Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Koreys xalqining ko‘p yillik orzusi albatta amalga oshadi». Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidentiga tabrik yo‘lladi

«Koreys xalqining ko‘p yillik orzusi albatta amalga oshadi». Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidentiga tabrik yo‘lladi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inni 2018-yil 27-aprel kuni koreys xalqi tarixida tom ma’noda unutilmas voqeaga aylangan Pxanmunjom sammitining muvaffaqiyatli o‘tgani bilan qutladi.

«Ushbu uchrashuvning butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida bo‘lgan inqilobiy natijaga Sizning qat’iy irodangiz, Koreya Respublikasi hamda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, mintaqada o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga  qaratilgan tinchlikparvarlik siyosatini amalga oshirish yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlaringiz tufayli erishildi», — deyiladi Prezident maktubida.

Tabrikda muzokaralar samimiy va do‘stona muhitda o‘tgani, uning yakunlari bo‘yicha qabul qilingan ikki davlatni yaqinlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarni ko‘zda tutuvchi tinchlik, taraqqiyot va Koreya yarim orolining birlashishi haqidagi Pxanmunjom deklaratsiyasi Koreya Respublikasi va KXDR o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlanishiga umid va ishonch uyg‘otayotgani ta’kidlanadi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud yaratish tashabbuskori sifatida Koreya yarim orolidagi denuklearizatsiya jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, bu esa, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va mintaqada integratsiyani mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.

«Sizning temir yo‘l va avtomobil qatnovini tiklash to‘g‘risidagi tashabbusingizni alohida ta’kidlashni istardim. Bu Koreya yarim orolining butun Yevroosiyo mintaqasi, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini kengaytirish, uni yagona logistika tizimi va jadal savdo-iqtisodiy aloqalarga ega mintaqaga aylantirish uchun yangi istiqbollar taqdim etadi», — deyiladi maktubda.

Shuningdek, Koreya Respublikasining strategik sherigi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bundan buyon ham Koreya xalqining yaqinlik, Koreya yarim orolida umumiy taraqqiyot va farovonlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi faol amaliy qadamlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashi, Koreya xalqining bo‘linib ketgan oilalarni birlashtirish, aloqalarni tiklash haqidagi ko‘p yillik orzusi bir kun kelib albatta amalga oshishi, mintaqada esa barqaror tinchlik va farovonlikka erishilishi qayd etilgan.

«Siz, qadrdon do‘stim va aziz birodarimga mustahkam sog‘lik, Koreya sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Zero, bu kelishuvlar mintaqada va butun dunyoda vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga tarixiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Siz bilan O‘zbekiston zaminida yana uchrashishni sabrsizlik bilan kutib qolaman!» — deya o‘z ehtiromini izhor qildi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring