Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Matbuot uyi» sotuvdan olindi

«Matbuot uyi» sotuvdan olindi

Foto:«Xabar.uz»

Yaqinda Toshkent shahri Matbuotchilar ko‘chasida joylagan «Matbuot uyi» auksionga qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Mazkur bino birinchi marta sotuvga qo‘yilayotgani yo‘q. O‘tgan yilning bahorida ham ob’yekt auksionga qo‘yilgan, biroq ko‘p o‘tmay qaytarib olingandi. Bu safar ham holat takrorlandi. Bu haqda O‘zA muxbiri Anora Sodiqova yozmoqda.

Toshkent shahri markazidagi O‘zbekiston matbuoti va jurnalistikasi ramzi bo‘lgan «Matbuot uyi» chigal taqdiri bilan tarixda alohida iz qoldiradigan bo‘ldi.

O‘tgan 2018-yili 21-aprelda 15 milliard so‘mlik qarzdorligi uchun auksionga qo‘yilgan bino keyinchalik Toshkent shahar hokimiyati tomonidan savdodan olinib, matbuotimiz vakillariga qaytarilgan edi.

O‘sha vaqtda hozirgi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan edi. Ortiqxo‘jayev ilk hokimlik vazifasini bajarishga kirishgan kunlari binoni jurnalistlarga qaytarib berib, matbuot ahlida iliq taassurot qoldirgandi. 

Shuningdek, hokim mazkur «Matbuot uyi»ni garovga qo‘yib, qarzga botirganlarning o‘zi qarzni to‘lashi kerakligini bildirgandi. 

O‘shanda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining surishtiruvi natijasida quyidagi ma’lumotlar aniqlagan edi.

Ya’ni, O‘zA muxbiriga «O‘zsanoatqurilishbank» Mirobod tumani yuristining axborot berishicha, «Matbuot uyi» Toshkent shahar «Toshbozorsavdo» uyushmasi tomonidan mazkur bankka garovga qo‘yilgan. 

So‘rov yuzasidan «Toshbozorsavdo» uyushmasi vakilining dalolat berishicha, Toshkent shahar hokimiyati qarori bilan «Toshbozorsavdo» uyushmasiga kredit olish maqsadida garov ta’minoti sifatida «Matbuotchilar uyi» qo‘yilgan. Biroq «Toshbozorsavdo» uyushmasi nodavlat, notijorat maqomga ega bo‘lib, uyushma «Matbuotchilar uyi»ni garovga qo‘yish huquqiga ega emas. Garovga qo‘yish huquqi va qaror Toshkent shahar hokimiyati tomonidan 2016-2017-yillarda amalga oshirilgan. 

Hokimiyat 2016-2017-yillarda bozorlarni ta’mirlash, qurish evaziga «Matbuotchilar uyi»ni, ya’ni ma’rifat maskanini qurbon qilgan. Aytishlaricha, kredit «Toshbozorsavdo» uyushmasi xarajatlari uchun olingan va sarflangan. 

O‘shanda qarzdorlik miqdori 15 milliard ekanligi aniqlangan, auksionda esa 18 milliard 750 ming so‘m miqdorida sotilishi ko‘rsatilgan edi.

Bu yil ham yana xuddi o‘sha miqdordagi summa bilan bino auksionga qo‘yildi. Aftidan «O‘zsanoatqurilishbank»dan «Toshbozorsavdo» uyushmasi uchun olingan mablag‘lar hamon qaytarilmagan ko‘rinadi. 

Oqibatda yana bu yil 18-noyabr sanasida ushbu bino E-ijro auksion ochiq auksioniga qo‘yildi. Keyinchalik, bu ma’lumot ochiq auksion saytidan olib tashlandi. Manbalarning ma’lum qilishicha, bino auksionda sotilmaydi.

«Matbuot uyi» auksionga qo‘yilgani haqidagi ma’lumot chiqqach, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar tomonidan norozilik fikrlari bildirilmoqda. 

Shu vaqtgacha Navoiy ko‘chasidagi 30-uy hamda «Matbuot uyi» o‘zbek jurnalistikasi, matbuoti va noshirchiligi ramzi bo‘lib kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring