Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQShdagi vatandosh: «Orol bo‘yi, migratsiya va Amerikada birinchi raqamli maktab»

AQShdagi vatandosh: «Orol bo‘yi, migratsiya va Amerikada birinchi raqamli maktab»

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi qahramoni AQShdagi Syracuse University’da ilmiy tadqiqot olib borayotgan hamyurtimiz Saidakbar Asqarov bo‘ldi.

Vatandoshimiz Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini bakalavr, Buyuk Britaniyadagi Manchester universitetining magistratura, Yaponiyaing Milliy siyosiy tadqiqotlar ilmiy institutida ikkinchi magistraturani tamomlagan.

Ko‘p millatli muhit yodimga keladi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tug‘ilganman. Maktabni ushbu tuman markazidagi 33-o‘rta ta’lim maktabida boshlaganman va keyinchalik 11-ixtisoslashtirilgan maktabni (litsey) tamomlaganman. Litseyimizda mening yo‘nalishim ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan edi.

Bolalikni eslasam ko‘p millatli muhit yodimga keladi. Ya’ni, bizning maktabimiz va atrofimda juda ko‘p millat vakillari, jumladan etnik tojiklar, ruslar, hattoki nemis millatiga mansub do‘stlarim bo‘lgan. Shundan bo‘lsa kerak, yoshligimdan chet tillariga qiziqish yuqori edi.

Ba’zilar hozirgacha qishloq hayotida ulg‘ayganim uchun bolaligim juda ko‘p mehnatda o‘tgan bo‘lsa kerak, deb so‘rashadi. To‘g‘risini aytsam, atrofimdagi bolalarga solishtirsa, jismoniy mehnat masalasida uncha uquvim bo‘lmagan. Shu sababdanmi ota-onam menga dalada ishlashdan ko‘ra ta’lim olishimga ko‘proq imkoniyat qilib berishgan.

Tarjimon bo‘lishni niyat qilganman

Yuqorida aytganimdek, litseyni ingliz tili yo‘nalishida tamomlaganman. Shundan so‘ng ingliz tili bo‘yicha tarjimon bo‘lishni niyat qildim. Maktabni bitirgan yilim O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga hujjat topshirdim va qabul qilindim. Lekin, ushbu oliygohda o‘sha paytlar ta’lim olish havas qilarli darajada emas edi.

Shunda tanishlarimdan O‘zbekistondagi boshqa qaysi oliygohda ta’lim olish yaxshi ekanligini surishtirdim. Ko‘pchilik Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tavsiya qilishdi. Ochig‘ini aytsam ushbu oliygohni yo‘nalishiga emas, balki ta’lim sifati uchun tanlaganman. Kutganimdek ushbu oliygohda ta’lim olish Jahon tillari universitetidan ancha farq qilardi. O‘qituvchilar, shu jumladan talabalar saviyasi ancha yuqori edi. Eng asosiysi universitetda korrupsiya holatlari, xususan pul berib sessiya yopishlar deyarli yo‘q edi. Har holda menda shunaqa bo‘lgan. Shuningdek oliygoh boshqalardan yana bir jihati bilan farq qilardi. O‘sha paytlar chet elda o‘qishimni davom ettiraman, deya oladigan talabalarni boshqa oliygohlarda kamdan-kam uchratar edingiz. Bu yerda esa umuman boshqacha muhit, ya’ni talabalar ilk yillardan chet tili sertifikatiga tayyorgarlik ko‘rishar va talabalikning oxirgi yillari xorijiy universitetlarga hujjat topshirishni boshlashar edi. Ushbu jarayonlarga ilgari bitirib ketgan chet eldagi talabalar yordam berishardi.

Kamchiliklariga keladigan bo‘lsak universitetimiz ham boshqa oliy ta’lim muassasalari kabi Oliy ta’lim vazirligi ishlab chiqqan standartlar asosida darslarni tashkil qilardi. Bu esa ko‘pchilik talabalarga ma’qul bo‘lmagan. Jumladan, mutaxassislikka taalluqli bo‘lmagan fanlarning juda ko‘pligi va majburiyligi. Shuningdek, «mutaxassislik» fanlarining o‘zi ham qanchalik mutaxassislikka aloqador edi, bu ham muhokamali masala bo‘lgan.

«Chevening scholarship» dasturi moliyalashtirgan

Universitetda o‘qib yurgan yillarim ko‘plab tashkilotlarda, jumladan Oliy xo‘jalik sudi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, UNDP loyihalarida mutaxassisligim bo‘yicha amaliyot o‘taganman. Mazkur amaliyotlardan maqsad o‘zimga yoqadigan sohani topish va tanlash edi. Ushbu tashkilotlardagi tajribam menda hali yetarli bilim yo‘q ekanligini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng bir qancha xorijiy universitetlarga hujjat topshirishni boshladim. Bakalavr bosqichini yakunlaganimdan so‘ng, bir qancha xorijiy ta’lim muassasalaridan taklif kelib tushdi. Shulardan eng yaxshisi deb bilganim Manchester universitetini tanladim. Ta’lim muassasasida tahsil olishim Buyuk Britaniyaning «Chevening scholarship» dasturi tomonidan moliyalashtirilgan. Manchester universiteti o‘sha paytlar dunyoning eng mashhur 20 ta oliygohlari ro‘yxatiga kirar edi. Meni eng ko‘p qiziqtirgan holat, o‘shanda biz uchun yangilik bo‘lgan, fanlarning xilma-xilligi va ularni o‘zingiz qiziqishingiz hamda kelajakdagi mehnat faoliyatingizga mos qilib tanlashingiz mumkinligi bo‘lgan. Undan tashqari, ta’lim beruvchi professorlarning juda ko‘pchiligi xalqaro darajadagi olimlar, hattoki Nobel mukofoti sovrindorlari edi. Tasavvur qiling, Nobel mukofoti olgan professor siz bilan har hafta biror-bir masalani muhokama qilsa?! Bu juda ham ajoyib hissiyot va ulkan ruhlantirish beradi.

Yaponiyada ikkinchi magistraturada tahsil oldim

Angliyadan O‘zbekistonga qaytganimdan so‘ng, Tashqi ishlar vazirligida ishlash uchun hujjat topshirdim. Ular menga hozirda bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini ma’lum qilishdi. Eng qizig‘i, bakalavrni bitirganimda menga Tashqi ishlar vazirligida ishlashga taklif bo‘lgan edi.

To‘g‘risini aytish kerak, 8-10 yil oldin negadir chet elda ta’lim olib qaytgan kadrlarga munosabat yaxshi emasdi. Shundan keyin Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar qo‘mitasiga (hozirgi Innovatsion rivojlanish agentligi) taklif qilishdi. Ushbu tashkilotga ishga kirishimga asosiy sabab tashkilot rahbari Odilxo‘ja aka Parpiyev bo‘lgan. Sababi, ushbu inson o‘sha paytdagi rahbar kadrlardan farqli, o‘zgacha fikrlovchi yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlar va doimiy motivatsiya berib turardi. Ulardan juda minnatdorman.

Tashkilotda bir paytning o‘zida Ilmiy-texnika markazida huquqshunos konsultant hamda innovatsiyalarni joriy etish bo‘limida mutaxassis sifatida mehnat qildim. Mehnat faoliyatim davomida davlat boshqaruvi ayniqsa, davlat budjeti mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish masalalari bo‘yicha bilimim yetarli emasligini tushunib yetdim. Undan tashqari, davlat tashkilotida besh yilga yaqin faoliyat yuritgan edim, bu esa shaxsiy hayotimda nimadir o‘zgarish qilish kerakligini bildirardi. Shunday qilib, Yaponiya hukumatining yosh liderlar uchun e’lon qilgan grant dasturi asosida Yaponiyaing Milliy siyosiy tadqiqotlar ilmiy institutida Davlat boshqaruvi (markaziy hokimiyat boshqaruvi yo‘nalishida) ta’lim olib qaytdim.

Amerikada birinchi raqamli maktab

2021 yilga qadar turli davlat tashkilotlarida ish faoliyatimni davom ettirdim. Hozir AQShning Syracuse University’da (PhD) ilmiy ish qilyapman. O‘zi boshidan ikki marotaba magistrlik darajalarini olishim va Fan va texnologiyalar qo‘mitasida turli ilmiy loyihalar bilan ishlashim ham barchasi meni ushbu yo‘lga, ya’ni ilmiy sohaga olib ketayotgan edi.

Nima uchun aynan ushbu oliygohni tanlaganimning sabablari bir qancha. Shulardan biri men hozir ta’lim olayotgan maktab, ya’ni Maksvel fuqarolik maktabining aynan Davlat boshqaruvi va ijtimoiy fanlar bo‘yicha Amerikada birinchi raqamli maktab ekanligi. Bu esa sizga o‘z-o‘zidan ilmiy ish qilishingiz uchun kerakli bo‘lgan resurslar va imkoniyatlarning ko‘pligini bildiradi. Ilm qilmoqchi bo‘lgan talaba uchun eng asosiysi sohangiz bo‘yicha kuchli professorlarning mavjudligi. Bu yerda juda ko‘p o‘z sohasining yetakchi professorlari bor, ayniqsa, menga o‘xshagan tarmoqlararo ilm qilmoqchi bo‘lgan talabalarga turli soha professorlari bilan bir paytda ishlash imkoni bor. Misol uchun, men bugungi kunda iqlim o‘zgarishining aholi migratsiyasiga tasirini o‘rganyapman. Bunda men hozirda sotsiologiya, geografiya, antropologiya hamda sisyosiy fanlar bo‘yicha mutaxassis professorlar bilan ish olib boryapman. Bu degani mening ilmiy ishim keng qamrovli emas, balki tor yo‘nalishni har tomonlama tahlil qilishga qaratilgan. O‘zbekistonda ko‘p hollarda aksini ko‘rishingiz mumkin, ya’ni juda keng qamrovli mavzuni bir fan yoki yo‘nalish doirasida o‘rganishga harakat qilinadi.

Ilmiy ishim doirasida Orolbo‘yi aholisining iqlim o‘zgarishiga munosabati va ularning migratsiya jarayonlariga ushbu o‘zgarishlarning tasirini o‘rganyapman. Kelasi yil yozda Orolbo‘yi aholisi, hamda mahalliy va markaziy hokimiyat vakillari, jurnalistlar, nodavlat tashkilot vakillari bilan intervyu hamda savolnomalar o‘tkazishni, shuningdek mahalliy matbuotning ushbu jarayonlarga munosabatini diskursiv analiz qilishni rejalashtirganman.    

Ilmiy ishimda iqlim o‘zgarishining aholi ko‘chishi yoki bir joyda muqim qolishda tasir qiladigan omillarning bog‘liqligini statistik va sifat tahlillar orqali ko‘rsatib berishga harakat qilaman. Ushbu ilmiy ishim kelajakda iqlim o‘zgarishi jarayonlarida aholining ko‘chish bilan bog‘liq qarorlarini oldindan tahlil qilish va bu jarayonlarga tegishli mas’ul tashkilotlar aniq ilmiy asoslar asosida rejalar ishlab chiqish imkonini beradi.

Birovlarning olqishlari uchun bo‘lib qoldi...

«Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaydi» degan ibora bejiz aytilmagan deb, o‘ylayman. Xorijdagi hayot o‘zingizni har taraflama sinovdan o‘tkazib olish imkonini beradi. Shuningdek, turli madaniyatlar, ijtimoiy hayot tarzi va iqtisodiy imkoniyatlar o‘z-o‘zidan sizni taqqoslashga undaydi. To‘g‘risini aytsam, oxirgi yillar solishtirishga unchalik ishtiyoqim ham yo‘q. Sababi, afsus bilan aytish kerakki hozirda aholimiz yashash tarziga e’tibor bersangiz na o‘zbekligimizni saqlab qoldik to‘lig‘icha, na g‘arblashdik. O‘zga madaniyatlarni qabul qilish yomon demoqchimasman, aksincha yaxshi taraflarini olish o‘rniga ko‘p salbiy jihatlar jumladan kiyinishda, yurish-turishda, ijtimoiy hayotimizda ko‘r-ko‘rona taqlid qilishni boshladik. Ayniqsa, madaniyat sohasi vakillari jumladan aktyorlar, qo‘shiqchilar, hozirda avjiga chiqqan «vaynerchilar»ning g‘arbona chiqishlari ta’bingizni xira qiladi.

Alohida ta’kidlashim kerak, O‘zbekistondagi ba’zi kishilarning dabdabali to‘ylariyu, koshona uylari va mashinalari aksariyat hollarda birovlarning olqishlari uchun bo‘lib qoldi. Chet elda yurib bir narsani aniq tushinib yetdim, bu ham bo‘lsa g‘arbdan olishimiz mumkin bo‘lgan narsalardan eng muhimi bu – o‘z imkoniyati chegarasida hayot kechirish va oddiylik.

 Kelajakdagi ish faoliyatingiz bilan bog‘liq bo‘lishi zarur

Xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga asosiy tavsiyam, biror-bir oliygohda ta’lim olmoqchi bo‘lsangiz avvalambor ta’lim va yashash xarajatlaringizni o‘zingiz qoplashga harakat qilmang. Ya’ni, o‘z hisobingizdan xorijda ta’lim olishga urinmang. Hozirda juda ko‘p yoshlar chet elga kelib xarajatlarini qoplash maqsadida ishlashga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa ularning nafaqat o‘qishiga ta’sir qiladi, balki aksariyat hollarda ular umuman ta’lim ola olishmaydi. Ko‘plab xalqaro va milliy ta’lim grant dasturlari bor. Shulardan foydalanish mumkin. Shuningdek, o‘zingiz qiziqqan sohani tanlang va albatta ushbu sohangiz kelajakdagi ish faoliyatingiz bilan bog‘liq bo‘lishi zarur.

Iqtisodiy muammolardan kattaroq deb bilaman

Nafaqat AQSh, Angliya yoki Yaponiya balki barcha rivojlangan davlatlar tarixiga qarasangiz, barchasining rivojlanish jarayonlarida bir xil holatni ko‘rasiz. Xuddi shunday, barcha rivojlanayotgan yoki uchinchi dunyo mamlakatlariga qarasangiz ham rivojlanish bilan bog‘liq bir xil holatni ko‘rasiz. U ham bo‘lsa korrupsiya masalasi. Men hozir sizga yuzlab AQSh yoki Yaponyaning hayratlanarli tajribalarini aytib berishim mumkin, ammo ularni O‘zbekistonda yoki boshqa korrupsion holatlar ijtimoiy hayotining bir bo‘lagiga aylangan davlatlarda qo‘llash foyda bermasligini ham ta’kidlashimiz kerak. Misol uchun, ko‘pchilik AQShni davlat boshqaruvi tizimining o‘ziga xos yutuqlaridan biri bu – mahalliy boshqaruv hokimiyatlarining kuchga ega ekanligini qayd etishadi. O‘zbekistonda buning aksi, ya’ni markaziy hokimiyatning juda kuchli ekanligini ko‘rasiz. O‘zbekistonda ham shunday boshqaruv tizimini shakllantirish orqali AQShga o‘xshash iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarga erisha olamizmi?! Hozirgi holatda, yo‘q albatta. Siz har qanaqangi islohotlarni amalga oshirmang, agarda korrupsion tizimni yo‘q qilmas ekansiz (hech bo‘lmasa quyi va o‘rta bo‘g‘inda), biror-bir natijaga erisha olmaysiz.

Bu bilan men rivojlangan davlatlarda muammo yo‘q demoqchi emasman, ularda ham bir qancha, jumladan, AQShda qurol saqlash va uning ortidan aholining xavfsizligi muammolari, yuqori jinoyatchilik, narkotik oldi-sotdisi va keng miqiyosida iste’mol qilishi, aholining ayniqsa yoshlarning jinsiy nomutanosibligi muammolari bor. Shuningdek, Yaponiyada yoshlarning oila qurishga va farzand ko‘rishga ishtiyoqining pastligi, yoshlarning ko‘p qismining turli psixologik bosimlar tufayli suitsidga moyilligi va hakozolar mavjud. Ushbu muammolar, iqtisodiy muammolardan kattaroq deb bilaman, sababi ushbu muammolarni biror-bir kompleks choralar orqali to‘g‘irlashning iloji yo‘qligidir. Yuqorida aytib o‘tganimdek, O‘zbekiston ham shunday ijtimoiy muammolar girdobiga tushib qolishdan ehtiyot bo‘lishi lozim.

AQShdan tashqari dunyo bilan deyarli qiziqishmaydi

Mening bilishimcha, ko‘pchilik yurtdoshlarimizning aynan AQShga o‘zgacha ishtiyoq bilan qarashlarining asosiy sababi ushbu davlatning moddiy imkoniyatlarining kengligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Hozir ko‘plab vatandoshlarimiz bu yerga kelishmoqda va hayotlarini ushbu davlat bilan bog‘lashgan. Afsus bilan aytib o‘tish kerak, ko‘plab yurtdoshlarimiz noqonuniy yo‘llar bilan, jumladan, Meksika orqali bo‘lsa ham o‘tib kelishga intilishmoqda. Shuningdek, ko‘plab yoshlarimiz ta’lim olishga ham kelishmoqda, bu yaxshi albatta. AQSh haqida yuqorida salbiy holatlarning ba’zilarini sanab o‘tdim. Shuningdek, yana bir holatni aytib o‘tmoqchiman, aksar o‘rta va undan past bo‘g‘in amerikaliklar AQShdan tashqari dunyo bilan deyarli qiziqishmaydi. Shuningdek, aholining aksar qismi, ichki sayohatni afzal ko‘rishadi. Chet davlatlar siyosiy va ijtimoiy hayoti bilan deyarli ishlari yo‘q. 

Yuqoridagilarga qaramasdan, insonlari juda ham xushmuomala, tanigan-tanimagan bir-biriga jilmayadi va salom beradi. Shuningdek, insonlar doim sizga yordam berishga tayyor. Biror-bir tashkilotga ish bilan borsangiz sizning ishingiz deyarli har doim hal bo‘ladi, qizig‘i sizning biror-bir hujjatingiz esdan chiqqan yoki yoningizda bo‘lmay qolsa ham imkon qadar sizga yordam berishadi.

Har bir o‘zbekistonlik bilishi kerak

Birinchi tavsiya etadigan kitobim, Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunusning «Building Social Business» asari. Eng qizig‘i yaqinda ushbu muallif O‘zbekistonga ham tashrif buyurdi. Ushbu asarni tavsiya etishimdan maqsad, fikrimcha, ushbu asarda real misollar orqali, odam nafaqat o‘z hayotini balki butun bir jamiyatlarni kichkina imkoniyatlardan foydalanib ham o‘zgartirishi mumkinligi ko‘rsatib berilgan. Juda ham hayotiy va qiziq asar. 

Ikkinchi kitob, A’zam Hoshimiyning «Alvido, Vatan!» asari. Ushbu asar Turkiston xalqining qanday qilib kommunistlar tomonidan «toptalish» tarixini juda go‘zal yoritib beradi. Real voqelikka asoslangan ushbu asar har bir o‘zbekistonlik bilishi kerak bo‘lgan ko‘plab ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, Oybekning «Navoiy» romanini tavsiya qilgan bo‘lar edim. Nima uchun degan savolga, meni qoyil qoldirgan jihati, muallifning so‘z tanlash mahorati juda ham yuqori darajada ekanligi. O‘sha davrni beqiyos darajada go‘zal tasvirlab bergan, xuddi o‘zingiz ushbu muhitga tushib qolganday bo‘lasiz. Ammo bir narsani aytib o‘tish kerak, bu mening shaxsiy qarashim. Romanni o‘qish jarayonida o‘quvchi muallif o‘sha davrda ba’zi voqeliklarni, jumladan, diniy ulamolar hayoti va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yoritishda ulamolarga nisbatan ba’zi mubolag‘alarga yo‘l qo‘yganini sezish mumkin. Balkim bunga o‘sha davr siyosiy jarayonlari ta’sir qilgan bo‘lishi ehtimoli bor.

Kelajakdagi rejalarimga to‘xtaladigan bo‘lsam, ilmiy ishimni yakunlab O‘zbekistonga qaytmoqchiman. Mamlakatimizda ta’lim sohasida mehnat qilish niyatim bor. Maqsadim yoshlarga olgan bilimlarimni ulashish, ayniqsa, hozirda bizda oqsayotgan ilmiy yo‘nalishni yaxshilashga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring