Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiyda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun «Bolalar shaharchasi» qurildi

Navoiyda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun «Bolalar shaharchasi» qurildi

Navoiy viloyati Markaziy kon-boshqarmasining Tomdi tumanida joylashgan mehmonxonasi bazasida Zarafshon shahridagi «Shodlik» Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun «Bolalar shaharchasi» qad rostladi.

Kuni kecha mazkur ijtimoiy ob’yektni foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bolalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularni ruhan sog‘lomlashtirish, sifatli ta’lim va tarbiya olishi, ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirishni ko‘zlab bunyod etilgan shaharchaning umumiy maydoni 38 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ma’muriy bino, 10 ta ikki qavatli kottej, qo‘shimcha ta’lim va moslashuv xonalari, kutubxona, sport majmuasi, mo‘’jaz me’moriy shakllar bilan bezatilgan bolalar maydonchasi, garaj, omborxona, basseyn hamda yordamchi binolardan iborat. Mehribonlik uyida bolalarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishlarini oshirish uchun to‘garaklar ham tashkil etildi.

Barcha qulayliklarga ega kottejlarda imkon qadar oila muhitining yaratilishi bolalarda kundalik turmush ko‘nikmalari shakllanishi va mustaqil hayotga tayyorlanishiga yordam beradi. Tarbiyalanuvchilar qiziqqan fanlari bo‘yicha bilimlarini oshiradilar, kasb-hunar sirlarini o‘rganadilar. Bundan tashqari yuqori malakali pedagoglar, psixologlar, tibbiyot xodimlari, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini bolalar bilan ishlashga jalb etayapmiz», - deydi Zarafshon shahridagi «Shodlik» mehribonlik uyi direktori Zuhra Do‘sova.

Bu zamonaviy shaharcha qurilishi va uni jihozlash uchun qariyb 11 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Zarafshon qurilish boshqarmasining qo‘li gul bunyodkorlari qurilish ishlarini sidqidildan bajargan bo‘lsa, Markaziy kon boshqarmasiga qarashli Uy-joy kommunal boshqarmasi tomonidan qariyb 6 ming 400 kvadrat metrga yaqin maydon tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtirildi.

Eng quvonchlisi, shu kuni bolajonlarga qo‘shaloq sovg‘a sifatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Q.Sanaqulov tomonidan «Shodlik» mehribonlik uyiga foydalanish uchun ISUZU mikroavtobusi topshirildi.

Tadbirda Navoiy viloyat hokimi Q.Tursunov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Q.Sanaqulov, Zarafshon shahar hokimi A.Rajabov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Marusa Hosilova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring