Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janjal chiqarib, politsiyachini tishlagan: Londonda Nazarboyevning nevarasi sudga berildi

Janjal chiqarib, politsiyachini tishlagan: Londonda Nazarboyevning nevarasi sudga berildi

Oysulton Nazarboyev buvasi — Nursulton Nazarboyev bilan.

Foto: «Nur.kz»

Kecha, 4-iyul kuni Qirollik sudi Londondagi Sazark tumanida Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning nevarasi — 28 yoshli Oysulton Nazarboyev ishini ko‘rishni boshladi. U giyohvand moddalar ta’siri ostida janjal ko‘tarib, politsiyachiga qo‘l ko‘targanlikda ayblanyapti, deyiladi «EurAsia Daily» xabarida.

Dastlabki eshituvlar matbuot uchun ochiq tartibda o‘tyapti. Hozircha hibsda tutib turilgan Oysulton Nazarboyev politsiyachiga qilingan hujum to‘g‘risidagi ayblovni rad etmoqda. Sud majlisi davomida u churq etmagan, to‘g‘risi, tomonlar unga savol berishmagan.

Ayblovchi Gregor Makkinlining so‘zlashicha, Oysulton Nazarboyev 3-iyul kuni London markazidagi mehmonxonalardan birida to‘polon ko‘targan, balkonga chiqib, o‘zini tashlab yuborish bilan qo‘rqitib, qichqira boshlagan. 5-iyul kuni xuddi shu holat London markazidagi boshqa bir yerda — xonadonda sodir etilgan. Oqibatda qo‘shnilar politsiyani chaqirishgan. Makkinli Oysulton Nazarboyev o‘zini anchayin tajovuzkor tutgani, o‘zini o‘ldirish bilan tahdid qilgani, konstebl (politsiyachi) Ross Sambrukka tashlanib, kuch ishlatgani, uning qo‘lini tishlab olganini aytgan. Politsiya xodimi javob tariqasida elektroshoker qo‘llagan. Shu tariqa, Oysulton Nazarboyev insonga va mulkka zarar yetkazganlikda ayblanyapti.

Makkinli, shuningdek, politsiyaga «qozoq hukumati vakillari»dan qo‘ng‘iroq kelib tushgani haqida aytmoqda. Uning gumonicha, «vakillar» voqeani yopdi-yopdi qilib, Nazarboyevlar oilasini sharmandagarchilikdan qutqarishga urinishgan, biroq politsiyachilar «aloqa o‘rnatish»ga unashmagan.

Davlat ayblovchisining aytishicha, Oysulton Nazarboyev kokain iste’mol qilgan, tajovuzkorligi shundan. Hozirda uning pasporti olib qo‘yilgan. Gregori Makkinli sud e’tiborini oliy nasabli oila nima qilib bo‘lsa ham Oysulton Nazarboyevga diplomatik pasport olib berib, Buyuk Britaniyadan chiqarib ketishga va javobgarlikdan qutqarib qolishga urinishi mumknligidan ogohlantirdi va bunga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.

Xuddi shu voqeani «Zakon.kz» portali boshqacha talqin qilmoqda. Unda nomlari oshkor qilinmagan do‘stlari Oysulton Nazarboyev hech qanday janjal qilmagani haqida aytishadi. Shunchaki tanish qizining eshigi bexosdan qulflanib qoladi, u Oysultondan ichkariga derazadan kirib ochib berishni so‘raydi. Buni ko‘rgan qo‘shnilar politsiyani chaqirishgan, qaytanga politsiya xodimi «osiyocha tashqi qiyofa» egalariga qo‘pollik qilgan, deyiladi.

Oysulton Nazarboyevning advokati Alisdeyr Uilyamsonning uqtirishicha, uning mijozi britan qonunlarini o‘ta hurmat qiladi, qochib ketishi, yashirinishi mumkin degan so‘zlar uning uchun haqoratdir. Shu boisdan ham advokat suddan Oysulton Nazarboyevni 90 ming funt garov puli evaziga ozodlikka chiqarishni va shu paytgacha yashab turgan xonadoniga qaytishga ruxsat berishini so‘ragan. Shu bilan birga u har kuni politsiyaga kelib hisob berib turish va kechasi uyda tunash majburiyatini olishini bildirgan. Bir e’tiborli jihat, advokat Oysulton Nazarboyevning giyohvandligiga iqror bo‘ldi va hozir uning uchun mos keluvchi klinika qidirilayotganini ma’lum qildi.

Yakunda sudya Filipp Barbel Nazarboyevni garov evaziga qo‘yib yuborishga roziligini bildirdi, faqat u davolanish uchun darhol shifoxonaga, yaxshisi, vaqtida musiqachilar Emmi Uaynxaus va Robbi Uilyams, futbolchi Jorj Best va aktyor Jonni Depp davolangan mashhur Priory shifoxonasiga yotqizilishi shart.

Ma’lumot uchun: Oysulton Nazarboyev — Qozog‘iston sobiq prezidentining katta qizi Darig‘a Nazarboyeva hamda Rohat Aliyev (marhum)ning o‘g‘li. Oysulton Nazarboyev Sandxerstdagi Qirollik akademiyasini bitirgan. 2013-yili «KazRosGaz» AJ rahbari Qayrat Boronbayevning qizi — Alima bilan turmush qurgan. Ularning bir qizi bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring