Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Madaniyat vazirligidagi madaniyatsizliklar

Madaniyat vazirligidagi madaniyatsizliklar

Foto: «Gazeta.uz»

Siz 180 ming so‘m oylik evaziga dushanbadan jumagacha kuniga besh soat mehnat qilishni tasavvur qila olasizmi? Yurtimizda ana shunga ko‘nib, halol mehnat bilan oilasiga daromad keltirayotgan insonlar bor. Boshqalar qatori pul ular uchun ham muhim, ularning ham orzu-havasi bor. Biroq bunday insonlar jamiyatga o‘zining kerak ekanini his qilish uchun arzimagan bo‘lsa-da, «xat-hujjatli ish»da mehnat qilishni xohlaydi, kun kelib keksalikda bir chimdim bo‘lsa ham davlatdan pensiya puli olishni orzu qiladi. Biroq xalqning ana shu rizqiga ham ko‘z olaytirayotgan, arzimas maoshga ishlayotgan qo‘l ostidagi xizmatchilarni himoya qilish o‘rniga, ular oldiga aql bovar qilmas shartlar qo‘yib, qutulishga urinayotganlar bor.     

Qariyb bir yildirki, Madaniyat vazirligining Buxoro viloyati Vobkent tumani boshqarmasi boshlig‘i Isom Bahromov bilan jiddiy bahs-munozaraga kirishganman. Hammasi mazkur boshqarmada liboschi lavozimida faoliyat olib borayotgan Matluba Bozorovaning murojaatidan so‘ng boshlandi.

Matluba Bozorova Vobkent tuman pedagogika o‘quv yurtida «Keng assortimentli kiyimlar tikuvchisi» yo‘nalishida tahsil olgan, mahalla-ko‘yda «qo‘li gul chevar» nomi bilan tanilgan. U Vobkent tumanidagi «Shishmaha» QFY hududidagi yosh qizlarga tikuvchilik sirlarini o‘rgatib keladi. 

Bir muddat avval Isom Bahromov Matluba Bozorovaning 0,5 stavkada ishlaydigan sherigini, undan so‘ng o‘zini ham turli bahonalar bilan ishdan bo‘shatadi. Ularga shu vaqtgacha 225 ming so‘m oylik tayinlangan edi. Shundan so‘ng 180 ming so‘m oylik ish haqi bilan uning o‘zini hujjatlarda hovli supuruvchi lavozimiga rasmiylashtiradi. Biroq bu oylikni olish uchun yana bir shart qo‘yiladi. 

Isom Bahromov Matluba Bozorovadan 180 ming so‘m evaziga ertalab 9:00 dan kechki 18:00 ga qadar ishlashni talab qiladi. Aks holda ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizani yozishni buyuradi.

Shuningdek, Matluba Bozorovaga to‘liq stavkada ishga kirishi uchun madaniyat yo‘nalishida biror kollejda o‘qishi kerakligini aytadi. Shu joyi juda shubhali. Matluba Bozorova «Keng assortimentli kiyimlar tikuvchisi» yo‘nalishida tahsil olgan va, nazarimda, qishloq qizlariga tikish-bichishni o‘rgatishi uchun shu diplom asosli hujjat emasmi? Yoki Isom Bahromovning o‘zi ham o‘rta-maxsus o‘quv yurtida «hisobchilik» bo‘yicha o‘qib, ayni paytda katta bir tumanning madaniyat sohasiga mas’ul rahbari bo‘lib faoliyat yuritayotganini unutib qo‘ydimi?

Xalq dardini kimga aytsin? Uni kim himoya qila oladi? Xalq hadeb portalga yozishga yuzxotirchilik qiladi, «Prezidentni shu muammo bilan bezovta qilamanmi?» deb dardini ichiga yutadi, jurnalistga dardini yoradi.

«Madaniyat» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «shaharlik», «shaharga oid» bo‘lsa, uning ma’noviy izohi «odob-axloq»ni anglatadi. Ammo madaniyat atalmish soha rahbarlari xalqni qiynab, odobsizlikka yo‘l qo‘yar ekan, boshqalardan nima kutish kerak? O‘zbekning qizlariga hunar o‘rgatayotgan muallimaga bu tarzda tazyiq o‘tkazish axloqdanmi? Aslida-ku, «chevar»ning «farrosh»ga aylantirilgani, 180 ming so‘m oylik tayinlanishining o‘zi inson qadriga, hunar sha’niga haqorat emasmi?

Bugun O‘zbekiston oyoqqa turish pallasida. Bunday vaqtda odamlarga yon bosadigan, xalqqa ichi achiydigan rahbarlarga ehtiyoj sezamiz. Mamlakat rahbari jon kuydirgani bilan quyidagi ayrim mansabdorlarning qulog‘i ochilmas ekan, mehnatkash xalqimizni hech kim kaftiga olmaydi. To‘g‘ri, pul qo‘lning kiri, biroq no‘noq rahbarlar — millatning sho‘ri!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring