Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maqsad «pul shilish»mi?..

Maqsad «pul shilish»mi?..

Kollaj: «Xabar.uz»

O‘zbekistonni dunyoning uzoq va yaqin davlatlari qanchalik bilishadi? O‘qituvchim juda xunob bo‘lib bir voqeani aytib bergandi. Ancha yillar avval Londonga borganida bir angliyalik ustozimning egnidagi milliy choponimizni ko‘rib «buni qayerdan oldingiz», deb so‘rabdi. Shunda ustozim faxrlanib «bu mening yurtim O‘zbekistonniki» deganida, angliyalik «O‘zbekiston degan gipermarket qayerda» degan ekan. Ustozim yurtimiz haqida batafsil aytib bergach, angliyalik «ha tushundim UzPakistan» deb javob beribdi.

Hozir zamon o‘zgardi, vatanimiz dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida chet ellik sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan mamlakat, ya’ni turistik markaz hisoblanadi. Sohada oxirgi yillarda katta o‘zgarishlar qilinyapti, lekin  muammolar ham yo‘q emas. Xo‘sh mamlakatimizga kelgan sayyohlarni qanday muammolar qiynaydi?

Ortiz Netali, ispaniyalik sayyoh:

 — O‘zbekistonga rafiqam bilan keldim. Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlarda bo‘ldik. Odamlari mehmondo‘st va ovqatlari shirin. Internetda ko‘rganimda bu yer zamondan ortda qolgandek taassurot uyg‘otgandi. Chunki, internet orqali O‘zbekistonni qidirganimda rasmlar shunday o‘ylashimga sabab bo‘lgandi. Ammo tarixiy shaharlarga kelib unday emasligiga ishonch hosil qildim. Lekin bozorlardagi tartibsizliklar, ayniqsa ho‘l meva va sabzavotlarning yerda yoyib sotilishi dilimni xira qildi. Hujjat to‘ldirishda, mehmonxona tanlashda, shaharlararo yo‘llarda juda qiynaldim. Aeroportdan tushganimda mehmonxonagacha 50$ga borganman, aslida taksi narxi ancha arzonligini kech bildim.

Zeshaan Zohid, pokistonlik sayyoh:

— Yurtingizni yaxshi bilaman. Men, ayniqsa, tarixiy shaharlar va metrosining ozodaligiga qoyil qolaman. Inha universiteti talabalari bilan uchrashib fikr almashib turaman, chunki hamkasbmiz. Ikkinchi marta kelishim, ammo meni xafa qilgan jihati shahar aylanib yurganimda «hindistonlikmisan», deb ustimdan kulib ketishadi. Xuddi o‘zga sayyoradan kelgan kishiga qarashgandek qarashadi. Aviachipta va mehmonxonaning qimmatligi, mehmonxonalarda taksi xizmatining yo‘qligi, rasmiy hujjatlarni to‘ldirishga ko‘p vaqt ketishini hisobga olmaganda, hammasi yaxshi.

Kim Leyesuyel, koreyalik sayyoh, shoir:

— Universitetda sharq adabiyoti kursini o‘qiganman. O‘zbekistonga kelishimning asosiy sababi tarixiy shaharlaringizni ko‘rish bilan bir qatorda, adabiyotingiz bilan yaqindan tanishish edi. Alisher Navoiy, Nodirabegim, Zulfiya, Erkin Vohidov ijodi bilan tanishman. Ularning ijodini ingliz tilidagi tarjimasi orqali o‘qiganman.

Safar vaqtida sog‘ligim og‘irlashgani tufayli, mehmonxonada qolib, shifokor nazoratida bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Bo‘sh vaqtimdan foydalanib mehmonxona kutubxonasida badiiy kitoblarni o‘qimoqchi bo‘ldim, afsuski o‘zim xohlagandek ma’lumot topa olmadim...

Foto: «protoday.uz»

Maqolani tayyorlash chog‘ida bir nechta sayyohlik agentliklari bilan bog‘landim. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga ham telefon qildim. Go‘shakni ovozi «qo‘polgina» opa ko‘tardi. Rasmiy xat bilan murojaat qilishimni va u xatga javobni kutishimni aytib, oxirgi savollarimni eshitmasdan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Agar sayyohlarga ham shunday munosabat qilinayotgan bo‘lsa, buyog‘ini tasavvur qilavering.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, har yili 2 mln.ga yaqin xorijiy mehmon mamlakatimizga tashrif buyuradi va ularning o‘rtacha 200 ming nafardan oshig‘i aynan turizm maqsadida safar qilgan. Demak, aynan shu sayyohlar orqali, ularning yurtimizga bergan bahosi tufayli turizm salohiyati rivojlanadi, yoki...

Birinchidan, juda ko‘p va xo‘p aytilgan muammolarning biri — bu aviachiptalarning qimmatligi. Xorijlik sayyohlarning mamlakatimizga asosiy tashrifi aviareys orqali. Keyingi paytlarda bu sohada yangi qarorlar, chora-tadbirlar ishlab chiqilgani qulog‘imizga chalingandi. Ayniqsa, Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportida yo‘lovchilar uchun imkoniyatlar yaratilganidan xabarimiz bor, ya’ni bu pasport nazoratidan o‘tishning qisqargani birinchi yutug‘imiz. Biroq narxlar hali-hamon tosh qotib turibdi. Aviachipta narxlarini optimallashtirish va aviakompaniyalar sonini ko‘paytirish, sohada sog‘lom raqobatni shakllantirish vaqti keldi.

Ikkinchidan, mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifatining yuqori emasligi. Sayyohlar odatda sayohat qilmoqchi bo‘lgan yurtning shart-sharoitlari bilan obdon tanishib chiqishadi. Aksariyat sayyohlar bu bo‘yicha ma’lumotlarni mehmonxona saytlaridan olishadi. Ularning servisi, turistlar uchun chegirmalar mavjudligi, imkoniyatlariga qarab mehmonxona tanlashadi. Afsuski mehmonxonalarimizda xizmat ko‘rsatish sifati quvonarli darajada emas. Albatta narxiga qarab, sifati ham shu darajada bo‘ladi. Biroq xususiy uylar negizida tashkil qilingan kichik otel va xostellarda xizmat ko‘rsatish sifati sayyohlarni qoniqtiryapdi, deb aytolmaymiz.

Ayniqsa, bu borada mehmonxonalarda taksi xizmatining yo‘qligi sabab, yurtimizga kelgan sayyohlar aeroportdan, ya’ni ostona hatlamasdan turib katta muammolarga duch kelmoqda. Bunga haydovchi akaning hindistonlik sayyohlarni kun bo‘yi shahar aylantirib yurgani uchun 2500$ (ikki yarim ming dollar) qo‘ldan sanab olganligini misol sifatida keltirishimiz mumkin. Bunday muammolarga yechim sifatida, kadrlar tanqisligining oldi olinsa, mehmonxonalarda taksi va gid xizmati yo‘lga qo‘yilsa, mehmonxona rasmiy saytlari orqali O‘zbekistonning turistik imijini shakllantirish va yurtimizga ikkinchi, undan ko‘p marotaba kelayotgan sayyohlar uchun chegirmalar tashkil etilsa yaxshi bo‘lardi.

Uchinchidan, bizda Samarqand, Buxoro va Xivadan boshqa borib ko‘radigan joylar yo‘qmi?! Aksariyat sayyohlar yurtimizga aynan shu shaharlarni ko‘rish uchun tashrif buyurishadi. Xo‘sh, turistlar boshqa yerlarni ham ko‘rishni istashsa, biz qaysi shaharlarga borishni maslahat beramiz?! Asosiy kamchiligimiz ham balki shundadir. Yurtimizda tarixiy maskanlar juda ko‘p. Har bir viloyatda sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan turistik markazlar tashkil qilish mumkin. Masalan, Namangan gullar shahri, yiliga bir marotaba o‘tkaziladigan gullar festivalining o‘zi yetarlimi? Balki gullardan iborat katta maketlar yasash mumkindir. Yoki Surxondaryoning baland tog‘lari bag‘ridagi yulduzli «openhotel» yoki Imom Termiziy nomidagi muzeyni ko‘rishni xohlamaydigan odam bo‘lmasa kerak. Ularni qiziqtira bilish lozim, xolos.

To‘rtinchidan, adabiy turizmni rivojlantirish. Chet ellik sayyohlar yurtimizga faqat tarixiy shaharlarimiz-u va osh-ovqatlarimiz uchun kelishadi, desak adashamiz. Bunday o‘ylab ko‘rsak, sayyohlarning yurtimizga kelishi uchun juda ko‘p sabablari bor. Axir, bu yurt Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Al-Xorazmiy, Imom al-Buxoriy kabi buyuk ajdodlarga vatan bo‘lgan diyordir. Masalan, Shotlandiyada Sherlok Xolmsning yashagan uyi bor ekan. O‘ylab ko‘ring, Sherlok Xolms yo‘q odam, u adabiy asar qahramoni, ammo turistlar dunyoning turli burchagidan uning o‘qigan kitoblarini, foydalangan ko‘z oynagi va kiygan kostyumlarini ko‘rish uchun tashrif buyuradi. Bizdachi afsonaga aylangan, hayotda juda ko‘p ishlar qilib o‘tgan buyuk zotlar bor. Qolaversa, Farhod va Shirinning, Layli va Majnunning, Tohir va Zuhraning, Otabek va Kumushning «yashab o‘tgan» joylarini bunyod etish, borlarini obod qilish vaqti kelmadimikan?  

Beshinchidan, ovqatlanish shoxobchalaridagi muammolar. Bu muammo tashqi turizm uyoqda tursin, hattoki ichki turizmni rivojlantirishga ham to‘siq bo‘lmoqda. O‘zbek palovini eshitgan, uni ta’mini ta’tib ko‘rishni istaydigan, ginnes rekordlar kitobiga kirgan milliy taomimizni hech bo‘lmasa ko‘rinishini bilish uchun internetdan qidirgan xorijliklarni istagancha topish mumkin. Xo‘sh, bu borada ovqatlanish shoxobchalaridagi sharoitlar bilan maqtana olamizmi?! Arzon, ammo sifatiga o‘ylobroq qoladigan, qimmat lekin bergan pulingga arzimaydigan joylar ko‘p.

Ayniqsa, turistlar boradigan joylarda ilojini topib ularning  oxirgi chaqasigacha «sug‘urib» oladiganlardan odam hijolat tortasan. Eng qizig‘i, ba’zi joylarda hojatxonasigacha pulli qilib qo‘yishadi. Bu ham xizmat ko‘rsatishga kiradi-ku. Axir hamma joylarda ham jamoat hojatxonalari mavjud emas. Yurtimizga kelayotgan sayyohlarning ham hammasi milliarder emasligini hisobga olsak, yaxshi bo‘lardi. Yakka tartibda o‘zi sayohat qiladigan sayyohlar uchun ovqatlanish shoxobchasida tilni biladigan ofitsiantlar xizmat qilsin demaymiz, ammo ovqatlanish menyusini iloji boricha uch tilda ko‘rsatsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Oltinchidan, har bir vatandoshimiz turizm salohiyatini shakllantirish bo‘yicha o‘zining hissasini qo‘shyapti. Shuningdek, bu sohadagi muammo faqat ushbu soha mutaxassislariga tegishli emas. Uchinchi sektor vakillarini ham turizmni rivojlantirish ishlariga jalb qilsak, muammolar birin-ketin hal bo‘lishi mumkin. Masalan, tadbirkorlar o‘zlari yashab turgan manzillarda turistik zonalar tashkil qilsa, yurtimizdagi 9200 dan ortiq nodavlat va notijorat tashkilotlari ham bosh qo‘shsa, har qaysisi bittadan loyiha qilganda ham katta ishlar amalga oshirilardi.

Yettinchidan, milliy turizm imijini yaratish. Sohada juda katta o‘zgarishlar kutilyapti. Aksariyat sayyohlar boradigan davlati haqida ma’lumotlarni qidiruv tizimlari orqali olishadi. Masalan, Euronews davlatimiz haqida rolik qilganida juda xursand bo‘ldik va biz bajonidil yordam berdik. Biz haqimizdagi chet ellik sayyohlarning qarashini aynan .ru, .org domenlardagi saytlar hal qilayapti. Axir o‘zimiz ham sotuvchi maqtaganini emas, xaridor maqtagan narsani olishga qiziqamiz. Lekin reklamada ham gap ko‘p.

Chet ellik sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha roliklar tayyorlandi. Ammo bu axborotlar jahon media bozorida qanchalik xaridorgir?! Har kuni soniya ichida minglab «O‘zbekiston» tegi bilan ma’lumot qidiriladi, bu albatta bizga bo‘lgan qiziqishning ortishi. Shuning uchun doimiy tarzda chet tillarida roliklar, ko‘rsatuvlar, maqolalar yozilishi va uni milliy .UZ domenida jahon mediabozoriga olib chiqishni yo‘lga qo‘yish kerak. Zero, chet ellik sayyohlar biz haqimizdagi ma’lumotlarni o‘zgalardan emas, o‘zimizdan eshitsin.

Beruniy Alimov, jurnalist:

— Kasbim taqozosi bilan juda ko‘p davlatlarda bo‘ldim. Bir narsani faxr bilan aytishim mumkin o‘zbek xalqidek mehmondo‘st millat ko‘rmadim. Bugungi kunda turizm salohiyatini oshirish uchun ko‘p ishlar qilinmoqda. Lekin sohada oqsashlar bor. Chunki sayyohlarning «pulini shilish»ni emas, balki ularda mamlakatimiz haqida ijobiy taassurot qoldirish asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak. Ayniqsa, sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan gidlarning xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashimiz zarur. Masalan, yaponiyalik hamkasblarim Xivada bo‘lishdi. Kichik ikkita guruh bo‘lishdi va ularga alohida-alohida gidlar xizmat ko‘rsatdi. Kalta Minor tarixi haqida ikkita guruhga ham ikki xil ma’lumot berilgan. Masalan, birinchi guruhda urush tufayli to‘xtatilgan degan bo‘lsa, ikkinchi guruhda minor quruvchisi shohning zolimligi tufayli qanot yasab uchib ketilgan deyishgan. Vaholangki, hamkasblarim eshitgan narsalarini bir-biriga aytganlarida ikki xil ma’lumot chiqib keldi.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz kerakki, ko‘tarilgan muammo muammoligicha qolmasa va yurtimizga kelayotgan sayyohlar oldidagi to‘siqlar bartaraf qilinsa, albatta, o‘zimiz kutgan natijalarga erishamiz.

Ayjamal Joldasbayeva,
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari
fyederasiyasi yetakchi mutaxassisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring