Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Eski usul»ni qo‘llagan yetti nafar bog‘cha mudirasi jazolandi

«Eski usul»ni qo‘llagan yetti nafar bog‘cha mudirasi jazolandi

Foto: O‘zA

Jamoatchilik uchun har bir kunning o‘z mavzusi bor. Deylik, bir necha kun avval ommaviy axborot vositalari korrupsiya holatlari xususida tinimsiz bong urdilar yoki  keyin non mahsulotlari narxi oshgani barchaning e’tiborini tortdi. Bugun esa qaysidir bog‘chadagi tartibsizliklar ko‘pchilikning ensasini qotirmoqda.

Kasb taqozosi bilan xizmat tekshiruvlarida bo‘lganimda  har xil qonunbuzarliklarga guvoh bo‘laman. Odamlar bir ikki so‘mlik foyda uchun nimalarga qo‘l urmaydi, deysiz...

Darvoqe, maktabgacha ta’lim muassasalariga tarbiyalanuvchilarning qabuli anchadan buyon Davlat xizmatlari markazlari  orqali amalga oshirilyapti. Shunga qaramay, bog‘cha mudiralari orasida «epchil», o‘z manfaati yo‘lida uddaburonlari ham uchrab turibdi.

Davlatimiz tomonidan belgilangan qonunlarga muvofiq, Davlat xizmatlari agentligining jadval rejasi asosida Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning Ma’muriy reglament talablariga rioya etilishini o‘rgandik.

O‘rganishlar davomida Navoiy shahridagi 1, 3, 14, 30, 31, 32, 33, 34-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarida jami 180 nafardan ortiq bolalarni davlat MTMlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xususan, 2018-yilning 2-aprelida fuqaro K.Muzaffarov farzandi Z.Ilhomiddinovni Navoiy shahridagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga navbatga qo‘yish uchun Navoiy shahar Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilgan. Murojaat markaz tomonidan shu kuniyoq elektron axborot almashinuvi dasturi (arm.gov.uz) orqali Navoiy shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga yuborilgan. Biroq, muassasa mazkur murojaatni 3 ish kuniga kechiktirib navbatga qo‘ygan. Bu esa Vazirlar Mahkamasining 244-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti talablariga zid. Qolaversa, uch kun ichida farzandini bog‘chaga joylashtira olmaganidan qanchadan-qancha ota-onalarning  xunobi oshdi. Ular oz emas: bunday holatlar 1361 nafar fuqaroning arizalarida takrorlangan.

Bundan tashqari, Navoiy shahar 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining buyruqlarni qayd qilish daftari ko‘zdan kechirilganida 2018-yil 1-aprel kunidan e’tiboran 31 nafar bola tarbiyalanish uchun qabul  qilingan, shundan 8 nafari Davlat xizmatlari markazi orqali berilgan yo‘llanma asosida, 23 nafari Navoiy shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan 2018-yilning 1-aprel kunigacha berilgan yo‘llanmalari asosida joylashtirilgan, ya’ni eski uslubda ish ko‘rishgan.

Xuddi shunday tarzda  Navoiy shahridagi 31-maktabgacha ta’lim muassasasida ham 16 nafar bola avvalgi yo‘llanmalar bilan bog‘chaga qabul qilingan.

Axir, bu ko‘zbo‘yamachilikning o‘zi-ku!

Bunday ahvol ish tartibi o‘rganilgan 6 ta maktabgacha ta’lim muassasasida aniqlandi. Ko‘rinib turibdiki, hali bu tizimda tanish-bilishchilik illatlariga chek qo‘yilmagan. Yo‘qsa, xizmat tekshiruvi natijalari tufayli 7 nafar maktabgacha ta’lim muassasa mudirasi ma’muriy javobgalikka tortilmagan  bo‘lardilar. Darvoqe, har bir bog‘cha mudirasi qonunbuzarligi uchun 522 ming 900 so‘mdan jarimaga tortildi.

Qaysi yurtda bo‘lmasin, qonunlar ishlamas ekan, unda birinchi holatda aziyat chekadigan — xalq. Men qonunlarni yo‘l harakatida ishlab turgan svetoforga o‘xshataman. Unga rioya qilinmagan kuni yo‘lda tartibsizlik bo‘lishi aniq. Eng yomoni, bu chiroq buzilganida qurbonlar bo‘lishi ehtimoli yuzaga keladi. Demak, yurtimizda chiqarilayotgan qonunlarning ishlashi uchun eng avvalo aholida huquqiy bilim va tarbiya bo‘lishi, fuqarolar esa  qonunlarimizga hurmat bilan qarab burchdorlik vazifasini unutmasligi lozim.

Nodira Samandarova,
Davlat xizmatlari agentligining
Navoiy viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring