Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Madaniyat vazirligi senator so‘roviga bepisandlik qilgan

Madaniyat vazirligi senator so‘roviga bepisandlik qilgan

Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev ayrim vazirlik va idoralar rahbarlari vakillik organi bilan munosabatlarga hamon qonun talabi asosida yondoshmayotganini aytib o‘tdi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Xususan, Senat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari tomonidan joriy yil 15 avgustda poytaxtdagi madaniyat va istirohat bog‘laridagi bir qator jiddiy kamchiliklar yuzasidan Madaniyat vazirligiga senator so‘rovi yuborilgan.

Senat raisi bu so‘rov atrofidagi ayrim holatlarni aynan madaniyat namoyondalari ta’biri bilan aytganda, «hangoma» sifatida baholash mumkin, deya qayd etdi.

Birinchidan, ushbu so‘rovnoma yuzasidan javob oradan qariyb 40 kun vaqt o‘tganidan keyin qayta murojaat asosida olingan.

Ikkinchidan, senator so‘roviga bepisandlik bilan tayyorlangan, qo‘yilgan birorta savolga oydinlik kiritilmagan,buning ustiga, yarim varaqlik javob Senatga emas, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yuborilgan.

«Madaniyat vazirligidek nufuzli idoraning mas’ul xodimlari parlamentga, ya’ni xalq vakillariga nisbatan shunday munosabatda bo‘lsa, ularning davlat siyosati mohiyatini to‘liq anglab yetganiga, zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalarni bekamu-ko‘st amalga oshirayotganiga kim kafolat beradi?! Biz bu masala bo‘yicha Madaniyat vazirligi, qolaversa, Vazirlar Mahkamasidan izoh kutamiz», deyildi majlisda.

O‘zAning yozishicha, Senat qo‘mitalarining tegishli masalalar bo‘yicha murojaatlariga boshqa aksariyat vazirlik va idoralar ham sayoz, asossiz va nomigagina tayyorlangan «shablon» tarzidagi ma’lumotlar bilan javob qaytarmoqda. Masalan, bugungi kunda Senatga huquqni muhofaza qilish organlaridan asossiz ravishda ishdan bo‘shatish hollari bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Nazoratga olingan murojaatlar yuzasidan esa, aksariyat javoblar bir xil mazmunga ega. Ya’ni, fuqaro tomonidan bildirilayotgan vajlarga aniq javob yo‘q.

Savol tug‘iladi: yuzlab fuqaro o‘z ish joyida ishdan bo‘shatishga sabab bo‘ladigan bir xil qoidabuzarlikni bir paytning o‘zida sodir etishi mumkinmi?

Buning ustiga Senatga tegishli ma’lumotlarni belgilangan muddatdan kechikib, shunda ham qayta-qayta murojaatlardan so‘ng taqdim etish surunkali tus olmoqda.

Hukumat tomonidan ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganiga qaramasdan, Senat bilan bog‘liq munosabatlarda bu choralarning amaliy natijasi sezilmayotgani afsuslanarli holdir.

Yana bir holat. Vazirlik va idoralar tomonidan qo‘mitalarning qonunlar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirlariga qonunlar to‘g‘risida yetarli bilimga, zarur ma’lumotga, qolaversa, tegishli vakolatga ega bo‘lmagan xodimlar jo‘natilmoqda. Oqibatda senatorlar tomonidan berilayotgan savollar javobsiz qolmoqda.

O‘zA

Senat raisi bunday holatlar parlamentga nisbatan bepisandlikdan boshqa narsa emasligini ta’kidlab o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring