Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Loyihalash ishlari uchun litsenziya olish osonlashdi

Loyihalash ishlari uchun litsenziya olish osonlashdi

Kuzatganim, yil sayin, kun sayin odamlarning kun kechirishi, mehnat sharoitlari yaxshilanib, ijtimoiy hayotda byurokratik to‘siqlarga barham berilmoqda. Har sohada bunday imkoniyatlarni ko‘rasiz. Deylik, birgina qurilish qilish uchun qancha mash-mashaga guvoh bo‘lish mumkin edi. Shuning uchun ham muqaddam arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatiga litsenziya olishning murakkab va mashaqqatli yumushlaridan charchagan tadbirkorlarning nolalari tez-tez quloqqa chalinib, ularning litsenziya olishlari uchun poytaxtga borib kelishlarining cheki-chegarasi yo‘qdek tuyulardi.

Avvallari bunday litsenziya olishning murakkab bosqichini eshitgan fuqarolar tadbirkorlikning bu turi bilan shug‘ullanish istagidan osongina voz kechib qolishgan. Boisi qanchadan-qancha fuqarolarimiz loyiha-hujjatlarini tayyorlatish uchun bir necha kunlarini sarflab boshqa viloyatlarga «bo‘zchining mokisi»day qatnashlariga to‘g‘ri kelgan.

Endilikda Prezidentimiz tashabbusi bilan bunday ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 maydagi «Qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash va akkreditatsiya qilish to‘g‘risida»gi 381-sonli qaroriga asosan Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash Davlat xizmatlari markazlari orqali amalaga oshirilishi belgilangan bo‘lib, litsenziya olish uchun talab qilinadigan xujjatlar bir munchaga soddalashtirilgan.

Nizomga muvofiq, litsenziya olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga litsenziya oluvchining o‘zi kelib murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tadi.

So‘rovnoma to‘ldiriladi hamda unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

• soha bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lgan muhandislar va loyiha arxitektorlari, bosh hamda yetakchi mutaxassislar diplomlari;

• korxonaga ishga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruqlar nusxalari;

• zarur bino-inshoot hamda asbob-uskunalar va inventarning talabgorga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatilganligi uchun eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi, xolos.

Qolgan yumushlarni markaz xodimlari va vazirliklar uddalaydilar. 7 ish kunida litsenziya talabgor qo‘lida bo‘ladi. Mazkur qaror bilan berilgan bunday yengilliklar tufayli tadbirkorlikning ushbu turi bilan shug‘ullanadigan fuqarolarimiz safi yanada kengayadi, degan umiddamiz.

Jasur Shodiyev
Xatirchi tumani DXM bo‘lim boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring