustunligi ham bor. Masalan, Oklend (Yangi Zelandiya) minorasi yashin urishi sababli katta talafot ko‘rdi, ular BUMFga murojaat qilib, qaysi minorada yashin qaytaruvchi tizimi ishonchli va arzon bo‘lsa, bizga tavsiya bersin, deb iltimos qildi. Biz ham boshqalar qatori tushuntirish yubordik, ular bizning tizimni joriy etib, tashakkur bildirdi.

Istagim — teleminoramiz Vatanimiz obidalari va Eyfel minorasidek asrlar osha dovruq qozonsin.

Umida Qodirova,
mehnat faxriysi,
1980–1999-yillarda teleminora qurilishida ishlagan birinchi rahbar

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring