Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Kerak joyda topilmaydigan YPX xodimlari yoki haydovchilarning arzini kim eshitadi?

Kerak joyda topilmaydigan YPX xodimlari yoki haydovchilarning arzini kim eshitadi?

Foto: «Biznestrener.uz»

Ichki ishlar vazirligining sobiq ittifoq davrida GAI, mustaqil bo‘lganimizdan keyin Davlat avtomobil nazorati (DAN) deb atalgan boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi (YHX) boshqarmasi deb atala boshlaganiga ham ancha yil bo‘lib qoldi. Ammo bu boshqarma yo‘llarimizda harakat xavfsizligini ta’minlayaptimi?

Bu savolga javob yozishdan oldin bir narsani eslatib qo‘ymoqchiman: men doim haydovchilar va YHX, YPX xodimlari o‘rtasidagi qandaydir bahslar muhokama qilinganda doim YHX xodimlari tarafida bo‘lganman. Chunki haydovchilar orasida hech qanday qoidalarni tan olmaydigan «ucharlar» juda ko‘p. Ammo bu YHX xodimlari yaxshi ishlayapti degani emas.

Endi esa savolga javob bersam: bugungi kunda IIVning YHX boshqarmasining turli viloyatlardagi hududiy boshqarmalari, tumanlardagi bo‘limlari nomiga mos ishlamayapti va hech qanaqasiga «harakat xavfsizligini» ta’minlayotgani yo‘q. YPX xodimlari aksariyat hollarda reja sifatida qo‘llariga berilgan protokollarni qanday to‘ldirib topshirish payida bo‘lib qolayaptilar xolos. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi tashkiliy  ishlar esa YPX xodimlari tomonidan umuman bajarilmayapti.

Keling, kamchilik va muammolarga birma-bir to‘xtalamiz.

Bir paytlar  Toshkent — Termiz trassasi qurilar ekan, rahmatli Sharof Rashidov uning xalqaro yo‘l ekanligini inobatga olib Chinozdan Toshkent shahrigacha bo‘lgan qismida aholi punktlarida o‘nga yaqin yo‘lo‘tkazgich qurdirgan va o‘sha aholi punktlarida yashaydiganlar katta yo‘lga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqmay, yo‘lo‘tkazgich orqali tushishgan.

Shu bilan birga ushbu trassada yuradigan haydovchilarga qulay bo‘lishi uchun aholi punktlarining nomi harakatlanish tezligiga xalaqit bermaydigan qilib (o‘ngga yoki chapga degan ko‘rsatgich bilan ko‘rsatilgan holda) yozilgan edi. Shu tufayli Chinozdan Toshkentgacha bo‘lgan masofada haydovchilar o‘z mashinalarini bemalol 100 km/soat tezlikda boshqarib ketaverishar edi.

Ammo negadir 2017 yilning yoz va kuz oylarida Toshkent viloyati IIB YHXB tomonidan Chinozdan Toshkentgacha bo‘lgan yo‘lda aholi punktlarining nomlari harakat tezligini cheklaydigan tarzda o‘zgartirildi. Endi bu yo‘lda ayrim joylarni hisobga olmaganda haydovchilar tezlikni 70 km/soatdan (aholi punktlari uchun belgilangan tezlik) oshirmasligi kerak.

Mamlakatimiz aholisining 70 foizi poytaxtimizga kelish uchun shu yo‘ldan foydalanadi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili qatnov ancha ko‘paygani uchun Toshkent — Termiz trassasi talabga javob bera olmayotgani, shu bois va yana yo‘lning sifatini jahon standarti darajasiga chiqarish uchun uning Toshkent viloyatidan o‘tgan qismida katta tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan alohida polosali yo‘l qurilishi haqida gap-so‘zlar chiqqan edi. Ammo Toshkent viloyati IIB YHX boshqarmasi tez yursa bo‘ladigan alohida polosa qurilishi boshlanmasdanoq bu yo‘lda harakatlanish tezligini minimum darajaga tushirdi-qo‘ydi.

Shu gaplarga ertaga Toshkent viloyati IIB YHX boshqarmasidan kimdir chiqib, «aholi punktlarida YTHlar ko‘paygani uchun tezlikni cheklashga majbur bo‘ldik», deb izoh berishi ham mumkin. Agar YTHlar ko‘paygan bo‘lsa tegishli tashkilotlarga taklif bilan chiqib, ko‘chalar chetiga panjara o‘rnattirishsin. Hozirgi kunda to‘rt polosali bo‘lgan yo‘lni har ikki tarafidan bittadan polosa qo‘shib olti polosali qilishsin. Yo‘q, Toshkent viloyati IIB YHX boshqarmasi haydovchilarga jabr qilib, oson yo‘lni tanladi va qariyb 70 km masofada aholi punktlarining nomi yozilgan yo‘l belgilarini ko‘cha chetlariga o‘rnatib harakatlanish tezligini cheklab qo‘ya qoldi.

Haydovchilarga jabr qilgani shuki, ilgari bu yo‘lda haydovchi tezlikni belgilangan 100 km/soatdan 10-15 km soatga oshirsa eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima to‘lar edi. Endi esa o‘shanday 115 km/soat tezlikda yursa eng kam ish haqining yetti barobari miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘layapti.

Yuqorida IIV YHX boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi tashkiliy ishlarga, zudlik bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolarga umuman e’tibor bermayapti dedim. Buni turli shaharlarda, tuman markazlarida joylashgan bozorlar atrofi doim tiqilinch bo‘lib turishidan ham bilsa bo‘ladi. Oxirgi ikki yilda mamlakatimizning ko‘plab shaharlarida, tuman markazlarida bo‘ldim. Aksariyatida bozor atroflari tiqilinch bo‘lib, harakatlanish nihoyatda qiyin. Ammo o‘sha tiqilinchlarni bartaraf etishga harakat qilayotgan YPX xodimlarini ko‘rmadim. Yolg‘on bo‘lmasin, 2016 yilning yozida Andijonning Xo‘jaobod shahrida ko‘rdim. Unda ham YPX xodimlari haftaning ikki kuni — katta bozor bo‘ladigan kunlari kelib tartib saqlashar ekan. Boshqa kunlari kelishmas ekan.

Shu yil yozda Surxondaryoning Denov shahrida bo‘ldim. Bozor atrofidagi ko‘chalarda mutlaqo yurib bo‘lmaydi. Samarqand viloyati Urgut shahridagi dehqon bozori atrofidagi ko‘chalar kirakashlar band qilib olgani uchun qishin-yozin tiqilinch bo‘lib turadi. Lekin bu yerda ham biron marta YPX xodimlari kelib, tartib saqlab, ko‘chani ochib qo‘yganlarini ko‘rmadim. Faqat goh-gohida viloyat IIB YHX xodimlari reyd bilan borib qolsa hamma, kirakashlar bormi yoki mashinasini to‘xtash mumkin bo‘lmagan joyga qo‘ygan tadbirkorlar bormi, qochib qoladi va yo‘l biroz ochiladi.

Men yuqorida bir-ikkita misol keltirdim. Ammo bu muammo istalgan viloyatda, istalgan tuman markazida bor. Ammo yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash kerak bo‘lgan joylarda YHX xodimlarini ko‘pincha kunduzi chiroq yoqib ham topib bo‘lmaydi.

IIV YHX boshqarmasining yana bir tushunarsiz ishi mashinalarning yoritish tizimi bilan bog‘liq.

Ko‘pchilik bilmas, dunyoning rivojlangan davlatlari o‘z hududida mashinalar kunduzi harakatlanayotganida yaqinni yoritish asboblarini yoqib yurishini joriy qilib qo‘yibdi. Yon qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Rossiyada ham shunday. Bizda esa hammasi bo‘tqa bo‘lib yotibdi. Tushuntiraman: ikki-uch yildan beri o‘zimizning mashinalarni ham jahon talablariga mos kelishi uchun mashina dvigatelini yoqqaningizdan yaqinni yoritadigan faralar avtomatik ravishda yonadigan qilib ishlab chiqarishayapti. Ko‘chada ketayotganda ularning yaqinni yorituvchi faralari kunduz kunlari ham avtomatik ravishda yonib ketaveradi. Ulardan oldin ishlab chiqarilgan mashinalarda esa unday funksiya yo‘q va yaqinni yoritish faralari qo‘lda yoqiladi. Endi ahvolning bo‘tqaligini qarangki, oldinroq ishlab chiqarilgan mashinalar yaqinni yoritish farasini yoqib yursa bu qoidani buzish hisoblanadi. Lekin zavoddan yaqinni yoritish faralari avtomatik tarzda yonadigan qilib chiqarilgan mashinalar yaqinni yoritish farasi yoniq holda xarakatlansa bu qoida buzilishi hisoblanmaydi.

Xo‘sh, shunday ekan, IIV YHX boshqarmasiga eski-yu yangi mashinalarning hammasiga kunduzlari yaqinni yorituvchi faralarni yoqib yurishni majburiy qilib qo‘yish uchun nima yetishmayapti? Qachongacha ko‘chalarimizda bir mashina kunduz kunlari faralarini bemalol yoqib yura oladi-yu, ikkinchi mashina xuddi shu ishi uchun jarimaga tortiladi?

Yozaman desa bu sohada qilinadigan ishlar ko‘p. IIV YHX boshqarmasi tez orada bu kamchiliklarni bartaraf etadi deb umid qilamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring