Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6-dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi.

«Sizga tug‘ilgan kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklar va ezgu tilaklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi, Qirg‘izistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yo‘lidagi faoliyatingiz alohida e’tirofga loyiq. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik ruhidagi strategik sheriklik munosabatlari va har tomonlama aloqalarni keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qo‘shgan shaxsiy hissangizni alohida ta’kidlamoqchiman.

Betakror Bishkek shahriga bo‘lajak oliy darajadagi tashrif, samarali muzokaralarimiz, erishilayotgan muhim kelishuvlarimiz qardosh xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qilishi shubhasiz. Ta’kidlash joizki, Prezidentlik davringizdagi uzoq vaqt muammo bo‘lib kelgan chegara masalalarining hal etilishi ulkan amaliy sa’y-harakatlaringiz va mustahkam siyosiy irodangizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Siz rahnamoligingizda Qambarota gidroelektr stansiyasi, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l liniyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish ham muvaffaqiyatli boshlangani bizni, ayniqsa, quvontiradi.

Ishonchim komilki, o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan munosabatlarimiz bundan buyon ham mustahkamlanadi. Fursatdan foydalanib, sizni ushbu muhim kun bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli davlat faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Qirg‘iziston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va barqaror taraqqiyot tilayman», – deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabriknomasida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring