Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samimiyat oroliga sayohat: hokisor «yaponlar», qoshiq botmas qatiq, siylangan «o‘g‘ri» va «yuqumli» tabassum...

Samimiyat oroliga sayohat: hokisor «yaponlar», qoshiq botmas qatiq, siylangan «o‘g‘ri» va «yuqumli» tabassum...

Yurgan daryo deydilar... Bir safar xizmat taqozosi bilan Navoiyning Qiziltepasiga boradigan bo‘ldik. Yoz oylari edi.

— Juda issiq joylar, garmsel esadi... rosa qorayib kelarkansiz, — deydi mehmonxonadagi qo‘shnim nonushta chog‘ida bosh chayqab. — Ha, aytagancha, u yoqqa borsangiz, Zarmetanni qatig‘idan ichmay kelmang, bu Qarshiga borib, tandir yemay kelgan bilan teng, — deb beg‘araz maslahatini berib qoldi, asli qashqadaryolik tasodifiy tanishim.

Mashinada konditsionerni kuchaytirib ketarkanmiz, jazirama sezilmadi hisobi. Biz yo‘l haqida ko‘rsatuv tayyorlamoqchi edik va manzilga boradigan o‘sha yo‘lning tekis va ravonligi bizning «yo‘limizni» qisqartirgandek bo‘ldi. Poytaxtda ijod qilib, amaldorlarning jiddiy qiyofasidan diydamiz qotgan, navbatdagi uchrashuvga o‘zimizni moslab, yo‘lta’mirlash korxonasiga borsak: idora oldida odmi kiyingan bir kishi o‘tirgan ekan.

«Sizlarni kutib olish menga tayinlangan edi. Ismim Rustam, men rahbar o‘rinbosariman», deganiga, uni kamtar ishchi libosiga, ko‘rinishiga qarab, boshdan oyoq tikilib, darrov ishonqiramadik. U esa bizni o‘zi kabi oddiy «Tiko» uloviga boshladi.

Ammo o‘sha lahzadan boshlab, tabiatan odamoxun, samimiy bu inson bilan hamroh bo‘lib, yo‘llarni ko‘zdan kechira boshlashimiz bilan ilk qarashimiz umuman boshqa tarafga o‘zgardi. Yo‘l qurilishidagi tajribasi, mulohazalari bilan, eng asosiysi, o‘zining samimiyati va odamiyligi bilan Rustam aka bizda iliq taassurot qoldira boshladi.

O‘sha uchrashuvdayoq bu insonni negadir yaponlarga o‘xshatgan edim. Rustam aka bizdagi odatiy, rahbarlarning g‘o‘ddaygan, po‘rim va jiddiy qiyofasiga mos kelmasdi. U bundan ko‘ra oddiyligi, kamtarligi bilan kinolardagi hokisor yapon hamkasblariga o‘xshab ketardi.

Yo‘lda keta turib, bu beg‘uborlikka yana bir bor guvoh bo‘ldik. Bir hovli yonida o‘rik shamolda to‘kilib, oltinday tovlanib turardi. Rustam aka to‘g‘ri mashinani o‘sha yerda to‘xtatib, ularni tera boshladi. Men ham beixtiyor mashinadan tushdimu, faqat yerdagi o‘rikka qanoat qilmay, daraxtdagi tozasiga endi qo‘l cho‘zgandim, hovli darvozasi shart ochilib, bir ayol qaragandek bo‘ldi. Uni ko‘rib indamay ortga chekindim...

O‘rik o‘g‘rilari bo‘lib, qo‘lga tushdik-ku. Hijolatli holatda Rustam akani imlab chaqira boshlagandim, onaxon uyidan biroz o‘tmay, tandirdan yangi uzilgan isiqqina non bilan tovoq ko‘tarib chiqdi. O‘riklarni sarasini terib, yuvib keldi.

«Mehmonga o‘xshaysizlar, non yopayotgandim, marhamat olinglar»... Hijolatpazlik ko‘tarilib, mehmondo‘st onaxonni siylovi bilan, Rustam akani atoydil taklifi bilan issiq non va o‘rikdan tatidik. Bu qadar totli uyg‘unlikni tasavvur etish qiyin edi, o‘sha ta’m hamon esimda. Shu payti yonimizga hashamatli mashina kelib to‘xtadi. Bilsak, tuman hokimi o‘rinbosari ekan. Hushmuomilalik bilan: «sizlarni hokimiyatda kutgandik buyoqda ekansizlarda», deb Rustam akaga qarab, «akalarni yaxshiroq joyga tushlikka olib borsangiz bo‘masmidi»... koyigan bo‘ldi zamhokim.

O‘zr so‘ragannomo bir bizga, bir chang bosgan «Tiko»ga qarab, basavlat mashinasiga taklif qila boshladi. Ammo, o‘shanda kattalar bilan bo‘ladigan hashamatli tushlikdan ko‘ra, yarimta non bilan o‘zimiz soyasida o‘tirgan o‘rik mevalaridan totib, fayzli ko‘k «Tiko»da, Rustam aka bilan yana hamroh bo‘lishni istadim. Bunga tasvirchimizning norozi nigohiyu, kattalarning ginalari ham to‘sqinlik qilolmadi.

Onaxonga rahmat aytib, «Tiko»da yo‘limizda davom eta boshladik.

– Zarmetan bu yerdan uzoqmi, so‘rayman yo‘l-yo‘lakay akadan.

– Hozir Vang‘ozidan tushlik qilib, o‘sha tomonga o‘tamiz deydi, Rustam aka. Vang‘ozi deganlari o‘zi bir qishloq bo‘lsa-da, juda ko‘rkam joylar ekan. Yo‘limizda uchragan uch qavatli baland imoratlar Eron arxitekturasiga o‘xshab ketar, qadimiy masjid bilan bir qatordagi zamonaviy binolar... Aytish mumkinki bu fayzli «qishloq», shu qiyofasi bilan xohlagan shahar bilan bellasha olishi mumkin ekan... «Shu yerda yaxshi shashlik qiladi», deb to‘xtamoqchi bo‘ladi Rustam aka.   

Men esa to‘g‘ri Zarmetanga borsak-chi deb, unday boshlayman. O‘sha ta’riflangan qoshiq botmas, kosani teskari qilsa tushmas qatiqdan totib ko‘rgim kelardi.

Rostan, ta’riflangandek ekan. Qatiq shu darajada to‘yimli ediki, kaloriyasi bemalol bir hissa kabobga teng bo‘lsa kerak. Kosa yuzasini qoplagan qalin qaymog‘iga esa qoshiq zo‘rg‘a botardi. Eng asosiy jihat, bu yerdagi qatiqchi onaxonlar. Ularning samimiyati. Ular ham o‘rik egasidek, mehmondo‘st va iltifotli ekan. Sertabassum, beg‘ubor bu chehralarni ko‘rib, o‘zimni go‘yo samimiyat oroliga tushgandek his etgandim.

Shu o‘rinda Rustam akani ham Yaponiyadan kelib qolmaganini, u ham shu muhitning xos vakili ekaniga ishonch hosil qildim. Aslida issiq ta’rifi – bu manzilga emas, u yerdagi qalbi qaynoq, mehrli odamlarga mos ekan...

O‘ylayman, Toshkentga qayta turib. Poyezdda ketayotib, televizor ekranlaridagi saviyasiz kliplar asabimga tegar, xizmatchiga buyurtma qilgan yaxna ichimlik kechikishi-yu, yana qanaqadir g‘ashliklar yuzimda zaxillik aks ettirar edi. Shu payt vagonda yaponiyalik turistlar paydo bo‘ldi. Ularning yo‘lovchilarga, ayniqsa bolajonlarga bolalarcha beg‘ubor munosabatini ko‘rib, beixtiyor chehram yorishgandek bo‘ladi. Xayolimga qiziltepaliklar keldi.

Jaziramada yo‘l yozayotgan Rustam akani, qaynoq tandirdan non uzayotgan onaxonni, kosalarga qatiq ivitayotgan opalarning tabassumi ko‘z oldimga keldi. Shunda konditsioner sovutayotgan vagon oinasining tangadek joyidan tushayotgan quyosh nuridan noroziligim, ko‘nglimdagi g‘ashlik tumandek tarqalib, o‘rnida ajib bir masrurlik, mamnunlik namoyon bo‘ldi. Ulardan «yuqtirib olgan» tabassum yuzimga yoyildi.

Bolajonlar bilan o‘ynab, jajji koptokchani oyog‘imga yumalatib yuborib, qovog‘imdan hayiqib turgan qarshimdagi yapon xonim ham, sal yengil tortib tabassumla bosh irg‘agandek bo‘ldi.

– Konnichiva... dedim hazilomuz, tabassumli siylov bilan xonimga. Shu bilan vagondagi barchaga bu tabassum «yuqdi».     

Shuhrat Normurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring