Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jeneva universitetini ham «ro‘yxat»ga qo‘shib qo‘ying» — Jaloliddin Xushvaqov

«Jeneva universitetini ham «ro‘yxat»ga qo‘shib qo‘ying» — Jaloliddin Xushvaqov

«Xabar.uz» xorijdagi vatandoshlar bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz — Shveysariyaning Jeneva universitetida bioorganik kimyo yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olayotgan Jaloliddin Xushvaqov.

— Jaloliddin, nega kimyo sohasini tanlagansiz?

— Ota-onam o‘qishimiz qatori, hunar o‘rganishimiz, tajriba to‘plab, muomala madaniyatini egallashimizga jiddiy qarashgan. Dadam kichikligimizdan, oylik bermasa-da, ish o‘rgansin deb turli joylarga shogirdlikka berardi. O‘quvchilik yillarim maktabdan bo‘sh vaqtlarimda bir muddat kafeda, so‘ng novvoyxonada ishlaganman.

Keyin adashmasam, maktabda 8-sinfni tugatib, yozgi ta’tilda soch shampuni chiqaruvchi korxonada ish o‘rganuvchi bo‘lgandim. U yerda Muxtor aka degan kimyogar-texnolog bo‘lardi. Laboratoriyada soch bo‘yoqlari va gellar tayyorlardi. Rus, ingliz, turk tillarini bilardi. Xorijga xizmat safari bilan ko‘p ketardi. O‘sha paytlar kimyogar-texnolog bo‘lsam, til o‘rgansam, men ham Muxtor akaga o‘xshab dunyo kezaman degan havas uyg‘ongan.

Umuman, laboratoriyadagi kimyoviy reaksiyalar, jarayonlar meni qiziqtirib qo‘ygandi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Milliy universitetining kimyo yo‘nalishiga hujjat topshirib, o‘qishga kirib, bakalavrni tugatib chiqdim. Endi esa Islom Karimov fondi granti g‘olibi sifatida Shveysariyaning Jeneva universitetida bioorganik kimyo yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada o‘qiyapman.

— Nima uchun aynan Shveysariyada o‘qishga qaror qildingiz?

— Bakalavrda o‘qib yurgan kezlarimdayoq xorijda tahsilni davom ettirish orzuim bo‘lgan, lekin, to‘g‘risi, u paytlar Shveysariyani o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

Islom Karimov fondi granti tanlovida ishtirokim jarayonida fond ma’muriyati Shveysariyaning ta’lim imkoniyatlari haqida tavsiya berishgan. O‘sha vaqtda 7 ta oliygohga hujjat topshirgandim. Ulardan bittasi Erazmus dasturi, bittasi Shveysariya va beshtasi Germaniyadagi universitetlar edi. Jeneva universitetiga qabul qilinishni orzu qilgan bo‘lsam-da, kirishimga ko‘p ham ko‘zim yetmagan. Chunki, yutuqlarim maqtanadigan darajada emas edi.

Nihoyat, Jenevadan o‘qishga qabul qilinganligim to‘g‘risida xat kelgach, juda ham xursand bo‘lganman. Hozir stajirovkani universitetining o‘zida o‘tab kelyapman.

Stajirovka davomida elektrod sirtiga enzimlarni biriktirib, vodorod va deyteriyning enzimga ta’sirini o‘rganmoqdaman. Bu ish aslida katta loyihaning bir qismi. Asosiy maqsad xuddi shu usulda sanoat miqyosida eng ko‘p ishlatiladigan ammiak olish texnologiyasini yaratishdir.

— Jeneva universiteti qanday ta’lim imkoniyatlarini beradi?

— Jeneva universiteti uzoq tarixga ega: 1559-yili Jan Kalvin tomonidan asos solingan. Dunyoning 100 ta eng yaxshi universiteti ro‘yxatiga kiradi. 150 dan ortiq mamlakatlardan 17 mingga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Har yili bitiruvchilari jahonning nufuzli tashkilotlariga ishga qabul qilinadi.

Universitetning menga eng ma’qul jihati — talabalarga erkinlik berilishi. Talaba o‘z sohasiga taalluqli bo‘lmagan joylarda ham amaliyot o‘tay oladi. Universitet ma’muriyati, qarshilik ko‘rsatish u yoqda tursin, talabaning xohishini har tomonlama, hatto moddiy tarafdan ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Xullas, xorijda o‘qish niyatidagi vatandoshlarimga Jeneva universitetini ham «ro‘yxat»ga qo‘shib qo‘yishni tavsiya qilaman.

— Sizningcha, kimyoning bugungi kundagi ahamiyati qay darajada?

— Kimyo fanining ertasi yo‘q, deguvchilar, albatta, yetarlicha. Hatto o‘zimga ham kimyoda hamma narsa o‘rganib bo‘lingani, yangi kashfiyotlar qilish qiyinligi haqida ko‘p gapirishgan. Aslida unday emas. Kimyo fanida hali ochilmagan narsalar ko‘p. Hatto, kimyoni ahamiyati bo‘yicha axborot texnologiyalari sohasiga tenglashtirgan bo‘lardim. Bugungi global muammo — koronavirusni misol keltirishim mumkin. Aynan koronavirusga qarshi kurashda tabiiy fanlar vakillari, xususan, tibbiyot xodimlari birinchi qatorda turib xizmat qilishmoqda. Shuningdek, virusga qarshi vaksinani yaratish ham tabiiy fanlar sohasi vakillari zimmasida.

Shu nuqtai nazardan, kimyo sohasiga e’tiborni har qachongidan ko‘ra ko‘proq kuchaytirishni davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

— Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizda sun’iy go‘sht haqidagi ma’lumotga ko‘zim tushdi...

— BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga ko‘ra, 2050-yilda dunyo aholisi 9 mlrd.dan oshadi, go‘shtga talab esa bugungi kunga nisbatan 70 foiz ko‘payadi.

Ammo buncha go‘sht bilan ta’minlashga dunyoning yer va suv resurslari yetarli emas. Shuning uchun ham olimlar biotexnologiya yordamida sun’iy go‘sht ishlab chiqarib, go‘sht tanqisligi va yana bir qator muammolarga yechim topishga urinishmoqda.

Sun’iy go‘sht nima o‘zi?

Biz shu paytgacha iste’mol qilib kelgan go‘shtlar hayvon hujayralarida o‘sadi. Biotexnologiya yordamida olinadigan sun’iy go‘sht esa hayvonlardan yuqori sifatli hujayralarni ajratib olib, ular o‘sishi va ko‘payishi uchun zarur bo‘lgan ozuqalar bilan ozuqalantiriladi. Olingan hujayralar to‘plami go‘sht holatiga keltiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sun’iy go‘sht ishlab chiqarish uchun bugungi kunga nisbatan 90 foizdan ziyod kam yer maydoni va 96 foizga kam suv sarflanadi. Ushbu yuqori samaradorlik o‘sib borayotgan populiyasiyani barqaror ravishda real go‘sht bilan ta’minlashga imkon beradi.

Har bir bosqich yuqori sifatli mahsulot olish uchun xizmat qiladi. Natijada bu hozirgi kunda global muammolarga sabab bo‘layotgan hayvonlardan tarqaladigan viruslarni nazorat qilish imkonini berishi mumkin. Bundan tashqari, ovqat natijasida yuzaga keladigan boshqa muammolar ham o‘z yechimini topadi.

Chorvachilik qishloq xo‘jaligidagi issiqxon gazlarining o‘rtacha 15 foizini ishlab chiqarishini ham unutmaslik kerak. Bu taxminan barcha avtomobillar va samolyotlar ishlab chiqaradigan issiqxona gazlariga teng ko‘rsatkich! Sun’iy go‘sht issiqxona gazlari chiqindilarini 96 foizga kamaytirish bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatlarini bartaraf etishda yordam bera oladi.

Ammo, sun’iy go‘sht sifat jihatidan tabiiy go‘shtga tenglasha olmaydi, buniyam tan olishimiz kerak.

— Albatta, bo‘sh vaqtlaringizda ham bekor o‘tirmasangiz kerak?

— Yangi narsalarni o‘rganishga qiziqaman. Yaxshiyam onlayn darslar, xususan, yutub platformasidagi foydali videolar bor.

Olti oy oldin Telegramda kimyo sohasiga doir blog yuritishni boshladim. Mutaxassisligimga doir yangiliklarni asosan ingliz va rus tillarida o‘qishga majbur bo‘lganim bunga sabab bo‘ldi. Blogim orqali kimyo sohasi yangiliklarini va o‘zim uchun qiziq tuyulgan ma’lumotlarni o‘zbek tilida baholiqudrat ulashib boryapman.

Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring