Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Navoiy merosiga e’tibor yanada ortadi degan umiddaman» – AQSh elchisi o‘zbek tilida qutladi

«Navoiy merosiga e’tibor yanada ortadi degan umiddaman» – AQSh elchisi o‘zbek tilida qutladi

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik 9 fevral – buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy tavalludi kuni munosabati bilan o‘zbek tilida qutlov yo‘lladi.

«Alisher Navoiy tug‘ilgan kun munosabati bilan butun dunyodagi, ayniqsa, O‘zbekistondagi barcha she’riyat muxlislarini chin dildan tabriklayman», – dedi diplomat.

Ulug‘ shoirning nazmiy asarlari dunyo tillari, xususan, inglizcha ham tarjima qilingan. Avval xabar berganimizdek, Navoiy g‘azallari va shoira Tursunoy Sodiqovaning «Navoiy gulshani» risolasi jamlangan «Without You» («Sensiz») to‘plami AQShda taniqli mutarjim A’zam Obid tarjimasida chop etilgan edi.

Jonatan Henik Alisher Navoiy o‘z asarlarini ko‘proq o‘quvchi mutolaa qilishini orzu qilganini qayd etar ekan, ingliz tilidagi tarjimalarni  alohida tilga oldi.

«Men hazrat Navoiy merosini ulug‘layman va kelajakda uning boy merosiga bo‘lgan e’tibor yanada ortadi deb umid qilaman», – dedi AQSh elchisi.

Diplomat o‘z qutlovini Navoiyning  «Shuhratin olam ichra paydo qil, / Olam ahlin alarg‘a shaydo qil» bayti bilan yakunlagan.

Eslatib o‘tamiz, Jonatan Henik 2022 yil 24 noyabr kuni AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi sifatida prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring