Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahon meteorologiya tashkiloti yetilib kelayotgan jiddiy xatardan ogohlantirdi

Jahon meteorologiya tashkiloti yetilib kelayotgan jiddiy xatardan ogohlantirdi

Foto: AFP

Yer sayyorasida so‘nggi 20 yilda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari butun dunyoda qurg‘oqchilikning avj olishiga olib keladi. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti e’lon qilgan hisobotda so‘z boradi.

«Suv taqchilligi ko‘plab mamlakatlar, xususan, Afrika uchun eng asosiy xavotirli muammo bo‘lib qolmoqda. Ikki milliarddan ziyod aholi suv taqchilligi kuzatilayotgan mamlakatlarda yashaydi. Ular toza ichimlik suv hamda sanitariya vositalari yo‘qligidan aziyat chekmoqda», – deydi Jahon meteorologiya tashkiloti bosh kotibi, professor Petteri Taalas.

Dunyo aholisi soni shiddat bilan o‘sayotgan bir paytda suv zaxiralari ham kamayib bormoqda. Xalqaro tashkilot hisobotiga ko‘ra, 2018 yili 3,6 milliard aholi yiliga bir oy bo‘lsa-da, suv muammosiga duch kelgan. 2050 yilga borib, mazkur raqam 5 milliardga yetishi kutilmoqda. 

O‘tgan yillar mobaynida qurg‘oqchilik ko‘rsatkichi 29 foizga oshdi. Ushbu ofat tufayli yuz berayotgan o‘limlar soni ham ko‘paymoqda.

Havo haroratining ko‘tarilishi insoniyat salomatligiga daxl qilib qolmay, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ham izdan chiqaradi. Gap shundaki, anomal issiq qurg‘oqchilikka, qurg‘oqchilik ochlikka olib boradi. Bu ikki ofat esa jamiyat barqarorligiga ayovsiz zarba beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Yaqin  Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarini ostin-ustun qilgan, “Arab bahori” deb atalgan qo‘zg‘olon va ommaviy tartibsizliklarga ham qurg‘oqchilik asosiy sabablardan biri bo‘lgan. Yarim million insonning yostig‘ini quritgan Suriyadagi fuqarolar urushi zamirida ham global siyosiy omillardan tashqari aynan iqlim o‘zgarishi ta’siri ham mavjud.

Jahon meteorologiya tashkiloti hisobotida qayd etilishicha, iqlim o‘zgarishi, havo haroratining o‘sishi tufayli global miqyosda yog‘ingarchilik ko‘rsatkichi o‘zgarib, qishloq xo‘jaligi mavsumi evrilishga yuz tutmoqda. Bu esa, pirovardida, insoniyatning salomatligi va farovonligiga zarba bermoqda.

Qurg‘oqchilik bilan bir paytda suv toshqinlari kuzatilmoqda. 2000 yildan buyon toshqinlar 134 foizga ko‘paygan. Iqtisodiy talafotlar va o‘limlarning asosiy qismi Osiyo hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ammo Yevropa hamda Amerika qit’alari ham toshqin ofatidan omonda qolayotgani yo‘q.

«O‘tgan yili favqulodda ko‘p miqdordagi yog‘in-sochin Yaponiya, Xitoy, Indoneziya, Nepal, Pokiston va Hindistonda keng ko‘lamli toshqinlarga olib keldi. Millionlab odamlar boshpanasini tark etdi, yuzlab kishi halok bo‘ldi. Toshqinlar faqat rivojlanayotgan mamlakatlarda jiddiy talafotlarga olib kelib qolmayotir. Halokatli toshqinlar Yevropada ham yuzlab o‘limlarga hamda yirik yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi», – deydi professor  Petteri Taalas.

Xalqaro tashkilot hisobotiga ko‘ra, suv balosini bartaraf etish, suv zaxiralaridan foydalanish tizimi dunyo bo‘ylab qoniqarli ahvolda emas. Shunga ko‘ra, mutaxassislar suv manbalaridan birgalikda foydalanish,  iqlim o‘zgarishlari xatarini kamaytirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish lozimligini uqtirgan.

Avval xabar berganimizdek, olimlar anomal issiq va iqlim o‘zgarishi sabab insoniyatni yaqin istiqbolda kutilmagan «sovg‘a»lar kutayotganini bashorat qilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring